Xitoyning “Psearcher” nashri Xalqaro maqom san’ati anjumani haqida
















Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28

Yaqinda Xitoydagi “Psearcher” noshirlik kompaniyasining veb-sahifasida “Shahrisabz Xalqaro maqom san’ati anjumaniga chorlaydi” sarlavhali maqola xitoy tilida e’lon qilindi.
Nashr joriy yil 6 – 10 sentabr kunlari O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan Xalqaro maqom san’ati anjumani haqidagi ma’lumotlarni o‘z o‘quvchilarining e’tiboriga havola etar ekan, ko‘hna va hamisha navqiron Samarqand shahri janubidan 80 kilometr masofada joylashgan ko‘hna Shahrisabz shahri ushbu xalqaro madaniy tadbir o‘tkaziladigan maskan sifatida belgilanganini ma’lum qilgan.
“Shahrisabz mamlakatning eng rangin, go‘zal go‘shalaridan biri hisoblanadi. Zamonaviy shaharning chor atrofiga nazar tashlar ekansiz, Shahrisabz 2700 yoshda ekanligiga, u Markaziy Osiyo mintaqasi tarixida salmoqli o‘rin tutganiga ishonish qiyinligini his etasiz. Qadimda Shahrisabz ko‘hna So‘g‘d davlatining poytaxti bo‘lib, Kesh deb atalgan. U madaniyat, savdo va hunarmandchilikning mashhur markazi bo‘lgan”, deb yozadi nashr.
“Psearcher” buyuk sohibqiron Amir Temur bu shaharga yaqin bo‘lgan Xo‘ja Ilg‘or qishlog‘ida tavallud topgani haqida to‘xtalar ekan, u hukmdor bo‘lganidan so‘ng Shahrisabzni o‘z qarorgohiga aylantirgani va Oq saroy deb atalmish ajoyib saroy qurishga amr qilganini qalamga olgan. Qadimgi Kesh hozirgi paytda Shahrisabz, deb atalishi va bu fors tilida “Yashil shahar” ma’nosini anglatishi ham xitoylik o‘quvchilarga ma’lum qilingan.
Shuningdek, bu ko‘hna shahar markazi, uning bag‘rida joylashgan qator tarixiy me’moriy obidalar YuNYeSKOning Jahon madaniy merosi ro‘yxatidan joy olgani ham maqolada alohida ta’kidlangan. “Siz bu yerda ko‘hna Oq saroy maydonidan tashqari Dorut Tilovat majmuasi, Ko‘k gumbaz masjidi, Dorus Saodat maqbarasi va boshqa qator tarixiy qadamjolar bilan tanishishingiz mumkin”, deb yozadi nashr.
O‘z-o‘zidan ayonki, maqolada asosiy e’tibor Xalqaro maqom san’ati anjumani haqidagi ma’lumotlarga qaratilgan.
Unda mazkur xalqaro madaniy forum O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan o‘zbek maqomi hamda boshqa xalqlarning turdosh va nomdosh musiqa janrlarini qamrab olish, ular bilan yaqindan ilmiy va ijodiy muloqotlar va hamkorlik qilish, madaniy-ma’naviy munosabatlarni xalqaro miqyosda kengaytirish maqsadida tashkil etilayotgani alohida ta’kidlanadi.
Shu bilan birga, maqolada maqom san’ati Buyuk Ipak yo‘li bo‘yida joylashgan mamlakatlarda betakror mumtoz san’at yo‘nalishi sifatida qadrlanishi, Shashmaqom musiqasi " YuNYeSKO tomonidan "Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi durdonasi" deb tan olingani va 2008 yildan boshlab YuNYeSKOning Reprezentativ ro‘yxatiga kiritilgani ham qayd etiladi.
Yuqoridagilardan tashqari, ushbu xalqaro anjuman doirasida jahon va O‘zbekiston maqomot san’ati ustalarining konsertlari, maqom ansambllari, xonanda va sozandalarning ko‘rik-tanlovi va boshqa tadbirlar, shuningdek, “Maqom musiqa san’ati va uning jahon sivilizatsiyasida tutgan o‘rni” mavzusiga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tishi ham ko‘p sonli xitoylik o‘quvchilarning e’tiboriga havola qilingan.
“Dunyo” AA