XELSINKIDA ZAMONAVIY O’ZBEKISTON TAQDIMOTI
















Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28

Finlyandiya poytaxtida mamlakatimizga bag’ishlangan seminar-taqdimot bo’lib o’tdi. O’zbekiston Respublikasining Latviyadagi elchixonasi tomonidan tashkil etilgan ushbu tadbirda Finlyandiyaning rasmiy, ijtimoiy-siyosiy va ishbilarmon doiralari vakillari qatnashdilar.
Mamlakatimizda ro’y berayotgan ijtimoiy-siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy o’zgarishlar hamda O’zbekiston va Finlyandiya o’rtasidagi savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy hamkorlikning hozirgi holati va istiqbollari bilan bog’liq masalalar muloqotlarning asosiy mavzusi bo’ldi. Mamlakatimizda iqtisodiyot va uning yetakchi tarmoqlari rivojlanishining barqaror yuqori sur’atlariga erishilgani hamda xorijlik sarmoyadorlarga qulay sharoitlar yaratilgani alohida ta’kidlandi.
Shu bilan birga, yurtimizda keksa avlod vakillarining turmush darajasi va sifatini yanada oshirish, ularning moddiy va ma’naviy jihatdan qo’llab-quvvatlanishi qamrovini kengaytirish, ijtimoiy, nafaqa va tabobat xizmatlari ko’rsatilishini takomillashtirishga katta e’tibor qaratilayotgani ham tadbir ishtirokchilarining e’tiboriga havola etildi. Bu o’rinda 2015-yil O’zbekistonda “Keksalarni e’zozlash yili” deb e’lon qilingani va shuning munosabati bilan ishlab chiqilgan Davlat dasturi muvaffaqiyatli ravishda hayotga tadbiq etilayotganiga urg’u berildi.
Tadbir chog’ida O’zbekiston yalpi ichki mahsulotining yillik o’sishi so’nggi yillar davomida 8 foizdan ziyodni tashkil etayotgani ma’lum qilindi. Qayd etilganidek, bank tizimidagi islohotlar iqtisodiyotimizning barqaror o’sish sur’atlarini ta’minlashda eng muhim omil bo’ldi. Buning natijasida tijorat banklarining jami kapitali 25 foizga oshdi. So’nggi yillar davomida Moody’s, Standard & Poor’s va Fitch Ratings kabi yetakchi reyting agentliklari O’zbekiston bank tizimi faoliyatini «barqaror» deb baholamoqda.
Shuningdek, mamlakatimizda olib borilayotgan sarmoyaviy siyosatning o’ziga xos jihati yangi yuqori texnologiyaga asoslangan ishlab chiqarishga, mahalliy xom ashyo resurslarining chuqur qayta ishlanishini ta’minlaydigan qo’shma loyihalarga ustuvor darajada ahamiyat berilayotgani bilan izohlanishi alohida ta’kidlandi. Investorlarga keng soliq imtiyozlari va preferensiyalar berilgan «Angren» maxsus industrial zonasi, «Navoiy» erkin industrial-iqtisodiy zonasi, «Jizzax» maxsus industrial zonasining tashkil etilgani yuqori texnologiyalarga asoslangan korxonalarni rivojlantirish imkonini kengaytirdi. Ushbu zonalar uchun zarur tashqi muhandislik va transport infratuzilmasi to’liq respublika mablag’lari hisobidan barpo etilmoqda.
Seminar-taqdimot chog’ida O’zbekistonda muqobil energiya manbalarini rivojlantirish bilan bog’liq loyihalar finlyandiyalik ishbilarmonlarda katta qiziqish uyg’otdi. Jumladan, Finwind, Flinkenberg, Nocart, Suntrika singari kompaniyalar tomonidan “O’zbekistonda 293 ta qishloq vrachlik punktlarini fotoelektr stansiyalari bilan jihozlash” loyihasining amalga oshirilishida ishtirok etish yuzasidan qiziqish bildirildi.
“Jahon” AA