YANGI MARRALAR SARI PARVOZ
















Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Markaziy ko‘rgazmalar zalida Tasviriy va amaliy san’at festivalining g‘olib va sovrindorlarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi A.Nuriddinov va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida yurtimizda tasviriy san’atni rivojlantirish, ijodkorlarni har jihatdan qo‘llab-quvvatlash, ularning erkin va samarali faoliyat olib borishi uchun zarur sharoit va imkoniyatlarni yaratish masalasiga katta e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tomonidan o‘tkazilayotgan bir qator ijodiy loyihalar, san’at haftaliklari, ko‘rgazmalar, tanlovlar milliy tasviriy san’atimiz rivoji yo‘lida fidokorona mehnat qilayotgan ustozlar tajribalarini yosh avlodga yetkazish, milliy san’atimizning bebaho xazinasidan yurtdoshlarimizni keng bahramand etish imkonini bermoqda.
An’anaviy ravishda o‘tkazib kelinayotgan Tasviriy va amaliy san’at festivali mustaqillik yillarida rassomlik va dizayn, haykaltaroshlik, fotografiya, amaliy san’at yo‘nalishlarida erishilgan yutuqlarni san’at ixlosmandlariga namoyish etish, erishilgan natijalarni atroflicha muhokama va tahlil qilish, san’atga mehri baland yoshlarni har jihatdan qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Keksalarni e’zozlash yiliga bag‘ishlangan bu yilgi festivalda tasviriy san’at rivojiga munosib hissa qo‘shgan musavvirlar, haykaltaroshlar, usta-hunarmandlar, dizaynerlar, san’atshunoslarning ijod namunalari aks ettirilgan turkum ko‘rgazmalar bo‘lib o‘tdi. Talabalar uchun tashkil etilgan mahorat saboqlari san’at olamiga endi qadam qo‘ygan yosh iste’dodlarda unutilmas taassurot qoldirdi. Markaziy ko‘rgazmalar zali, Toshkent Fotosuratlar uyi, Kamoliddin Behzod memorial bog‘-muzeyi, Xalqaro madaniyat karvon saroyi, O‘zbekiston Tasviriy san’at galereyasida haykaltaroshlik, arxitektura muhitlari dizayni, amaliy-dekorativ san’at, xalq amaliy san’ati, dastgohli rangtasvir, grafika, miniatyura, xattotlik, teatr va kino rassomligi, fotografiya san’ati bo‘yicha mohir rassomlar va yosh ijodkorlarning eng sara ijod namunalari muxlislar e’tiboriga havola etildi.
Ayni paytda O‘zbekiston xalq rassomi Akmal Ikromjonov, O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi, haykaltarosh Damir Ro‘ziboyev, kulol Nazira Qo‘ziyeva hamda ularning shogirdlari shaxsiy ko‘rgazmalari festival ishtirokchilariga g‘oyat manzur bo‘ldi.
Joriy yildan boshlab yurtimizning turli hududlarida ijod qilayotgan rassomlarning asarlari bilan poytaxtimiz ahlini keng tanishtirish yo‘lga qo‘yildi. Jumladan, festival doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Navoiy va Sirdaryo viloyatlari rassomlari ijodi tomoshabinlar e’tiboriga havola etildi.
Milliy rassomlik va dizayn instituti talabalari ishlariga bag‘ishlangan spektakl-ko‘rgazma, milliy liboslar namoyishi, bolalar va yoshlar badiiy jamoalari ishtirokidagi konsert dasturlari festivalga yanada ko‘tarinkilik bag‘ishladi. San’atshunoslar, oliy ta’lim dargohlari professor-o‘qituvchilari ishtirokidagi anjumanlar san’atshunoslik istiqbollarini belgilash, milliy tasviriy san’atimizni talqin va tadqiq etishning yangi ufqlarini belgilashda muhim omil bo‘ldi.
– San’at anjumani yangicha yondashuvlarning yuzaga kelishi, ustoz-shogirdlar o‘rtasida yanada kengroq muloqot o‘rnatish, badiiy ta’lim sohasidagi jarayonlarni atroflicha tahlil etish imkonini berdi, – deydi O‘zbekiston xalq rassomi Bahodir Jalolov. – Shu bilan birga, mamlakatimiz iste’dodlarga nechog‘li boy ekani san’at bayrami orqali yana bir karra namoyon bo‘ldi. Bularning barchasi Prezidentimiz rahnamoligida ijod ahliga ko‘rsatilayotgan ulkan e’tiborning amaldagi yorqin namunasidir.
– Haftalik davomida ko‘plab yangiliklardan boxabar bo‘ldik, – deydi Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti talabasi Bekmurod Namozov. – Talabalarning ijodiy ishlari namoyish etilishi, ustoz musavvirlarning o‘git va maslahatlaridan bahramand bo‘lish rassomlikka endi kirib kelayotgan biz, yoshlar uchun o‘ziga xos maktab vazifasini o‘taydi.
Festivalda faol ishtirok etgan mo‘yqalam sohiblari, iste’dodli talaba-yoshlarga diplom va sovg‘alar topshirildi.
"Jahon" AA