XORIJLIK ZIYORATCHILAR BUXORODA
Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28
O‘zbekiston sayyohlik ko‘lami va tarixiy qadamjolari ko‘pligi bo‘yicha jahonda yetakchi o‘n davlat qatorida turadi. Yurtimizda minglab tarixiy, madaniy yodgorliklar mavjud. Buxoro viloyatidagi bir necha madaniy obyektlar YuNESKOning Jahon madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan.
Indoneziya va Malayziyadan kelgan sayyohlar ishtirokida Bahouddin Naqshband yodgorlik majmuasida o‘tkazilgan anjumanda bu alohida ta’kidlandi. O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va O‘zbekiston musulmonlari idorasi viloyat vakilligi hamkorligida tashkil etilgan tadbir Buxoro sayyohlik salohiyati taqdimotiga bag‘ishlandi.
Qadimiy yodgorliklari bilan dunyoga mashhur Buxoro zamini tarixiy-madaniy obidalarga boy, ayni paytda ziyorat turizmi imkoniyatlari ham keng. Ziyorat turizmini yo‘lga qo‘yishda O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining Indoneziya va Malayziya mamlakatlaridagi mutasaddilari bilan hamkorlik muhim ahamiyat kasb etayotir.
Xorijlik mehmonlar Bahouddin Naqshband qabrini ziyorat qildi.
– Indoneziyada Buxoro zaminida tug‘ilib voyaga yetgan buyuk muhaddis Imom Buxoriyni yaxshi bilishadi, – deydi ushbu mamlakatdan kelgan sayyoh Asxari Nuriddin. – Malayziyadagi singari Indoneziyada ham Naqshbandiya tariqati keng tarqalgan. Ta’limoti qalb go‘zalligi, ruhiy kamolot, halollik kabi qadriyatlar bilan uzviy bog‘liq bu tariqatga ergashuvchilar ko‘p. Bugun biz ko‘pdan buyon orzu qilib yurgan ziyoratgohda turganimizdan g‘oyatda mamnunmiz. Buning uchun Yaratganga hamdlar aytamiz. Islom madaniyati rivojiga ulkan hissa qo‘shgan ulug‘ zot Bahouddin Naqshband hazratlari qadamjosi nihoyatda obod ekanini ko‘rib, hayratga tushdik.
Xorijlik ziyoratchilar Poyi Kalon majmuasi, uning tarkibiga kiruvchi Masjidi Kalonda ham bo‘ldi. Bu yerda 10 ming kishiga mo‘ljallangan jom’e masjidi tarixi, binoning me’moriy ulug‘vorligi, ibodatchilar uchun yaratilgan qulayliklar mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.
Mehmonlar Ismoil Somoniy maqbarasi, Labi hovuz majmuasi, qadimiy Ark qal’asi, Sitorai Mohi Xosa xalq amaliy san’ati muzeyi, xattotlik san’ati, milliy hunarmandlik namunalari bilan tanishdi.
– Men ko‘plab Sharq davlatlarida bo‘lganman, lekin bunday ertaknamo shaharni, mehmondo‘st odamlarni hech qayerda ko‘rmaganman, – deydi malayziyalik me’mor Zaytun Muhammad No. – Buxoroga to‘rtinchi bor kelishim. Har gal xuddi birinchi marta kelganday hayajonga tushaman. Qadimiy shaharlarning har biri o‘zicha betakror, go‘zal. Lekin Buxoro baribir Buxoro-da. Negaki, bu yerdan nafaqat boy taassurot olasan, balki qalbing qandaydir taskin topadi, ko‘ngling xotirjam bo‘ladi. Bu uning benazirligidan, buyukligidan, deb bilaman. Har bir me’moriy obida o‘ziga xos ranglar bilan bezatilgan, uslublar jilosi o‘zgacha, teran falsafiy ma’noga ega. So‘z bilan ifodalab bo‘lmaydigan maftunkor sehr bor. Ular o‘zbek xalqining buyuk bunyodkorlik salohiyatini ko‘z-ko‘z etib turadi.
– Buxoro haqida ko‘p eshitganman, – deydi indoneziyalik Tango Sri Xarton. – Lekin bu yerda ko‘rganlarim tasavvur qilganlarimdan ham ziyoda ekan. Qanday ajoyib obidalar bor-a! O‘zingizni ertaklar olamida yurgandek his qilasiz. O‘zbekistonda tarixiy me’moriy obidalarni asrab-avaylash, ta’mirlash va ziyoratchiyu sayyohlar uchun sharoitlardan, qulayliklardan hayratimiz yanada ortdi. Buxoro kabi qadimiy shahar obidalari umuminsoniyat mulkidir. Biz Buxoroda ikki kun bo‘ldik, lekin ikki daqiqadek tuyuldi. Axir, bu yerdagi madaniy obidalarni, ma’naviy-ma’rifiy boyliklarni ko‘rish, undan zavq olish uchun bu juda kam vaqt. Qisqa fursatda olgan taassurotlarimiz umrimizga tatiydi. Ko‘chalar ozoda, mehmonxonalardagi xizmat joyida. Qayerda bo‘lmasin, xalqingizning samimiyligi, mehmondo‘stligini his qildik. Xudo xohlasa, albatta yana kelamiz.
Xorijlik mehmonlar orasida turistik kompaniya va firmalar, soha mutasaddilari ham bor. Ular o‘zbekistonlik hamkasblari bilan hamkorlikda ziyorat turizmini rivojlantirish borasida fikr almashdi.
O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bosh boshqarmasi boshlig‘i A.Temirxo‘jayevning ta’kidlashicha, qo‘mita boshqa mamlakatlar bilan ham sayyohlik aloqalarini mustahkamlash doirasida ziyorat turizmiga qiziquvchilar safarini uyushtirishga alohida e’tibor qaratadi.
O’zA