XITOYDA BO‘LIB O‘TGAN DAVRA SUHBATI MUHIM SANAGA BAG‘ISHLANDI
Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28
Pekinda joylashgan Xitoy Fanlar akademiyasining Rossiya, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo institutida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 26 yilligiga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Mamlakatimizning Xitoy Xalq Respublikasidagi elchixonasi tomonidan tashkil etilgan ushbu tadbirda Rossiya, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo instituti hamda Xitoydagi boshqa ilmiy-tadqiqot institutlarining vakillari, Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘yicha qator ekspertlar, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti vakillari ishtirok etdilar.
Tadbirda Bosh qomusimizning mazmun-mohiyati va ustuvor tamoyillari haqida atroflicha so‘z yuritilar ekan, mamlakatimizning mustaqil va suveren davlat sifatida shakllanishida Konstitutsiyaning tutgan o‘rni hamda ahamiyati, bu Asosiy qonunimiz o‘zbek xalqining uzoq yillar orzu qilgan milliy mustaqillik va rivojlanish yo‘lini, insonning huquq-erkinliklari kafolatlarini belgilab bergani, shuningdek, jamiyat hamda davlat faoliyatining barcha sohalarini isloh qilish uchun mustahkam huquqiy zamin yaratgani bilan bog‘liq ma’lumotlar davra suhbati ishtirokchilarining e’tiboriga havola etildi.
Mamlakatimizning Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida huquqiy demokratik davlat barpo etish yo‘lida ishonch bilan oldinga harakatlanayotgani va bunda respublikamiz Konstitutsiyasi asosiy huquqiy hujjat sifatida juda muhim ahamiyat kasb etayotgani xitoylik ekspertlar tomonidan ham qayd etildi.
Ular O‘zbekiston Konstitutsiyasi yurtimizda siyosiy barqarorlikni ta’minlash bilan birga davlat va jamiyat taraqqiyotiga ham xizmat qilayotganini ta’kidladilar.
Jumladan, Rossiya, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo instituti direktorining o‘rinbosari Sun Li so‘nggi ikki yil mobaynida yurtimizda qo‘lga kiritilgan muvaffaqiyatlarni tahlil etar ekan, 2017 — 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish doirasida mamlakatimiz o‘zining xalqaro munosabatlarning to‘la huquqli sub’ekti sifatidagi o‘rnini yanada mustahkamlash, rivojlangan demokratik davlatlar qatoridan munosib joy olish, O‘zbekiston atrofida xavfsizlik, barqarorlik va yaqin qo‘shnichilik muhitini yaratish bo‘yicha izchil chora-tadbirlarni amalga oshirayotganini qayd etdi. “O‘zbekiston Konstitutsiyasi uzoq muddatli ijtimoiy-siyosiy barqarorlikka hamda mamlakat ijtimoiy hayotidagi juda katta ijobiy o‘zgarishlarga zamin bo‘lmoqda. U mohiyatan jamiyat hayotining barcha sohalaridagi tizimli islohotlarning tom ma’nodagi dasturilamaliga aylangani ayni haqiqatdir”, dedi u.
Mazkur institut bosh ilmiy xodimi Chjao Chansinning fikr bildirishicha, respublikamiz Konstitutsiyasi mustaqillikni mustahkamlash va davlat qurilishini rivojlantirish bilan birga barqarorlikni ta’minlashga hamda mamlakatimizning jahon hamjamiyatiga integratsiyalashuviga ham xizmat qilayotganini aytdi.
— O‘zbekiston hamisha mustaqil va tinchliksevar tashqi siyosat yuritgan, - dedi Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekistondagi sobiq elchisi Chjan Chji Min. - Respublika rahbariyati chuqur va puxta o‘ylangan tashqi siyosat olib borayotgani tufayli mamlakatning jahon hamjamiyatidagi obro‘-e’tibori tobora yuksalmoqda.
— Bugun institutimizda O‘zbekiston Konstitutsiyasi qabul qilinganining 26 yilligiga bag‘ishlangan tadbir uyushtirilgani, mamlakatingizning Pekindagi elchixonasi hamda Toshkentdagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti vakillari mehmonimiz bo‘lgani bizni behad quvontirdi, - dedi ushbu institut direktori Sun Chjuan Chji “Dunyo” axborot agentligi muxbiri bilan bo‘lib o‘tgan suhbat chog‘ida. - Davra suhbati chog‘ida O‘zbekistonning zamonaviy ijtimoiy-siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy hayotida respublika Konstitutsiyasi naqadar muhim o‘rin tutayotgani haqida atroflicha fikr almashganimiz barobarida Xitoy va O‘zbekistonning ikki tomonlama aloqalari, ularning istiqbollari bilan bog‘liq masalalarni ham muhokama etishga muvaffaq bo‘ldik. Bugun tadbirning barcha qatnashchilari mamlakatlarimiz o‘rtasidagi siyosat, iqtisodiyot, xavfsizlik sohalaridagi, shuningdek, Shanxay Hamkorlik Tashkiloti doirasidagi o‘zaro hamkorlik munosabatlari faol rivojlanib borayotganini yakdillik e’tirof etishdi. Biz ham Xitoy va O‘zbekiston aloqalarini yanada rivojlantirish va chuqurlashtirish bo‘yicha o‘z takliflarimizni bayon etdik.
Ushbu fursatdan foydalanib, mamlakatingiz xalqini muhim sana – Konstitutsiya kuni bayrami bilan muborakbod etaman. O‘zbekistonga, respublikangiz xalqiga Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida amalga oshirilayotgan islohotlar yo‘lida ulkan muvaffaqiyatlar tilayman.
Davra suhbati o‘zaro savol-javoblarga boy bo‘ldi. Tadbir doirasida Xitoy Fanlar akademiyasining Rossiya, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo instituti hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti o‘rtasidagi hamkorlik munosabatlari ko‘lamlarini yanada kengaytirish, o‘zaro aloqalarni huquqiy jihatdan mustahkamlash maqsadida ikki institut o‘rtasida tegishli hujjatni imzolash yuzasidan kelishuvga erishildi.
“Dunyo” AA, Pekin