XALQIMIZNING IQTISODIY VA MA’NAVIY QUDRATI IFODASI
Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28
Chorak asr oldin qishloq desa paxta dalasi, ishchi desa paxtakor, mashinasozlik desa paxta teruv mashinasini tasavvur qilgan odamga bir necha yildan so‘ng O‘zbekiston dunyoda avtomobil ishlab chiqaradigan mamlakatlar qatorida bo‘ladi, desangiz qay ahvolga tushardi?! To‘g‘ri-da, bug‘doyni ham chetdan keltirishga majbur bo‘lgan agrar respublikada mustaqillikka erishganidan keyin atigi besh yil o‘tib eng murakkab, zamonaviy sanoat tarmog‘i – avtomobilsozlikka asos solinishi dunyoda kuzatilmagan voqelikdir.
O‘tayotgan har bir kun bizni mamlakatimiz tarixidagi eng ulug‘ sana – istiqlolning 25-yillik to‘yiga yaqinlashtirmoqda. Ana shunday shukuhli damlarda yurtdoshlarimizning har biri hayotiga yanada teranroq nazar tashlab, kim edigu kim bo‘ldik, degan savolga javob qidirishi tabiiy. Zero, Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida mamlakatimizda tarixan qisqa davrda amalga oshirilgan huquqiy demokratik davlat, kuchli fuqarolik jamiyatini barpo etish, iqtisodiyotimizni tarkibiy o‘zgartirish va rivojlangan davlatlar qatoridan munosib joy olishga qaratilgan izchil islohotlar xalqimizning ulkan yaratuvchanlik va intellektual salohiyatini Vatanimiz ravnaqi, hech kimdan kam bo‘lmay yashashimiz, buyuk orzularimiz ro‘yobi yo‘lida safarbar etish imkonini berdi.
Dunyoning yetakchi tahlilchilari mamlakatimiz iqtisodiy taraqqiyoti sirini ochish ustida bosh qotirib kelmoqda. 90-yillarning boshidayoq bozor iqtisodiyotiga o‘tishning standart shakllaridan voz kechgan bo‘lsa-da, bir necha yil o‘tib sobiq ittifoq respublikalari o‘rtasida birinchilardan bo‘lib O‘zbekistonda yalpi ichki mahsulot o‘sishiga erishilishi, kam ta’minlangan aholi qatlamlarini kuchli ijtimoiy himoyalash tizimining joriy qilinishi, neft, g‘alla singari strategik ahamiyatga ega mahsulotlar bilan o‘zini o‘zi ta’minlay boshlashi – bularning barchasi xalqaro jamoatchilik uchun kutilmagan voqelik bo‘ldi.
Bundan yigirma yil avval Asaka avtomobil zavodi ishga tushdi. 1996-yil 19-iyul kuni Asakada «O‘zDEUavto» qo‘shma korxonasining rasmiy ochilish marosimi bo‘ldi.
Prezidentimiz Islom Karimov o‘sha tantanali marosimda bunday dedi: «O‘zimizning yurtimizda ham, uzoq va yaqin qo‘shnilarimiz ham yaxshi tushunadiki, bunday ulkan zavodni qurish uchun nafaqat iqtisodiy va moliyaviy imkoniyatlarga, balki katta ma’naviy qudratga, qolaversa, katta yurakka ham ega bo‘lish kerak».
Avtomobilsozlik dunyo sanoatining eng peshqadam tarmoqlaridan biri hisoblanadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, jahon yalpi ichki mahsulotining qariyb o‘n foizini shakllantirayotgan ushbu tarmoq iqtisodiyotni chuqur tarkibiy o‘zgartirishga qodir. Binobarin, avtomobilsozlik ishlab chiqarishga eng ilg‘or va murakkab texnologiyalarning keng jalb etilishi, mahsulotlarning ulkan qo‘shimcha qiymatga ega bo‘lishini ta’minlaydigan qayta ishlash tarmoqlarining vujudga kelishini rag‘batlantirish orqali iqtisodiyotning raqobatbardoshligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Tarmoqda yaratilayotgan har bir ish o‘rni boshqa tarmoqlarda yettidan o‘n beshtagacha ish joyi ochilishiga, mamlakatda yuqori malakali mutaxassislarga bo‘lgan talabning ortishiga zamin yaratadi.
Yuz xildan ko‘p
Mustaqillikka qadar yengil avtomobilga ega bo‘lish har kimga ham nasib etmasdi. Mutlaqo yangi texnologiyalar, eng ilg‘or talablar asosida ishlab chiqarilgan milliy avtomobilsozlikning ilk namunalari – «Damas», «Nexia» va «Tico» yurtimiz yo‘llarida paydo bo‘lishi avtomobillar haqidagi tasavvurlarimizda, ta’bir joiz bo‘lsa, inqilob yuz berishiga sabab bo‘ldi.
Davlatimiz rahbari tomonidan sohaga alohida e’tibor qaratilib, ishlab chiqarishga zamonaviy texnologiyalar jalb qilinishi, modernizatsiyalash tadbirlarining izchil amalga oshirilishi samarasida milliy avtomobilsozlik jadal rivojlanayotgan sanoat tarmog‘iga aylandi. Binobarin, o‘tgan davr mobaynida Toshkent shahri, Andijon, Samarqand va Xorazm viloyatlarida zamonaviy korxonalar barpo etilib, yurtimizda ishlab chiqarilayotgan yengil va yuk avtomobillari, maxsus transport vositalarining turi yuztadan oshib ketdi!
Asaka avtomobil zavodi o‘z faoliyati ko‘lamini yil sayin kengaytirib bordi. Milliy avtomobilsozlikda yangi rusumlar paydo bo‘ldi. 2001-yilning avgust oyida «Matiz» xetchbeki, 2002-yilning sentabrida yangi rusumdagi «Nexia DOHC» sedani taqdim etildi.
Kompaniya deyarli har yili xaridorlarni yangiliklar bilan xushnud etib kelmoqda. 2003-yilda avtomobil sanoatimiz «Lacetti» rusumidagi avtomashina ishlab chiqarishni o‘zlashtirdi. 2004-yilning dekabr oyida bir litr hajmli dvigatel va avtomat uzatmalar qutisiga ega «Matiz Best», 2006-yilning fevral oyidan yangi «Damas II» avtomashinalari ishlab chiqarila boshlandi.
2008-yilda tarmoqdagi to‘ng‘ich korxona – Asaka avtomobil zavodi hayotida yangi davr boshlandi. Uning negizida «O‘zavtosanoat» aksiyadorlik kompaniyasi hamda «General Motors» kompaniyasi ta’sischiligida «GM Uzbekistan» qo‘shma korxonasi tashkil etildi. O‘zbek avtomobillari safi yangi, zamonaviy va sifatli avtomobillar hisobiga yanada kengaya boshladi. 2010-yilda ancha takomillashtirilgan va texnologik ixchamlashtirilgan «Chevrolet Spark», 2011-yilda modernizatsiya qilingan «Chevrolet Captiva», 2012-yilda «Chevrolet Malibu», 2013-yilda «Chevrolet Cobalt» avtomobili ishlab chiqarila boshlandi. So‘nggi yillarda milliy avtosanoatimiz avtomobillari qatoriga yangi rusumdagi mashinalar qo‘shildi. Xususan, yangilangan «Lacetti», 2014-yil boshida «Orlando» oilaviy avtomobili namoyish etildi.
– 2015-yilning iyul oyida «GM Uzbekistan» aksiyadorlik jamiyati yangi – «Labo» avtomobilini omma e’tiboriga havola qildi, – deydi «O‘zavtosanoat» aksiyadorlik kompaniyasi boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Alisher Komilov. – Compact LCV avtomobillar toifasiga kiradigan mazkur avtomobil kichik hajmli yuklarni tashishda juda qo‘l kelishi bilan ajralib turadi. Ushbu transport vositasi qisqa fursatda «Damas» va «Orlando» rusumidagi avtomobillarni ishlab chiqarishni o‘zlashtirgan «Xorazm avto» zavodining navbatdagi muvaffaqiyatli loyihasi bo‘ldi.
«Nexia»ni mamlakatimiz avtomobilsozligining eng muvaffaqiyatli loyihalaridan biri sifatida ko‘rsatish mumkin. Ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur rusumning birinchi va ikkinchi avlodidan mamlakatimizning o‘zida bir milliondan ziyodrog‘i sotilgan. Joriy yilning 27-may kuni mamlakatimiz avtomobilsozlari jamoatchilikka «Nexia»ning uchinchi avlodini taqdim etdi. Ushbu mashina nafaqat dizayni, balki dvigatel imkoniyatlari, xavfsizligi va qulayligi yanada oshirilgan butunlay yangi avtomobildir.
Mustaqilligimizning 25-yilligiga munosib tuhfa bo‘lgan mazkur avtomashina «GM Uzbekistan» zavodlaridan chiqayotgan o‘n birinchi model bo‘ldi.
Mamlakatimiz avtomobillari nafaqat mahalliy, balki xorijiy bozorlarda ham o‘z o‘rnini topdi. Zamonaviy dizayni va texnik imkoniyatlari bilan iste’molchilar ishonchini qozongan avtomobillarimizni bugungi kunda dunyoning ko‘plab mamlakatlarida uchratish mumkin.
Mahalliylashtirish dasturi samaralari
Mahalliylashtirish avtomobilsozlikni rivojlantirish va uning ishlab chiqarish salohiyatini oshirishning ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. Bu iqtisodiyotimizni izchil va barqaror rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari tashkil etish, ishlab chiqarishga zamonaviy, samarali texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish imkonini beradi. Eng muhimi, mahalliy xomashyo va ishlab chiqarish resurslaridan kengroq foydalanish, raqobatbardosh mahsulotlar tayyorlashni rag‘batlantirish va butlovchi qismlar importini qisqartirish hisobiga valyutani tejashga xizmat qiladi.
Bugun mamlakatimizda bamperlar, avtoemallar, germetiklar, sanoat bo‘yoqlari, tutun chiqargichlar, yonilg‘i baklari, yonilg‘i nasoslari, avtomobil oynalari va o‘rindiqlari, akkumulyatorlar, elektr o‘tkazgichlar uchun jgutlar, avtomobil salonining ichki qoplash qismlari, tashqi yoritish vositalari, yonilg‘i moyi va havo filtrlari, kapsulalangan oynalar, generatorlar hamda kompressorlar, g‘ildirak disklari, shuningdek, shassi uzellari va boshqa mahsulotlar ishlab chiqaruvchi ko‘plab korxonalar faoliyat ko‘rsatmoqda. Dastlabki yillarda «O‘z-DongJu», «O‘z-DongVon», «O‘z-TongXong», «O‘z-SeMyung» kabi o‘nga yaqin qo‘shma korxona tashkil etilgan bo‘lsa, hozirgi paytda «O‘zavtosanoat» AK tarkibida 35 dan ortiq yirik ishlab chiqarish subyektlari faoliyat ko‘rsatayapti.
2011-yilda «General Motors» kompaniyasi bilan hamkorlikda dvigatellar ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan «General Motors Powertrain Uzbekistan» qo‘shma korxonasi faoliyati yo‘lga qo‘yilganini alohida ta’kidlash joiz. Mahalliylashtirish dasturi asosida tashkil qilingan mazkur korxona yiliga 225 mingdan ortiq dvigatel ishlab chiqarish quvvatiga ega. «Evro-5» xalqaro ekologik standartlari asosida tayyorlanayotgan dvigatellar Asaka avtomobil zavodiga yetkazib berilishi bilan birga eksport qilinayotgani ham e’tiborga loyiqdir.
Prezidentimiz Islom Karimovning 2015-yil 11-fevraldagi qarori bilan tasdiqlangan 2015-2019-yillarda tayyor mahsulotlar, butlovchi qismlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturi soha korxonalari uchun keng imkoniyatlar yaratmoqda. Dasturga muvofiq «O‘zavtosanoat» korxonalarida amortizator, spidometr, avtomobillar uchun rezinotexnik buyumlar, kichkina va statsionar batareya, radiator, konditsioner va shovqinni to‘suvchi materiallar kabi 30 turdan ziyod sanoat mahsulotlari mahalliylashtirilishi ko‘zda tutilgan.
Mamlakatimiz avtomobilsozlik sohasi jamiyatning boshqa turdosh sohalarga ham ijobiy ta’sir o‘tkazib, bandlikni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etayotir. Hozirgi paytda kompaniya tizimida 27 mingdan ziyod kishi mehnat qilayotgani buning yaqqol dalilidir.
Kichik biznesga qanot bo‘lib
Mamlakatimizda ishlab chiqarish tarmoqlarining taraqqiy etishi transport xizmatlariga bo‘lgan talabning keskin oshishiga olib keldi. Bu yo‘l-transport kommunikatsiyalarini rivojlantirish barobarida yuk avtomobillari parkini yangilash, turlarini ko‘paytirish zaruratini keltirib chiqardi.
90-yillarda aksariyat yuk transport vositalari butkul eskirgani, qolaversa, narx belgilashda ko‘proq avtomobilning yuk ko‘tarish qobiliyatidan kelib chiqilgani oqibatida tashish xarajatlari mahsulot raqobatbardoshligiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi omillardan biriga aylangandi. Bu, ayniqsa, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik vakillari uchun qimmatga tushmoqda edi.
Mamlakatimiz avtomobilsozlik tarmog‘ini rivojlantirishda ushbu jihatlar alohida e’tiborga olingani 2007-yilda Samarqand avtomobil zavodida uch turdagi yuk mashinasi ishlab chiqarishning boshlanishida namoyon bo‘ldi.
Yaponiyaning “Isuzu Motors Ltd” va “Itochu Corporation” kompaniyalari bilan hamkorlikda tashkil etilgan mazkur zavodda kichik, o‘rta, og‘ir yuk tashuvchi avtomobillar bilan bir qatorda, avtobuslar ishlab chiqarish ham o‘zlashtirilgan. Zavodning yosh muhandislari sa’y-harakati bilan yigirmadan ziyod kuzov modifikatsiyalari, xususan, bortli, yengil hamda izotermik furgonlar, refrijeratorlar, oziq-ovqat mahsulotlari tashishga mo‘ljallangan mashinalar, o‘ziag‘dargich (samosval) va o‘t o‘chirish avtomobillari, ko‘chma (mobil) qon quyish stansiyalari hamda dorixonalar, gaz-qutqaruv, maxsus transport vositalari yaratilib, seriyali ishlab chiqarilmoqda.
Tabiiy gazda harakatlanishga moslashtirilgan yuk avtomobillari ishlab chiqarishning yo‘lga qo‘yilgani mamlakatimizda transport ekspluatatsiyasi xarajatlarini qisqartirish, ekologik toza yoqilg‘i manbalaridan foydalanish ko‘lamining ortishiga xizmat qilmoqda.
Prezidentimizning 2011-yil 16-fevraldagi «Og‘ir yuk ko‘taradigan avtotransport vositalarini ishlab chiqarishni kelgusida rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq, mamlakatimizda og‘ir yuk tashuvchi «MAN» avtomobillari ishlab chiqarish va ularga xizmat ko‘rsatish majmuasi qurilishiga asos solindi.
Hozirgi kunda «JV MAN Auto Uzbekistan» O‘zbekiston – Germaniya qo‘shma korxonasida 15 tonnadan 40 tonnagacha yuk ko‘tarish quvvatiga ega 50 dan ortiq turdagi zamonaviy hamda ishonchli yuk avtomobillari ishlab chiqarilmoqda. Ularga «UzAuto Trailer» korxonasi tomonidan ishlab chiqarilayotgan tirkamalar o‘rnatilib, iste’molchilarga yetkazib berilmoqda.
Har bir xonadonda
Avtomobil aholining uzog‘ini yaqin qiladigan, hayot sifatini oshiradigan vositalardan biri. Mustaqillik yillarida xalqimiz turmush darajasi naqadar yuksalganini birgina shu jihat orqali ham anglash, his qilish mumkin. Bugun mamlakatimizda har 100 oilaning 42 tasi yengil avtomobilga ega.
– Avvallari hovli-joy deganda bir necha xonadan iborat uy tushunilardi, – deydi Baxmal tumanida yashovchi Bahriddin Tursunov. – Endilikda uy qurish mashina qo‘yiladigan joyni tiklashdan boshlanadigan bo‘ldi.
Muxtasar qilib aytganda, taraqqiyotning “o‘zbek modeli” yorqin in’ikosi bo‘lgan mamlakatimiz avtomobil sanoati yigirma yilda tez va barqaror sur’atlarda rivojlanib, mustaqillikning mustahkam sanoat tarmog‘iga aylandi. Ayni vaqtda 52 avtomobil ishlab chiqaruvchi davlatdan biri bo‘lgan mamlakatimiz ishlab chiqarish quvvatlari bo‘yicha birinchi o‘ttiztalikdan joy olgani milliy avtosanoatning xalqaro nufuzi tobora ortayotganidan dalolat beradi. Bularning barchasi istiqlolimizning ilk kunlarida Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan O‘zbekiston – kelajagi buyuk davlat, degan g‘oya – oliy orzuimizning ruyobga chiqayotganining amaliy tasdig‘idir.
O’zA