YANGI KITOBLAR TAQDIMOTI BO‘LIB O‘TDI
















Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28

Kitob – yaxshi xulq, yaxshi fazilatlar kaliti. Unga qanchalik yaqin bo‘lish va sevib mutolaa qilish inson ruhiyatini nurga, qalbini yaxshilik va ezgulikka to‘ldiradi. Shu sabab yangi kitoblarni chop etish eng ulug‘ ishdir.
Yaqinda kitob dunyosi O‘zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidovning «Tanlangan asarlar», uning qoraqalpoq tilida nashr etilgan «Ruhlar isyoni» dostoni va adabiyotshunos R.Inog‘omovning «Shoirlik qismati» kitoblari bilan boyitildi.
Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida ushbu yangi chop etilgan kitoblar taqdimoti o‘tkazildi. Unga adabiyotshunos olimlar, shoir va yozuvchilar, talabalar taklif etildi.
Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti rektori A.Marahimov, O‘zbekiston xalq shoiri A.Obidjon, “Yoshlik” jurnali bosh muharriri N.Jonuzoq va boshqalar Erkin Vohidovning ijodiy merosi yoshlarning ma’naviy olamini boyitish, adabiyotga qiziqishini uyg‘otish va ularni Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi. Bunday ezgu ishlarda shoir ijodini keng ommaga tanishtirish va u yaratgan asarlarni nashrga tayyorlash mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan nashriyotlarga katta mas’uliyat yuklaydi.
– O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 12-yanvardagi "Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibоt qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida"gi farmoyishi bu boradagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tardi, – deydi O‘zbekiston xalq shoiri Iqbol Mirzo. – Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti va O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi mazkur hujjat ijrosini ta’minlash maqsadida hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi. Unga ko‘ra, yoshlarning kitobxonlikka qiziqishini oshirish maqsadida shoir va yozuvchilar, ijodkorlar bilan uchrashuvlar hamda ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar birgalikda tashkil etiladi.
Erkin Vohidovning «Tanlangan asarlar» kitobi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining «Ijod» jamoat fondi tomonidan nashrga tayyorlanib, «Sharq» nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasida chop etildi. Shoirning qoraqalpoq tilida nashr etilgan «Ruhlar isyoni» dostonini Nukusdagi «Bilim» va adabiyotshunos R.Inog‘omovning «Shoirlik qismati» kitobini «Mashhur-press» nashriyotlari chiqardi.
– Bugungi tadbir biz uchun taassurotlarga boy bo‘ldi, – deydi Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti talabasi G.Kenjayeva. – Biz yangi chiqqan kitoblar haqida ma’lumotlar oldik. Bu tadbir biz, yoshlarni ulug‘ shoirimiz she’rlarini o‘qishga va kitob bilan oshno bo‘lishga undaydi.
Tadbirda taqdimoti o‘tkazilgan kitoblardan yuz nusxasi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan universitetning Axborot-resurs markaziga taqdim etildi.
Erkin Vohidov ijodiga bag‘ishlangan videorolik namoyishi va shoir ijodidan o‘qilgan namunalar tadbirga yanada fayz kiritdi.
O’zA