Birinchi slide После первого Ikkinchi slide Uchinchi slide To'rtinchi slide Beshinchi slide Oltinchi slide Ettinchi slide Sakkizinchi slide
Bosh sahifa Doimiy vakolatxona Xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik Yangiliklar/tadbirlar O’zbekiston haqida Galereya

YANGILIKLAR XABARNOMASI №236

SHAVKAT MIRZIYOYEV Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori O’zbekistonning Investitsion Salohiyat Uchrashuvlar Uchrashuvlar XMT doirasidagi xamkorlik XMT doirasidagi xamkorlik BMT Mingyillik rivojlanish maqsadlari BMT Mingyillik rivojlanish maqsadlari Press-relizlar Press-relizlar Vakolatxona yangiliklari Vakolatxona yangiliklari Rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasi Rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasi O'zbekiston Respublikasi Mustaqillik kuni O’zbekiston Respublikasi Mustaqillik kuni Inson huquqlari bo'yicha O'zbekistonning inson huquq kengashiga nomzod Inson huquqlari bo’yicha O’zbekistonning inson huquq kengashiga nomzod Sayyohlik Sayyohlik 8-Dekabr O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni 8-Dekabr O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni O'zbekiston matbuoti daydjestlari O’zbekiston matbuoti daydjestlari 2022 — 2026 ЎЗБЕКИСТОН СТРАТЕГИЯСИ ТЎҒРИСИДА 2022 — 2026 ЎЗБЕКИСТОН СТРАТЕГИЯСИ ТЎҒРИСИДА Конституциявий ислоҳотлар Конституциявий ислоҳотлар Boshqa yangiliklar va voqealar Boshqa yangiliklar va voqealar
hamma resurslarni ko'rsatish
YANGILIKLAR XABARNOMASI №236

2018-yil 30-noyabr

PREZIDENT
Iqtisodiyotni innovatsiyalarni keng jalb etgan holda har tomonlama rivojlantirish – xalq farovonligini yuksaltirishning muhim omili

RASMIY
Tashqi savdo vazirligida O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi masalalari bo‘yicha vazir o‘rinbosari lavozimi joriy etildi

IQTISODIYOT: ISLOHOTLAR
O‘zbekistonning iqtisodiy islohotlariga mo‘ljallangan yo‘l xaritasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi

XALQARO MUNOSABATLAR
O‘zbekiston MDH Parlamentlararo assambleyasi to‘g‘risidagi Konvensiyaga qo‘shildi

Navbatdagi O‘zbekiston-Kanada siyosiy maslahatlashuvlari yakunlari to‘g‘risida

OAVDA MAQOLALAR
Trast fondining tuzilishi o‘zbek diplomatiyasining katta yutug‘idir

ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasining fuqaro aviatsiyasini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Oʻzbekiston Respublikasida milliy madaniyatni yanada rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida

PREZIDENT

Iqtisodiyotni innovatsiyalarni keng jalb etgan holda har tomonlama rivojlantirish – xalq farovonligini yuksaltirishning muhim omili
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joylarda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, yirik loyihalar bilan tanishish maqsadida 2018-yilning 29-noyabr kuni Xorazm viloyatiga keldi.
Davlatimiz rahbari Xorazmga tashriflari chogʻida viloyat iqtisodiyotini rivojlantirish, sanoat va qishloq xoʻjaligini tarkibiy oʻzgartirish, ijtimoiy obyektlar barpo etish va infratuzilmani yaxshilash, aholi farovonligini oshirish boʻyicha qator vazifalarni belgilab bergan edi.
Oʻtgan davrda hududda koʻplab yangi korxonalar, kichik biznes subyektlari tashkil etilib, keng koʻlamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Sanoat, transport, qishloq xoʻjaligi, turizm, taʼlim va boshqa sohalarda istiqbolli loyihalar hayotga tatbiq etildi. Yirik korxonalar, uy-joylar, taʼlim muassasalari, ijtimoiy-madaniy obyektlar qurildi. Yana koʻplab loyihalar boʻyicha ishlar davom ettirilmoqda.
Prezidentimiz viloyatga bu galgi safarini Shovot tumanidan boshladi.
Davlatimiz rahbari bundan ikki yil muqaddam “Uztex” kompaniyalar guruhiga Shovot tumanining chekka hududida yuqori texnologik imkoniyatlarga ega toʻqimachilik korxonasi tashkil etish va mahalliy aholini ish bilan taʼminlash yuzasidan topshiriqlar bergan edi.
Shu vaqt ichida ilgari mavjud boʻlgan korxona negizida ilgʻor texnologiyalar bilan jihozlangan, mingdan ortiq ish oʻrniga ega qoʻshma korxona ishga tushirildi.
Qiymati 65 million dollar boʻlgan loyihaning dastlabki bosqichida Italiyaning “Lonati” kompaniyasida ishlab chiqarilgan 528 ta, joriy yilda yana 512 ta paypoq toʻqish dastgohi xarid qilindi.Yiliga 30 million dollarlik 70 million juft paypoq tayyorlash quvvatiga ega qoʻshma korxonada ishlab chiqarish jarayoni toʻliq innovatsion texnologiyalar asosida boshqariladi.
Oʻtgan yili korxonada 5,7 milliard soʻmlik mahsulot ishlab chiqarilib, ichki bozorga yoʻnaltirildi. Joriy yildan toʻla quvvat bilan ishlay boshlagan korxonada oktyabr oyi holatiga koʻra 12,5 million juft paypoq toʻqildi. 3,85 million dollarlik mahsulot AQSH, Rossiya, Moldova, Ukraina kabi qator mamlakatlarga eksport qilindi. (O‘R MB kursi 30.11.2018 da, 1$= 8299.20 soʻm)
Davlatimiz rahbari korxona qoshida tashkil etilgan logistika markazi, toʻquv, qadoqlash sexlari, laboratoriya faoliyati bilan tanishdi, ishchilarga yaratilgan shart-sharoitlar bilan qiziqdi.
Mazkur korxona texnologik imkoniyatlariga koʻra dunyoda sanoqli, Markaziy Osiyoda yagonadir. Bu yerda ayni kunda paypoq, sochiq kabi toʻqimachilik mahsulotlarining yangi modellarini oʻzlashtirish va eksport hajmini oshirish boʻyicha ish olib borilmoqda.
Iqtisodiyotimizga investitsiya kiritish, ichki va tashqi bozorda raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish boʻyicha bergan topshiriqlarimiz tufayli bugun tadbirkorlardan qoʻrquv yoʻqoldi. Korxona ochaman, ish oʻrni yarataman, deganga hech qanday toʻsiq yoʻq, biznes uchun barcha kafolatlar yaratilgan. Bundan xorijiy hamkorlar ham manfaatdor boʻlib, eksportga hissa qoʻshmoqda, dedi davlatimiz rahbari.
Shu yerda Xorazm viloyatida toʻqimachilik sanoatini rivojlantirish, “Dererlop Textile” MCHJ tomonidan “Hazorasp” erkin iqtisodiy zonasi hududida yengil sanoat majmuasi tashkil etish, Shovot tumanida aralash va paxta ip-kalava ishlab chiqarish boʻyicha yangi yigiruv fabrikasi qurish, Urganch shahrida “Textile finanse Horezm” MCHJ tomonidan tayyor trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish, Toshkent viloyati Parkent tumanida Zarkent sanatoriysini barpo etish loyihalari haqida maʼlumot berildi.
Davlatimiz rahbari yengil sanoat tarmogʻini jadal rivojlantirish, mahsulot eksportini kengaytirish, qoʻshimcha daromad manbalari va ish joyini koʻpaytirish yuzasidan zarur koʻrsatmalar berdi.
“Katqalʻa teks” qoʻshma korxonasi hududida Xorazm viloyatini rivojlantirishga doir iqtisodiy loyihalar taqdimoti oʻtkazildi.
Malayziyaning “Serba Dinamik Group” kompaniyasi vitse-prezidenti Palendran Palachandran davlatimiz rahbariga “Hazorasp” erkin iqtisodiy zonasi hududida kaustik soda ishlab chiqarish zavodi barpo etish investitsiya loyihasini taqdim etdi. Qiymati 250 million dollar boʻlgan loyiha 100 foiz kompaniya investitsiyasi tomonidan amalga oshiriladi. Korxona ishga tushgach, yiliga 33 ming tonna kaustik soda va 30 ming tonna xlor ishlab chiqariladi. 150 ta ish oʻrni yaratiladigan korxona mahsulotlari toʻliq eksport qilinishi rejalashtirilgan.
Oʻzbekistonning Malayziya, Saudiya Arabistoni, Turkmanistondagi elchixonalari tomonidan viloyatga xorijiy investitsiya loyihalari olib kelinmoqda. Xususan, Malayziyadagi elchixona tomonidan kaustik soda ishlab chiqarish loyihasidan tashqari qandolat mahsulotlari, tibbiy kosmetologiya xizmatlari koʻrsatish estetik markazini ochish, tayyor toʻqimachilik va qishloq xoʻjalik mahsulotlarini eksport qilish, Saudiya Arabistonidagi elchixona tomonidan Xiva shahridagi Olloqulixon va Qutlugʻ Murod Inoq madrasalarini qayta taʼmirlab, ularda mehmonxonalar tashkil etish, “Obod qishloq” dasturi doirasida Xorazm viloyatiga Islom taraqqiyot bankining 100 million dollarlik imtiyozli kreditini jalb etish, Turkmanistondagi elchixona tomonidan vohaga sayyohlar oqimini koʻpaytirish yuzasidan loyihalar ishlab chiqilgan.
Taqdimot chogʻida Prezidentimiz mazkur loyihalarning ahamiyatiga eʼtibor qaratdi. Hududga jalb etiladigan xorijiy investitsiyalarni koʻpaytirish yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berildi.
Shavkat Mirziyoyev Urganch – Xiva poyezdida Xiva shahriga keldi.
Davlatimiz rahbari 2017-yil yanvar oyida Xorazm viloyatiga tashrifi chogʻida Urganchdan Xivagacha temir yoʻl va Xiva shahrida zamonaviy vokzal barpo etish, bu yoʻlda elektropoyezdlar, kelgusida yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob” tezyurar poyezdi qatnovini yoʻlga qoʻyish lozimligini qayd etgan edi. Qisqa fursatda bu ezgu tashabbus amalga oshirildi.
Vokzal binosi Xorazm meʼmorchiligi namunalarini oʻzida aks ettirib, unda zamonaviy VIP zal, ona va bola, tibbiyot xonalari mavjud. Vokzalda 35 ishchi bir vaqtning oʻzida 200 yoʻlovchiga xizmat koʻrsatadi. 20 oʻrinli mehmonxona yurtdoshlarimiz va turistlarga qoʻshimcha qulaylik yaratadi.
Vokzaldan “Ichan qalʼa” muzey-qoʻriqxona majmuasigacha boʻlgan masofa 2 kilometr. Bu shaharda turizmni yanada rivojlantirish, sayyohlarni jalb etishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Urganch – Xiva temir yoʻl yoʻnalishi va Xiva vokzali rasman ochildi. Kelgusida Xivagacha “Afrosiyob” tezyurar poyezdi qatnovini yoʻlga qoʻyish rejalashtirilgan.
Prezidentimiz vokzal infratuzilmasini yanada yaxshilash, yoʻlovchilarga xalqaro standartlar asosida xizmat koʻrsatish, sayyohlarga yanada qulayliklar yaratish yuzasidan koʻrsatmalar berdi.
Shavkat Mirziyoyev Xiva temir yoʻl vokzali bilan “Ichan-qalʼa” majmuasi oʻrtasida barpo etilayotgan xiyobonni koʻzdan kechirdi. Bu ham davlatimiz rahbarining avvalgi tashriflari chogʻida berilgan topshiriq ijrosi boʻlib, Xivaga yangicha qiyofa bagʻishladi.
Xiyobonning ikki tarafida ikki qavatli turizm obyektlari qurilgan. Ularning birinchi qavatida hunarmandlik ustaxonalari, savdo va maishiy xizmat doʻkonlari, ikkinchi qavatida oilaviy mehmonxonalar, restoranlar tashkil etilgan. Bu xiyobon va shoxobchalar sayyohlarga qoʻshimcha qulaylik yaratish bilan birga, odamlar uchun ish oʻrni, daromad manbai ham boʻladi.
Prezidentimiz shu yerda Xorazm viloyatining turizm salohiyatini rivojlantirish, Xiva shahrining tarixiy qismini batafsil rejalashtirishga oid loyihalar bilan tanishdi. Ularda mamlakatimizda xalqaro brenddagi mehmonxonalar bunyod etish, savdo va servisni kengaytirishga qaratilgan rejalar taqdim etildi.
Shavkat Mirziyoyev xorijlik ishbilarmonlar bilan suhbatlashib, ularning investitsiya takliflari boʻyicha koʻrsatmalar berdi.
Biznes nima degani? Manfaat degani. Oʻzbekistonda turizm juda manfaatli, istiqbolli soha. Shuning uchun bu sohaga tadbirkorlarni, investorlarni koʻproq jalb etib, ularga “yashil yoʻlak” qilib berish kerak, dedi davlatimiz rahbari.
Xiva yaqinida koʻp qavatli uylar qurib, shaharning tarixiy qismida yashayotgan aholini bosqichma-bosqich koʻchirish, qalʼa ichidagi uylarni sayyohlik obyektlariga aylantirish zarurligi taʼkidlandi.
Biz chet ellik sayyohlarni qadimiy tariximiz va qadriyatlarimiz bilan jalb qilishimiz mumkin. Lekin Xorazmning, Xivaning tarixi toʻliq oʻrganilmagan, uni tanishtirish boʻyicha tizim ham yoʻq. Shuning uchun Xorazm tarixini eng qadimgi davrdan boshlab oʻrganib, odamlarga sodda tilda tushuntirish kerak. Xivaga kelgan odam katta taassurot, bilim olib ketsin, bu yerda koʻproq qolib vaqtini mazmunli oʻtkazsin, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi, Xorazm Maʼmun akademiyasi, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi va boshqa tegishli tashkilotlarga shu boʻyicha topshiriqlar berildi.
“Oʻzbekipaksanoat” uyushmasi ishlab chiqarish va ilm-fan integratsiyasi asosida mamlakatimiz pillachilik sohasi uchun mutlaqo yangi ishlab chiqarish yoʻnalishlariga asos solmoqda. Bu borada dastlabki yutuqlarga erishildi. “Khiva Silk Fabric” korxonasida amalga oshirilayotgan yirik loyiha ulardan biri.
Prezidentimizning pillachilikni yanada rivojlantirish borasidagi tashabbusi asosida tashkil etilgan mazkur korxona joylashgan bino 1976-yilda qurilgan, keyingi 15 yil mobaynida boʻsh turgan edi. Tashlandiq binoda ish boshlagan korxonada innovatsion gʻoyalar, kreativ yondashuvlar asosida ishlab chiqilgan loyihaning birinchi bosqichi joriy yil avgust oyida ishga tushirildi. Klaster usulida yiliga 140 tonnadan ziyod quruq pillani qayta ishlash quvvatiga ega korxonada 110 doimiy ish oʻrni yaratildi.
Amalga oshirilgan diversifikatsiya ishlari natijasida qiymati 1,1 million dollarga teng eksport shartnomalari imzolandi. Ular asosida Xitoy va Pokistonga ipak mahsulotlari yetkazib berish rejalashtirilgan.
Davlatimiz rahbari korxonada amalga oshirilayotgan istiqbolli loyihalar bilan tanishdi, ishlab chiqarilishi kutilayotgan yangi mahsulotlar namunalarini koʻzdan kechirdi.
2019-yildan ipak tolasidan mato va tayyor kiyim-kechak ishlab chiqarish, gʻumbakdan laboratoriya usulida yogʻ olish yoʻlga qoʻyiladi. Ipakni olgandan keyin pilla ichida qoladigan gʻumbakka shu kungacha chiqindi sifatida qaralgan. Oqsilga juda boy gʻumbakdan kosmetologiyada ishlatiladigan qimmatbaho yogʻ olinadi. Xitoyda bu yogʻning 1 litri 40-50 dollar turadi.
Korxonada xitin va xitozan moddalari, biologik faol qoʻshimchalar, gʻumbak konservasi, tut bargidan choy va shirinliklar ishlab chiqarish ham koʻzda tutilgan.
Xitin va xitozan moddasi oʻsimlik urugʻi chirishining oldini oladi, tez rivojlanishiga yordam qiladi. Hozircha bu mahsulotlar mamlakatimizga chet eldan olib kelinmoqda. Eʼtiborlisi, tut bargidan shirinliklar ishlab chiqarish ilk bor yoʻlga qoʻyilmoqda.
Korxonada ipak olish uchun ishlatiladigan suv choʻkmasidan sovun olish amaliyoti yoʻlga qoʻyilmoqda. Pillani ivitish davomida uning tarkibidagi 18 xil aminokislota, siritsin va febriin kabi moddalar suvga oʻtadi. Shu vaqtgacha bu suv oqizib yuborilgan. Namuna shaklidagi sovunlar xushboʻyligi, shifobaxshligi bilan ajralib turadi.
Shu yerda xitoylik hamkorlar bilan ipak urugʻi ishlab chiqarish, chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik, bogʻdorchilik, qovunning hosildor va eksportbop navlarini yaratish, asosiy va takroriy ekinda sholi yetishtirish, Xorazm sharoitida yerdan unumli foydalanish kabi qator istiqbolli loyihalar taqdimoti oʻtkazildi.
Prezidentimizning Xorazm viloyatiga tashrifi davom etmoqda.
(Manba: O‘zA)

RASMIY

Tashqi savdo vazirligida O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi masalalari bo‘yicha vazir o‘rinbosari lavozimi joriy etildi
Tashqi savdo vazirligida O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi masalalari bo‘yicha vazir o‘rinbosari lavozimi joriy etildi. Bu O‘zbekiston prezidentining 27 noyabrdagi TSV faoliyatini yanada takomillashtirish to‘g‘risidagi farmonida keltirib o‘tildi.
TSV matbuot xizmatining xabar qilishicha, vazirlik tuzilmasida ikkita yangi boshqarma tashkil etilishi nazarda tutilmoqda. Vazirlikning markaziy apparati xodimlar ish o‘rinlari soni 67 tadan 82gacha kengaytirildi.
Vazirning yangi joriy etilayotgan o‘rinbosariga O‘zbekistonning JSTga bo‘lishi bo‘yicha muzokara guruhi rahbari tashqi savdoda bojxona va tariflarni tartibga solish, importni optimallashtirish, transport koridorlarini rivojlantirish va eksport yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish vazifalari yuklatilgan.
Yangi O‘zbekistonning Jahon savdo tashkiloti bilan hamkorligini muvofiqlashtirish bo‘yicha yangi boshqarma JSTga a’zo bo‘lish uchun zarur bo‘lgan materiallar va hujjatlar to‘plamini yig‘adi va tayyorlaydi, shuningdek, milliy qonunchilikning JST bitimlari talablariga moslashtirish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqadi. Shuningdek, boshqarmaga O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish jarayoni, uning kotibiyati bilan o‘zaro munosabatlari, xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan tashqi savdo sohasida ikki tomonlama va ko‘p tomonlama bitimlarni imzolash bo‘yicha muzokara jarayonida ishtirok etish vazifalari topshirildi.
Shu bilan birgalikda, boshqarma O‘zbekistonning JSTdagi maslahatchi-vakili, BMT bo‘limida JSTning tuzilmalari bilan ishlash bo‘yicha birinchi kotibi va Jenevadagi (Shveysariya) boshqa xalqaro tashkilotlarda O‘zbekistonning doimiy vakolatxonasini muvofiqlashtiradi.
Hududlar mahsulotlarini eksport qilishni rivojlantirish bo‘limi Hududlar hamda meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilishni qo‘llab-quvvatlash boshqarmasiga aylantirilib, unga doimiy hamkorlarni izlash yo‘li bilan meva-sabzavot eksportini amalga oshirishda amaliy yordam ko‘rsatish vazifasi yuklatildi. Yangi boshqarma an’anaviy va yangi bozorlarga kirish uchun shart-sharoitlarni yaratadi, shuningdek eksport shartnomalarini bajarishda metodologik yordam ko‘rsatadi. Boshqarmaning boshqa vazifalari yangi meva va sabzavot mahsulotlarini import qiluvchi yetakchi xorijiy tashkilotlar ro‘yxatini qayd etib borish va yangilashdir.
Farmonga ko‘ra, vazirlik 2018 yil oxirigacha, ya’ni bir oy ichida yangi tarkibiy tuzilmalarni yuqori malakali mutaxassislar bilan to‘ldirishi lozim.
(Manba: Gazeta.uz)

IQTISODIYOT: ISLOHOTLAR

O‘zbekistonning iqtisodiy islohotlariga mo‘ljallangan yo‘l xaritasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi
2018-yilning 29-noyabr kuni Toshkent shahridagi Hyatt Regency mehmonxonasida O‘zbekistonning «2019-2021 yillarga mo‘ljallangan tizimli islohotlar asosiy yo‘nalishlarining yo‘l xaritasi» mavzusidagi taqdimot-muzokara ko‘rinishidagi xalqaro tadbir bo‘lib o‘tdi.
Ma’lum qilinishicha, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligi Jahon bankining ishchi guruhi bilan birgalikda, tarkibiy o‘zgarishlar va iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish maqsadida beshta asosiy yo‘nalishni o‘z ichiga olgan «islohotlar yo‘l xarita»sini ishlab chiqqan.
Tadbirni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov boshlab berdi.
Kun.uz muxbiri xabar berishicha, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev va Jahon bankining sobiq vitse-prezidenti, Jorj Vashington universiteti professori Denni Leyptsiger yig‘ilganlarga yo‘l xaritasi taqdimotini tanishtirishdi.
Taqdimot marosimida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va davlat idoralari, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, qator xalqaro moliya institutlari va konsalting muassasalari vakillari, yirik kompaniyalar rahbarlari, yetakchi mahalliy mutaxassislar ishtirok etdi.
Yo‘l xaritasi quyidagicha ko‘rinish oladi:
Birinchi, tegishli institutlarni mustahkamlash, modernizatsiya qilingan soliq-byudjyet siyosati va soliq islohotlari natijasida hosil bo‘ladigan makroiqtisodiy barqarorlikni qo‘llab-quvvatlash. Xususan, makroiqtisodiy ma’lumotlar yig‘ish va tahlil qilish tizimini va pul-kredit siyosatini takomillashtirish, ichki va tashqi qarzlarni boshqarish, davlat xarajatlarining samaradorligi va hisobdorligini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqiladi.
Ikkinchi, raqobatbardosh bozor iqtisodiyotiga o‘tish jarayonining tezlashishi. Yer va kapitaldan foydalanish samaradorligini oshirish, moliya bozorlarini isloh qilish masalalari qarab chiqilmoqda. Savdo siyosati va eksportni yanada liberallashtirish, aviatsiya sektorini isloh qilish va AKT sohasini rivojlantirish jahon iqtisodiyotiga birikishni jadallashtirishning kelgusi chora-tadbirlari sifatida ko‘rildi. Xususiy sektor faoliyatidagi cheklovlarni olib tashlash, raqobatbardosh biznes muhitini mustahkamlash, investitsion muhit va monopoliyaga qarshi tartibga solish ishlari davom ettiriladi. Qishloq xo‘jaligini, suv ta’minoti va energiya manbalarini rivojlantirish, shu jumladan qayta tiklanadigan energetika sohasini rivojlantirish strategiyalari individual sanoatlarning ishlash samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Uchinchi, fuqarolarni ijtimoiy himoya qilish va ularga xizmat ko‘rsatishni kuchaytirish. Ta’lim va sog‘liqni saqlashni rivojlantirishning milliy strategiyasini hamda mehnat bozori, penciya va sud tizimini isloh qilish bo‘yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqish rejalashtirilmoqda.
To‘rtinchi, kuchli bozor iqtisodiyotida davlatning rolini kuchaytirish. Uni ishlab chiqarish jarayonining bevosita ishtirokchisidan, davlat-xususiy sektor hamkorligini rivojlantirish, davlat ulushiga ega korxonalarni isloh qilish hamda tovar va xizmatlar narxlarining ikkilamchi tartibini bartaraf etish bilan shug‘ullanuvchi xususiy sektor hamkori ko‘rinishiga almashtirish rejalashtirilmoqda. Davlat boshqaruv tizimini takomillashtirish davlat xizmatlarini isloh qilish konsepsiyasini ishlab chiqishga yordam beradi. Jamoatchilik xabardorligini oshirish uchun fuqarolarning zamonaviylashtirish jarayonlarida ishtirokini ta’minlash bo‘yicha choralar ko‘riladi.
Beshinchi, atrof-muhitdan foydalanish samaradorligini oshirish. Uni himoya qilish uchun «yo‘l xaritasi» ni, suvni tejash dasturini, sug‘orish va melioratsiya tizimini rivojlantirishni rejalashtirilmoqda.
(Manba: Kun.uz)

XALQARO MUNOSABATLAR

O‘zbekiston MDH Parlamentlararo assambleyasi to‘g‘risidagi Konvensiyaga qo‘shildi
Oliy Majlis Senati Raisi Nig‘matilla Yo‘ldoshev boshchiligidagi mamlakatimiz parlamenti delegatsiyasi MDHga a’zo davlatlarning Parlamentlararo assambleyasi Kengashi taklifiga binoan Sankt-Peterburg shahrida bo‘lib o‘tayotgan assambleyaning 48-majlisida ishtirok etdi.
Senat Raisi majlisda nutq so‘zlab, jumladan, MDHga a’zo davlatlar parlamentlari o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari jadal rivojlanib borayotganini ta’kidladi. Bunday samarali aloqa­larni rivojlantirishga MDH Parlamentlararo assambleyasi yaqindan ko‘mak berib kelyapti.
Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O‘zbekiston so‘nggi yillarda yangi ichki hamda tashqi siyosatini muvaffaqiyatli ilgari surmoqda. Amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarda jamiyatda parlament faoliyatining rolini oshirishga alohida ahamiyat qaratilyapti. Parlament diplomatiyasi, ikki tomonlama va ko‘p tomonlama parlamentlararo hamkorlik rivojiga jiddiy e’tibor qaratilayotgani buning tasdi­g‘idir.
O‘zbekiston parlamenti a’zolarining MDH Parlamentlararo assambleyasi faoliyatida to‘liq ishtirok etishi munosabatlarimizda mutlaqo yangi sahifa ochadi, parlament orqali ko‘p qirrali hamda samarali hamkorlikni tobora kengaytiradi.
Majlis doirasida O‘zbekiston Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Parlamentlararo assambleyasi to‘g‘risidagi Konvensiyaga qo‘shildi.
O‘zbekiston parlamenti delegatsiyasi a’zolari bugun bo‘lib o‘tadigan Urush vaqtida ayrim portlatuvchi o‘q-dorilarni qo‘llashni taqiqlash to‘g‘risidagi Sankt-Peterburg deklaratsiyasining 150 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyada ham qatnashadi.
(Manba: “Xalq so‘zi” gazetasi)

Navbatdagi O‘zbekiston-Kanada siyosiy maslahatlashuvlari yakunlari to‘g‘risida
2018-yilning 28-noyabr kuni Ottava shahrida O‘zbekiston-Kanada vazirlar siyosiy maslahatlashuvlarining sakkizinchi raundi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Dilshod Axatov va Kanada Tashqi ishlar, savdo va taraqqiyot vazirligining Qutb oldi mintaqasi, Sharqiy Yevropa va Yevroosiyo masalalari bo‘yicha Byuro Bosh direktori Alison LeKlair ikki tomonlama va mintaqaviy kun tartibining dolzarb masalalari yuzasidan batafsil muzokaralar o’tkazdilar.
2017-yilning oktabr oyida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan tashqi siyosiy maslahatlashuvlarning oldingi raundi doirasida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish jarayoni yuzasidan fikr almashildi.
O‘zbekiston va Kanada o’rtasidagi o‘zaro manfaatli aloqalarni yanada chuqurlashtirishga tomonlar sodiqligi, shuningdek, turli darajalardagi muloqotni faollashtirish orqali ikki tomonlama munosabatlarni sezilarli darajada oshirish maqsadi tasdiqladi.
Muzokaralarda savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, tovarlar va xizmatlarning o‘zaro yetkazib berilishini rag‘batlantirish va oshirish, investitsiya uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish hamda turistlar oqimini oshirish uchun choralar qabul qilishga tomonlar tayyorligi ta’kidlandi.
Xalqaro va mintaqaviy masalalarni ko‘rib chiqish davomida Afg‘onistondagi vaziyatga alohida e’tibor qaratildi. Ikki mamlakat ham Afg‘oniston muammosini tinch yo‘l bilan hal etishdan manfaatdorligi va bu sohada hamkorlik qilishga tayyor ekanligi qayd etildi. O’zbekistonning ushbu mamlakatdagi ijtimoiy-iqtisodiy holatni yaxshilashga qaratilgan sa’y-harakatlarini qo’llab-quvvatlashga salmoqli hissa qo’shishga Kanada tomoni tayyorligini tasdiqladi.
Delegatsiyalar 27-noyabr kuni Nyu-York shahrida BMT shafeligida ish boshlagan Orolbo‘yi mintaqasi uchun inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p tomonlama trast fondi doirasida hamkorlikni yo’lga qo’yish yuzasidan kelishib oldilar.
Shu kunning o‘zida O‘zbekiston delegatsiyasi Kanada tashqi ishlar vaziri o’rinbosari Ian Shugart bilan muzokaralar o’tkazdi. Suhbat chog‘ida vazirliklararo siyosiy maslahatlashuvlar natijalari sarhisob qilindi va ustuvor yo‘nalishlardagi hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Ottava shahrida bo’lish doirasi mamlalatimiz delegatsiyasi Kanada Parlamentida bo’ldi va Jamoalar palatasi a’zosi Ziyad Aboultaif boshchiligidagi “Kanada-O‘zbekiston” do‘stlik guruhi a’zolari bilan uchrashdi. Kanada tashqi ishlar vazirining parlamentdagi kotibi Andre Lesli bilan alohida uchrashuv bo’lib o’tdi. Suhbat chog’ida O’zbekiston-Kanada munosabatlarining ustuvor yo’nalishlari muhokama qilindi, shuningdek, ikki tomonlama aloqalarni sifat jihatdan yangi bosqichga chiqishi uchun ikki mamlakat qonunchilik organlari qabul qilishi lozim bo’lgan qator choralar belgilandi.
26-27-noyabr kunlari Monreal va Ottava shaharlarida Kanada Eksportni rivojlantirish korporatsiyasi, Kanada Savdoni rivojlantirish korporatsiyasi vakillari hamda O’zbekistonda biznes yuritishga qiziqish bildirgan mamlakatning qator yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.
Mamlakatimiz delegatsiyasi Kanadaning Yevroosiyo va Rossiyadagi ishbilarmon assotsiatsiyasida (CERBA) bo’lib, yetakchi ishlab chiqarish va moliya tuzilmalari uchun O’zbekistonning investitsiyon salohiyati taqdimotini o’tkazdi. Kanada ishbilarmon doiralari ta’kidlaganidek, respublikada iqtisodni erkinlashtirish va xorij investorlari uchun qulay sharoitlar yaratish sohasidagi islohotlar Kanada zamonaviy texnologiyalari va nou-hau uchun ushbu istiqbolli bozorga kirishining yangi imkoniyatlarini ochadi.
Kanadada bo’lish chog’ida Maktilla va Ottava universitetlari vakillari bilan muzokaralar o’tkazildi. Uchrashuvlar davomida yuqori malakali kadrlar tayyorlash, oliy ta’limdan keyingi ta’lim, talaba va professor-o’qituvchilar almashinuvlarini tashkillashtirish, ikki diplomli ta’lim, shuningdek, O’zbekiston OTMlari tadbirlarida Kanada mutaxassislari ishtiroki sohasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
O’zbekiston-Kanada vazirliklararo siyosiy maslahatlashuvlarining navbatdagi raundi, Kanadaning siyosat, biznes va akademik doiralari vakillari bilan uchrashuv va muzokaralar ko’p qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirishga o’zaro qizish mavjudligini namoyish etdi va keyingi hamkorlik uchun aniq yo’nalishlarni belgilash imkoniyatini berdi.
(Manba: O‘zbekiston Respublikasi TIV veb-sahifasi)

OAVDA MAQOLALAR

Trast fondining tuzilishi o‘zbek diplomatiyasining katta yutug‘idir
Xorijiy ommaviy axborot vositalarida e’tirof etilishicha, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Orolbo‘yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p tomonlama sheriklik asosida trast fondi tuzilishi o‘zbek diplomatiyasining katta yutug‘i bo‘ldi.
Yangi tuzilma faoliyat boshlashiga bag‘ishlangan maqolada AQShning nufuzli “The New York Times” gazetasi muxbiri Orol dengizini butkul tiklab bo‘lmasligi ayonligi sababli uning ayanchli oqibatlarini yumshatish va Orolbo‘yida istiqomat qilayotgan aholining turmushini yaxshilash, bu yerda iqtisodiy rivojlanishni ta’minlash, sog‘lom turmush tarzini yo‘lga qo‘yish zarurligini ta’kidlaydi. Trast jamg‘armasi ushbu masalalarni hal qilish va qo‘shimcha dasturlarni amalga oshirish uchun moliya manbalarini yo‘naltirish imkonini beradi.
Buyuk Britaniyaning “The Guardian” gazetasida qayd etilganidek, Shavkat Mirziyoyev administratsiyasi ko‘plab masalalarga yangicha yondashuvni namoyon qilayotir. Respublika Orolbo‘yi mintaqasidagi ekologik vaziyatni yaxshilash, inson hayotiga halokatli ta’sirlarni yumshatish bo‘yicha sa’y-harakatlarni salmoqli darajada faollashtirib, ushbu jarayonga xalqaro hamjamiyatni ham jalb etmoqda.
“The Conversation” jurnalida aytilishicha, O‘zbekiston Prezidenti 2017-yil sentabr oyida BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida Orol fojiasining global darajadagi ahamiyatini tushuntirib berganidan so‘ng ushbu masala atrofidagi xalqaro hamkorlik kuchayib borayotir.
Trast fondi tashkil etilishi bilan ekologik inqiroz oqibatlarini yumshatish bo‘yicha O‘zbekiston olib borayotgan ishlar institutsional asosga ega bo‘ldi, deyiladi Germaniyaning “Discover Magazine” nashrida. So‘nggi yillarda ko‘plab xorijiy donor davlatlar va xalqaro tashkilotlar mintaqadagi muammolarni hal qilish uchun katta mablag‘lar ajratdi. Trast fondi mazkur yo‘nalishdagi chora-tadbirlarni tizimlashtirish, mintaqa rivoji uchun texnik hamda moliyaviy resurslarni “yagona oyna” orqali yo‘naltirish va sarflash, Orolbo‘yi hududiga ekologik innovatsiyalar hamda texnologiyalarni joriy qilish imkonini beradi.
Hindistonning “NDTV” telekanali o‘z mamlakatida ham ko‘plab ekologik muammolar mavjudligi va Nyu-Dehli ularni hal qilishda O‘zbekiston tajribasini o‘rganishi zarurligini ta’kidlaydi. Jurnalistlar Birlashgan Millatlar Tashkilotining oldingi Bosh kotibi Pan Gi Mun ham, hozirgi kunda ushbu lavozimni egallab turgan Antoniu Guterrish ham Orolbo‘yi hududlariga safar qilib, suv havzasining qurib borishi tufayli izdan chiqayotgan ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni o‘z ko‘zi bilan ko‘rganini alohida qayd etadi. O‘zbek diplomatiyasining faol sa’y-harakatlari tufayli dunyo hamjamiyati Orol inqirozi jahon miqyosidagi talafot ekanligini anglab yetmokda.
Xitoyning “Sinxua” axborot agentligi tarqatgan maxsus reportajda BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishning quyidagi so‘zlari keltiriladi:
“Barqaror taraqqiyot sohasidagi maqsadlarga (“Sustainable Development Goals”) erishish bo‘yicha sa’y-harakatlarimiz moliyalashtirish manbalarini ko‘paytirishni talab qiladi. Shu sababli men donor mamlakatlarni Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p tomonlama sheriklik asosida trast fondiga yordam berishga chorlayman”.
(Manba: “Xalq so‘zi” gazetasi)

ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasining fuqaro aviatsiyasini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni
Oʻtgan davr mobaynida mamlakatimiz fuqaro aviatsiyasini rivojlantirish, shu jumladan, havo kemalari parkini yangilash, parvozlarning yuqori darajadagi xavfsizligini taʼminlash, aeroportlar infratuzilmasini, havo harakatini boshqarish va yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash tizimini takomillashtirish yuzasidan izchil chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Shu bilan birga, jahon aviatashuvlari bozorida mamlakatimiz fuqaro aviatsiyasining raqobatbardoshligini taʼminlash va ushbu sohaga investitsiyalarni faol jalb qilish uchun mamlakatimizning fuqaro aviatsiyasida tarkibiy islohotlarni amalga oshirishni davom ettirishga toʻsqinlik qilayotgan bir qator tizimli kamchiliklar saqlanib qolmoqda.
Jumladan, oʻzida ham davlat tomonidan tartibga solish funksiyalarini, ham tijorat faoliyatiga oid funksiyalarni mujassamlashtirgan boshqaruvning eskirgan va yopiq tizimi tarmoq korxonalarida menejmentning zamonaviy tizimini joriy etish, ularning moliyaviy barqarorligi va rentabelligini taʼminlash imkonini bermayapti.
Fuqaro aviatashuvlarining, shu jumladan, yer ustidagi infratuzilmadan foydalanishning haddan tashqari monopollashtirilganligi ushbu sohada xizmatlar koʻrsatishning jahon darajasidan ancha ortda qolib ketishiga, shuningdek, mamlakatdagi ayrim aeroportlarning norentabelligiga sabab boʻldi.
Fuqaro aviatsiyasi sohasidagi boshqaruvning zamonaviy shakllari va usullarini jadal joriy etish, tarmoqdagi korxonalarni jahon tendensiyalari va standartlariga muvofiq qayta tuzish, aviatashuvlar bozorida raqobatni rivojlantirish va tarmoqqa investitsiyalarni faol jalb qilish uchun shart-sharoitlar yaratish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasining “Oʻzbekiston havo yoʻllari” Milliy aviakompaniyasini (keyingi oʻrinlarda – “Oʻzbekiston havo yoʻllari” MAK) qayta tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin. Bu:
“Oʻzbekiston havo yoʻllari” MAK direksiyasining, shuningdek, “Uchish majmuasi”, “Havo aloqalari bosh agentligi” va “Oʻzaviatextaʼminot” moddiy-texnik taʼminot majmuasi” davlat unitar korxonalarining negizida “Uzbekistan Airways” aksiyadorlik jamiyatini (keyingi oʻrinlarda – “Uzbekistan Airways” AJ) tashkil etish;
“Oʻzbekiston havo yoʻllari” MAK tarkibiga kiradigan davlat unitar korxonalarini 1-ilovaga muvofiq masʼuliyati cheklangan jamiyatlarga aylantirish;
“Uzbekistan Airports” aksiyadorlik jamiyatini (keyingi oʻrinlarda – “Uzbekistan Airports” AJ) 2-ilovaga muvofiq unga xoʻjalik jamiyatlarining ustav jamgʻarmalaridagi davlat ulushini oʻtkazish yoʻli bilan tashkil etish;
“Maxsus aviatsiya ishlari aviakompaniyasi” DUK negizida “Uzbekistan Helicopters” masʼuliyati cheklangan jamiyatini tashkil etish;
“Oʻzaeronavigatsiya” markazi” davlat korxonasini (keyingi oʻrinlarda – “Oʻzaeronavigatsiya” DK) Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ixtiyoriga oʻtkazish orqali amalga oshiriladi.
2. Quyidagilar:
a) “Uzbekistan Airways” AJning asosiy vazifalari etib belgilansin:
shu jumladan, parvozlarning yangi yoʻnalishlarini oʻzlashtirgan va geografiyasini kengaytirgan holda havo kemalari parkidan samarali foydalanish;
ishlab chiqarish jarayonlarini boshqarishning zamonaviy tizimlari va texnologiyalarini joriy etish, shuningdek, aviaparkni modernizatsiyalash, texnologik qayta jihozlash va yangilash;
havo kemalari bortida yoʻlovchilarga koʻrsatiladigan servis xizmatlari, shu jumladan, xorijiy aviakompaniyalarning aviatsiya texnikasiga texnik xizmat koʻrsatish va uni taʼmirlash ishlari sifatini oshirish;
kompaniyaning raqobatbardoshligini taʼminlash maqsadida yoʻlovchilar, yuklar, pochta va bagaj tashish sohasida moslashuvchan tarif siyosatini olib borish;
eng avvalo, toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni, shu jumladan, aksiyalar va korporativ obligatsiyalar chiqarish orqali jalb qilish;
parvozlarni amalga oshirishda yuqori darajadagi xavfsizlikni, shuningdek, havo kemalariga texnik xizmat koʻrsatish sifatini taʼminlash;
aviakompaniyani xalqaro aviatashuvchilar hamjamiyatiga integratsiyalash, aviatashuvlar sohasida mintaqaviy yetakchi darajasiga erishish.
b) “Uzbekistan Airports” AJning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:
aeroportlarni uzoq muddatli rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish va amalga oshirish;
aeroportlar infratuzilmasini takomillashtirish uchun, shu jumladan, aeroportlarni boshqarish sohasida davlat-xususiy sheriklik va yetakchi xalqaro kompaniyalar bilan hamkorlik qilish mexanizmlaridan foydalangan holda investitsiyalar jalb qilish;
aviatashuvchilar yoʻlovchilariga aeroportlarda yuqori darajada xizmat koʻrsatilishini taʼminlash, ular uchun zarur barcha qulay shart-sharoitlarni yaratish;
aeroportlar tegishli xizmatlarining samarali faoliyatini taʼminlash, yoʻlovchilar, yuklar, pochta va bagajga xizmat koʻrsatish jarayonini maqbullashtirish;
aerodromlarni parvozlarga oʻz vaqtida va sifatli tayyorlash, parvozlarning muntazamligi va xavfsizligini taʼminlash boʻyicha tadbirlarni amalga oshirish, aerodromlarni saqlash va taʼmirlashning zamonaviy usullarini joriy etish;
havo kemalariga yoqilgʻi quyish va xizmat koʻrsatish uchun foydalaniladigan yoqilgʻi va boshqa yoqilgʻi-moylash materiallarini uzluksiz taʼminlash, shuningdek, ularning sifatini qatʼiy nazorat qilish;
logistika sohasida sifatli xizmat koʻrsatish uchun infratuzilmani takomillashtirish va qulay shart-sharoitlar yaratish;
aeroportlarda savdo, ovqatlanish, yoʻlovchilarga bank va boshqa xizmatlar koʻrsatuvchi zamonaviy obyektlar tarmogʻini, shu jumladan, davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida kengaytirish.
3. “Uzbekistan Airways” AJ Jahon banki guruhini va boshqa xalqaro maslahatchilarni jalb qilgan holda, aktivlarning aviakompaniya rentabelligini taʼminlovchi maqbul tuzilmasini hisobga olgan holda oʻz faoliyatining barqaror biznes-modeli ishlab chiqilishini taʼminlasin.
4. Belgilansinki:
“Uzbekistan Airways” AJ shartnomalar, huquqlar va majburiyatlar boʻyicha “Oʻzbekiston havo yoʻllari” MAK direksiyasining, “Uchish majmuasi”, “Havo aloqalari bosh agentligi” va “Oʻzaviatextaʼminot” moddiy-texnik taʼminot majmuasi” davlat unitar korxonalarining huquqiy vorisi hisoblanadi;
tashkil etilayotgan masʼuliyati cheklangan jamiyatlar shartnomalar, huquqlar va majburiyatlar boʻyicha tegishli ravishda qayta tuziladigan davlat korxonalarining huquqiy vorislari hisoblanadi;
“Oʻzaeronavigatsiya” DK shartnomalar, huquqlar va majburiyatlar boʻyicha “Oʻzbekiston havo yoʻllari” MAKning aeronavigatsiya masalalari qismida huquqiy vorisi hisoblanadi;
“Uzbekistan Airways” AJ ustav kapitali qayta tuziladigan “Oʻzbekiston havo yoʻllari” MAK direksiyasining, “Uchish majmuasi”, “Havo aloqalari bosh agentligi” va “Oʻzaviatextaʼminot” moddiy-texnik taʼminot majmuasi” davlat unitar korxonalarining mol-mulkini qoldiq qiymati boʻyicha oʻtkazish, shuningdek, tashkil etiladigan “Uzbekistan Helicopters”, “Uzbekistan Air technics”, “Oʻquv-mashgʻulot markazi” va “Ketring” masʼuliyati cheklangan jamiyatlaridagi davlat ulushini nominal qiymat boʻyicha oʻtkazish hisobiga shakllantiriladi;
“Uzbekistan Airports” AJ ustav kapitali ushbu Farmonning 2-ilovasida koʻrsatilgan korxonalarning ustav kapitalidagi nominal qiymat boʻyicha oʻtkazib beriladigan davlat ulushlari hisobiga shakllantiriladi;
“Oʻzbekiston havo yoʻllari” MAK va qayta tashkil etiladigan davlat unitar korxonalarining qonun hujjatlariga muvofiq xususiylashtirilmaydigan mol-mulki qayta tashkil etiladigan va yangi tashkil etiladigan korxonalarga tasarruf etish huquqisiz bepul foydalanish uchun oʻtkazib beriladi.
5. Vazirlar Mahkamasining Hududlarni kompleks rivojlantirish va kommunal soha, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish, transport, kapital qurilish va qurilish industriyasi masalalari boʻyicha axborot-tahlil departamenti tuzilmasida 7 ta shtat birligidan iborat tarkibda aviatsiya tarmogʻini isloh qilish masalalari boʻyicha sektor tuzilsin, uning zimmasiga quyidagilarni oʻz ichiga olgan Oʻzbekiston Respublikasining fuqaro aviatsiyasini rivojlantirish siyosatini ishlab chiqishni muvofiqlashtirish vazifalari yuklansin:
mahalliy va xorijiy tashuvchilarning milliy havo qatnovlari bozoriga kirish qoidalari;
aeroportlar infratuzilmasini va aeronavigatsion xizmat koʻrsatishni rivojlantirish dasturi;
davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlanishi zarur boʻlgan subsidiyalanadigan aviayoʻnalishlarni tanlash siyosati;
aeroportlar xizmatlarini koʻrsatishda xususiy sektor ishtiroki va raqobat muhitini taʼminlashga doir mexanizmlar;
aeroportlarning aviatsiya va noaviatsiya xizmatlari narxlarini tartibga solish;
fuqaro aviatsiyasi sohasida isteʼmolchilar va atrof-muhitni himoya qilish chora-tadbirlari;
xalqaro aviatsiya tashuvlari sohasida xalqaro shartnomalar tuzish va ularning shartlari bajarilishini taʼminlash chora-tadbirlari.
6. “Oʻzbekiston havo yoʻllari” MAKni qayta tashkil etishga doir kompleks chora-tadbirlar amalga oshirishni muvofiqlashtirish va amaliy koʻmaklashish boʻyicha ishchi komissiya (keyingi oʻrinlarda – Ishchi komissiya) 3-ilovaga muvofiq tarkibda tuzilsin.
Ishchi komissiya (A.N.Aripov):
a) ikki hafta muddatda “Oʻzbekiston havo yoʻllari” MAK va uning tarkibiga kiradigan davlat korxonalarini qayta tashkil etish boʻyicha tadbirlar rejasini tasdiqlasin, unda har bir tadbir oʻtkaziladigan aniq muddatlarni va masʼul shaxslarni koʻrsatsin;
b) 2019-yil 15-yanvargacha boʻlgan muddatda transport tarmogʻini tashkil etish va uning faoliyatini tartibga solishga oid barcha kompleks masalalar uchun javob beradigan Transport vazirligini tashkil etish yuzasidan taklif kiritsin;
v) 2019-yil 1-maygacha boʻlgan muddatda “Oʻzbekiston havo yoʻllari” MAK va uning tarkibiga kiradigan korxonalarning:
qayta tashkil etiladigan va yangi tashkil etiladigan korxonalar ustav kapitaliga (jamgʻarmasiga) oʻtkaziladigan;
qonun hujjatlariga muvofiq xususiylashtirilmaydigan hamda qayta tashkil etiladigan va yangi tashkil etiladigan korxonalarga tasarruf etish huquqisiz bepul foydalanish uchun oʻtkaziladigan mol-mulki roʻyxatini tasdiqlasin;
g) 2019-yil 1-iyungacha boʻlgan muddatda qoʻshimcha kompaniyalarning, shu jumladan, kam byudjetli aviakompaniyalar (loukosterlar) va tijorat aviatsiyasi xizmatlarini koʻrsatadigan korxonalar faoliyati uchun qoʻshimcha shart-sharoitlar yaratish, shu jumladan, toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb qilgan holda qoʻshimcha shart-sharoitlar yaratish boʻyicha chora-tadbirlar koʻrsin.
7. Quyidagilar zimmasiga:
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga – “Oʻzbekiston havo yoʻllari” MAKni qayta tashkil etish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirish, shuningdek, ushbu Farmonda nazarda tutilgan vazifalar soʻzsiz bajarilishini muvofiqlashtirish uchun;
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari A.J.Ramatov zimmasiga – aviatashuvlar bozorini bosqichma-bosqich erkinlashtirish chora-tadbirlarini nazarda tutuvchi Oʻzbekiston Respublikasi fuqaro aviatsiyasini boshqarishning yangi tarmoq siyosatini ishlab chiqish uchun;
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari S.R.Xolmuradov zimmasiga – salohiyatli investorlarni izlash va aviatsiya transporti sohasiga toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish uchun;
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari J.A.Qoʻchqorov zimmasiga – davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida aviatsiya transporti sohasida loyihalarni amalga oshirish mexanizmlari sifatli ishlab chiqilishini taʼminlash uchun shaxsiy javobgarlik yuklatilsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi “Oʻzbekiston havo yoʻllari” MAK bilan birgalikda Ishchi komissiya tomonidan ushbu Farmonning 6-bandida koʻrsatilgan roʻyxatlar tasdiqlanganidan keyin olti oy muddatda “Oʻzbekiston havo yoʻllari” MAK va uning tarkibiga kiradigan korxonalarni qayta tashkil etish, shuningdek, ularning ustav kapitallarini shakllantirish boʻyicha ishlar oxiriga yetkazilishini taʼminlasin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Jahon banki guruhi oʻrtasida Aviatsiya transportini isloh qilish va mazkur sohaga investitsiyalarni jalb qilishga doir uzoq muddatli dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishga koʻmaklashish toʻgʻrisida bitim tuzilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 2019-yil 1-maygacha boʻlgan muddatda Jahon banki guruhi tomonidan oʻtkazilgan ishlar yakunlari boʻyicha 2019-2030-yillarda aviatsiya transporti sohasini isloh qilish va aeroportlarni rivojlantirishga xususiy, shu jumladan, toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni keng jalb qilish boʻyicha “Yoʻl xaritasi”ni tasdiqlasin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi, Moliya vazirligi va “Uzbekistan Airports” AJ Jahon banki guruhini jalb qilgan holda:
2019-yil 1-aprelgacha boʻlgan muddatda davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida loyihalar amalga oshiriladigan aeroport yoki aeroportlar guruhi aniqlanishini;
2020-yil 1-yanvargacha boʻlgan muddatda tanlangan aeroport yoki aeroportlar guruhida davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida loyihalarni amalga oshirish uchun tanlovlar oʻtkazilishini taʼminlasin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining quyidagilar toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin:
a) Oʻzbekiston Respublikasi Parvozlar xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasiga (keyingi oʻrinlarda – Parvozlar xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi):
havo kemalari ekspluatantlariga bir martalik parvozlarni amalga oshirish;
aerodrom atrofidagi parvozlar xavfsizligiga tahdid solishi mumkin boʻlgan faoliyatni amalga oshirish uchun ruxsatnomalar berishga oid vakolatlarni oʻtkazish;
b)Ishchi komissiya tomonidan tasdiqlanadigan roʻyxatga muvofiq, “Maxsus aviatsiya ishlari aviakompaniyasi” DUK tomonidan foydalanilayotgan AN-2 havo kemalarini va tegishli aviatsiya mulkini qoldiq qiymati boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining Chegara qoʻshinlariga oʻtkazish;
v) “Oʻzaeronavigatsiya” davlat korxonasiga Oʻzbekiston Respublikasining samoviy hududidan tranzit foydalanishda koʻrsatilgan aeronavigatsiya xizmatlari uchun xorijiy aviakompaniyalarning kechiktirilgan debitor qarzdorligini aeronavigatsiya xizmatlari koʻrsatilgani tasdiqlangan vaqtdan boshlab 12 oy davomida undirish huquqini berish.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Parvozlar xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasining tashkiliy tuzilmasi va boshqaruv xodimlarining cheklangan shtatlari soni 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
13. Belgilab qoʻyilsinki:
mazkur Farmonga muvofiq tuziladigan xoʻjalik jamiyatlari (keyingi oʻrinlarda – xoʻjalik jamiyatlari) ijro etuvchi organlarining aʼzolari yetakchi aviakompaniyalarda katta tajribaga hamda korporativ boshqaruv, menejment va moliya sohasida zarur malakaga ega boʻlgan mutaxassislar, shu jumladan, xorijiy fuqarolar orasidan tanlab olinadi;
mazkur Farmonga muvofiq tashkil etiladigan aksiyadorlik jamiyatlari ustav kapitallaridagi davlat aksiyalari paketi boʻyicha aksiyadorning huquqlarini Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi amalga oshiradi;
mazkur Farmonga muvofiq oʻtkaziladigan va qabul qilinadigan mol-mulkning qiymati soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni hisoblab chiqishda soliq solinadigan obyekt hisoblanmaydi;
2020-yildan boshlab xoʻjalik jamiyatlarining moliyaviy hisoboti xalqaro standartlar asosida shakllantiriladi, yetakchi xalqaro auditorlik tashkilotlarini jalb qilgan holda yillik mustaqil tashqi auditdan oʻtkazilishi lozim.
14. Parvozlar xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Moliya vazirligi va Iqtisodiyot vazirligining 2019-yil 1-yanvardan boshlab yuridik shaxs tashkil etmasdan Oʻzbekiston Respublikasi Parvozlar xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasini rivojlantirish jamgʻarmasini (keyingi oʻrinlarda – Jamgʻarma) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
Belgilansinki:
a) Quyidagilar Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish manbalari hisoblanadi:
qonun hujjatlariga muvofiq pulli xizmatlar koʻrsatishdan, shu jumladan, aerodrom atrofidagi parvozlar xavfsizligiga xavf solishi mumkin boʻlgan faoliyatni amalga oshirishga ruxsatnomalar berishdan tushadigan mablagʻlar summasining 100 foizi;
maʼmuriy huquqbuzarliklar sodir etganligi uchun Parvozlar xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi xodimlari tomonidan solinadigan jarimalar summasining 80 foizi;
“Oʻzaeronavigatsiya” DK sof foydasining 5 foizi;
aviatsiya xavfsizligi uchun undiriladigan yigʻimlar summasining 3 foizi;
xalqaro moliya institutlari va boshqa xorijiy donorlarning grantlari va kreditlari;
qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar.
b) Jamgʻarmaning mablagʻlaridan faqat:
Parvozlar xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasini moddiy-texnik taʼminlash, shu jumladan, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish;
Parvozlar xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish, ijtimoiy himoya qilish, oʻqitish va malakasini oshirish;
Parvozlar xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi faoliyati bilan bogʻliq masalalar boʻyicha xorijiy davlatlar, xalqaro tashkilotlar delegatsiyalarining Oʻzbekiston Respublikasiga tashriflarini tashkil etish;
qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa tadbirlar uchun foydalaniladi.
15. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
2019-yil 1-maygacha boʻlgan muddatda xorijiy kreditlar (qarzlar) boʻyicha “Oʻzbekiston havo yoʻllari” MAK direksiyasining pulli majburiyatlari yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasining avval taqdim etilgan davlat kafolatlarini qayta rasmiylashtirsin;
2019-yil 1-iyungacha boʻlgan muddatda aeroportlarni rivojlantirish hamda havodagi harakatni boshqarish uchun avval jalb qilingan kreditlarni “Uzbekistan Airports” va “Oʻzaeronavigatsiya” DKga qayta rasmiylashtirsin;
2019-yil 1-maygacha boʻlgan muddatda chegirmalarning moslashuvchan tizimini nazarda tutgan holda Oʻzbekiston Respublikasining rezident aviakompaniyalariga aeronavigatsiya va aeroport xizmatlarini koʻrsatish uchun yagona stavkalar hamda yigʻimlarni tasdiqlasin;
2019-yil 1-martgacha boʻlgan muddatda rentabelligi past ichki yoʻnalishlar boʻyicha tashuvlarni amalga oshiruvchi aviakompaniyalar uchun zararlar oʻrnini qoplashni moliyalashtirishning barqaror mexanizmini shakllantirishga oid takliflar kiritsin.
16. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Parvozlar xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi Adliya vazirligi, “Oʻzbekiston havo yoʻllari” MAK va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga:
sirtqi taʼlim olgan fuqaro aviatsiyasi mutaxassislarining maʼlumoti toʻgʻrisidagi hujjatlarni nostrifikatsiya qilishga ruxsat berish;
ilgʻor xorijiy tajribani oʻrganish, shu jumladan, ishlab chiqaruvchilar sertifikatlarini tan olishni hisobga olgan holda havo kemalari va aviadvigatellarga texnik xizmat koʻrsatish hamda ularni taʼmirlash uchun olib kiriladigan butlovchi buyumlar, ehtiyot qismlar, detallarni sertifikatlash tartibini soddalashtirish boʻyicha takliflar kiritsin.
17. Quyidagilarga:
a) Oʻzbekiston Respublikasining rezident aviakompaniyalariga Xalqaro havo transporti assotsiatsiyasi tizimi (IATA Clearing House) va oʻzaro hisob-kitoblarning boshqa xalqaro tizimlari orqali hisob-kitoblarni amalga oshirishga;
b) “Oʻzaeronavigatsiya” davlat korxonasiga Yevropa aeronavigatsiya xavfsizligini taʼminlash tashkiloti (EUROCONTROL) orqali xorijiy aviakompaniyalarning Oʻzbekiston Respublikasi samoviy hududidan tranzit foydalanishda koʻrsatilgan aeronavigatsiya xizmatlari uchun oʻzaro hisob-kitoblarni amalga oshirishga ruxsat berilsin.
18. “Oʻzbekiston havo yoʻllari” MAK va uning tarkibiga kiradigan korxonalarga berilgan imtiyozlar va preferensiyalar mazkur Farmonga muvofiq tuziladigan xoʻjalik jamiyatlariga tatbiq etilsin.
19. Oʻzbekiston Respublikasining rezident aviakompaniyalari belgilangan tartibda tuziladigan roʻyxatlar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasiga olib kiriladigan:
samolyotlar (TIF TN boʻyicha kodi: 8802, 8803 va 8805), shu jumladan, olib kirilgan vaqtda ishlab chiqarilganiga 10 yildan oshmagan samolyotlar;
jahon brendlarining yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatish uchungina foydalaniladigan servis inventari va alkogol ichimliklari uchun 2023-yil 1-yanvargacha boʻlgan muddatda bojxona toʻlovlari toʻlashdan ozod etilsin (bojxona rasmiylashtiruvi uchun undiriladigan toʻlovlar bundan mustasno).
20. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Adliya vazirligi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi:
qayta tashkil etiladigan va tuziladigan korxonalarning avtotransport vositalari;
qayta tashkil etiladigan va tuziladigan korxonalarning koʻchmas mulkiga oid kadastr hujjatlari;
qayta tashkil etiladigan korxonalarning taʼsis hujjatlariga kiritiladigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar davlat tomonidan roʻyxatga olinishini yigʻimlar va bojlar undirmasdan taʼminlasin.
21. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
a) ikki oy muddatda:
havo kemalari ekspluatantlariga bir martalik parvozlar uchun ruxsatnomalar berish;
Oʻzbekiston Respublikasi Parvozlar xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasini rivojlantirish jamgʻarmasining mablagʻlaridan foydalanish;
Oʻzbekiston Respublikasi Parvozlar xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasining xodimlarini uch baravar tarif koeffitsiyentini joriy etishni nazarda tutuvchi moddiy ragʻbatlantirish tartibini tasdiqlasin;
b) uch oy muddatda:
korporativ boshqaruv va fuqaro aviatsiyasi sohasidagi mustaqil, shu jumladan, xorijiy mutaxassislarni jalb qilgan holda, “Uzbekistan Airways” AJ va “Uzbekistan Airports” AJ ijro etuvchi organlari tashkiliy tuzilmalarining, shuningdek, kuzatuvchilar kengashlari tarkiblarining tasdiqlanishini taʼminlasin;
Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga fuqaro aviatsiyasi sohasidagi maʼmuriy huquqbuzarliklarga oid ishlarni koʻrib chiqish bilan bogʻliq funksiyalarni davlat organlariga oʻtkazishni nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqidagi qonun loyihasini Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritsin.
22. Parvozlar xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
23. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori O.B.Murodov va Oʻzbekiston Respublikasi
Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari A.J.Ramatov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri,
2018-yil 27-noyabr
(Manba: O‘zA)

Oʻzbekiston Respublikasida milliy madaniyatni yanada rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
Keyingi yillarda mamlakatimizda xalqimizning maʼnaviy-maʼrifiy saviyasini yuksaltirish, madaniyat va sanʼat muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, soha vakillarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, Oʻzbekiston ijodkorlarini qoʻllab-quvvatlash “Ilhom” jamoat fondi, Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzurida Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi, Oʻzbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasi, Oʻzbekiston davlat filarmoniyasi, Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat institutining Fargʻona mintaqaviy filiali tashkil etildi.
Oʻzbek mumtoz va folklor sanʼatining noyob namunalarini, oʻziga xos ijro maktablari va anʼanalarini asrab-avaylash va rivojlantirish tizimi yaratildi. Oʻzbek milliy maqom sanʼati markazi va muzeyi tashkil etildi. Har ikki yilda bir marta Xalqaro maqom sanʼati anjumani hamda Xalqaro baxshichilik sanʼati festivalining oʻtkazilishi noyob merosimizning nufuzini jahon miqyosida oshirish yoʻlida muhim amaliy qadam boʻldi.
Ayni paytda milliy madaniyatni yanada rivojlantirishga toʻsqinlik qilayotgan bir qator tizimli kamchiliklar mavjud. Jumladan:
birinchidan, madaniyat sohasidagi munosabatlarni tartibga solish, madaniyat va sanʼat muassasalari, ijodiy uyushma va birlashmalarning huquqiy maqomi, ijodkorlarni ijtimoiy himoya qilishga qaratilgan yagona huquqiy baza yaratilmagan;
ikkinchidan, yosh ijodkorlarga taʼlim-tarbiya berish, yuqori malakali kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirish borasida puxta tizim yaratilmagani madaniyat sohasida yagona davlat siyosatini samarali olib borish, aholining oʻsib borayotgan madaniy ehtiyojlarini qondirish va madaniy xizmatlar sifatini keskin oshirish imkonini bermayapti;
uchinchidan, aksariyat madaniyat va sanʼat muassasalarining moddiy-texnik bazasi zamon talablari va xalqaro standartlarga mos kelmaydi, bu esa ularning toʻlaqonli faoliyat koʻrsatishi uchun imkon bermayapti;
toʻrtinchidan, zamonaviy media makonda milliy madaniyatimiz munosib oʻrin egallamagani, sohaga axborot-kommunikatsiya texnologiyalari toʻliq joriy etilmagani sohani keng tadqiq va targʻib etish, xalqaro madaniy jarayonlarga talab darajasida integratsiya qilishga yoʻl bermayapti;
beshinchidan, madaniyat va sanʼat sohasidagi nufuzli xalqaro festival va tanlovlarda ijodkorlarimizning ishtirokini izchil taʼminlash va ularning sara asarlarini namoyish etish, milliy ijodiy mahsulotlarni eksport qilishning samarali tizimi yaratilmagani, xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlik yetarlicha yoʻlga qoʻyilmagani ham soha rivojiga toʻsqinlik qilmoqda.
Xalqimizning asrlar davomida shakllangan yuksak maʼnaviy qadriyatlari va maʼnaviy merosini asrab-avaylash hamda jahon madaniyati bilan uygʻun holda rivojlantirish, milliy madaniyatni keng targʻib etish, uning xalqaro madaniy makonda tutgan oʻrni va mavqeini yanada mustahkamlash maqsadida:
1. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasida milliy madaniyatni yanada rivojlantirish konsepsiyasi(keyingi oʻrinlarda Konsepsiya deb yuritiladi) 1-ilovaga;
2019 – 2020 yillarda Oʻzbekiston Respublikasida milliy madaniyatni yanada rivojlantirish konsepsiyasini amalga oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” (keyingi oʻrinlarda – “Yoʻl xaritasi”) 2-ilovaga muvofiq;
2019 – 2020 yillarda Oʻzbekiston Respublikasida milliy madaniyatni yanada rivojlantirish konsepsiyasini Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida amalga oshirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturlari (keyingi oʻrinlarda – Chora-tadbirlar dasturlari) 2.1–2.14-ilovalariga muvofiq tasdiqlansin.
Belgilansinki, 2021-yil va undan keyingi yillar uchun Konsepsiyani amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” va Chora-tadbirlar dasturlari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
2. Konsepsiyaning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:
madaniyat sohasiga oid normativ-huquqiy bazani, ushbu sohadagi institutsional tizimni va madaniyat muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish;
tarixiy va madaniy merosimizni saqlash hamda uni yosh avlod tarbiyasida keng qoʻllash;
milliy va umuminsoniy qadriyatlarni yoshlarimiz ongiga singdirish, etnik madaniy anʼanalarni asrab-avaylash va shu asosda xalq ijodiyotini qoʻllab-quvvatlash;
aholi, jumladan, yoshlarning ijodiy salohiyatini roʻyobga chiqarish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish va kengaytirish;
madaniyat sohasiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish, madaniyatni yanada keng tadqiq va targʻib etishda innovatsion gʻoyalar va texnologiyalardan samarali foydalanish;
fuqarolarning, jumladan, nogironligi boʻlgan shaxslarning madaniy hayotda faol ishtirok etishi va madaniy xizmatlardan foydalanishda ijtimoiy tengligini taʼminlash;
madaniy sohada oʻzaro samarali xalqaro munosabatlarni tashkil etish va rivojlantirish, milliy madaniyatga jahon madaniyatining ajralmas qismi sifatida qarash, bu borada teng huquqlilik va inson huquqlarini hurmat qilishga alohida eʼtibor qaratish;
qabul qilinayotgan iqtisodiy, ijtimoiy va madaniyat sohasiga oid qarorlarning ushbu sohadagi yagona davlat siyosatiga mosligini taʼminlash;
madaniyat va sanʼat muassasalarining toʻlaqonli faoliyat koʻrsatishini taʼminlash, ularning moddiy resurs bazasini yanada mustahkamlash, obyektlarni saqlash hamda muhofaza qilishda jamoatchilik nazoratini yoʻlga qoʻyish.
3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahrida faoliyat koʻrsatayotgan madaniyat va aholi dam olish markazlari negizida madaniyat markazlari tashkil etilsin.
Quyidagilar madaniyat markazlarining asosiy vazifalari etib belgilansin:
aholiga madaniy xizmat koʻrsatish sifatini yaxshilash, ularning madaniy ehtiyojlarini qondirish va boʻsh vaqtlarining mazmunli oʻtishini taʼminlash, ijodiy jamoalarning milliy qadriyat, urf-odat va anʼanalarni oʻzida mujassam etgan namunali dasturlarini shakllantirish;
xalq ijodiyoti va badiiy havaskorlik sanʼatini saqlab qolish va rivojlantirish, badiiy va amaliy ijodiy jamoalar, havaskorlik guruhlarini tashkil etish va ularning faoliyat yuritishi uchun qulay shart-sharoit yaratish hamda ijodiy jarayonni tizimli ravishda boyitib borish;
bolalarni toʻgaraklarga jalb etish, xorijiy tillarni oʻrganish va “nutq madaniyati” boʻyicha kurslarni tashkil etish, xalq ijodiyotining barcha janr va yoʻnalishlari, havaskorlik sanʼati va nomoddiy madaniy merosni keng targʻib qilish hamda ularni asl holicha kelajak avlodga yetkazish;
adabiyot hamda sanʼat arboblari va professional ijodiy guruhlar bilan maʼnaviy-maʼrifiy, madaniy-ommaviy tadbirlar tashkil etib, ular ishtirokida aholi, xususan, yoshlar bilan bevosita badiiy uchrashuvlar va davra suhbatlarini oʻtkazish;
tanlovlar, xalq ijodiyoti va tomosha sanʼatining tuman (shahar) miqyosidagi festivallarini oʻtkazish, iqtidorli yoshlarni aniqlash, ijodkor yoshlarni qoʻllab-quvvatlash;
ommaviy bayram, tomosha va xalq sayillarini tashkillashtirish, ijtimoiy-madaniy sohada yuridik va jismoniy shaxslar bilan tuzilgan shartnomalar boʻyicha ularga pulli xizmatlar koʻrsatish.
4. Quyidagilar:
2019 – 2020 yillarda madaniyat markazlari faoliyatini yanada rivojlantirish va takomillashtirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi (keyingi oʻrinlarda – Dastur) 3-ilovaga;
2019 – 2022 yillarda yangi quriladigan, rekonstruksiya qilinadigan, kapital taʼmirlanadigan va jihozlanadigan madaniyat markazlarining manzilli roʻyxati 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligiga zarur hollarda Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan kelishgan holda 2019 – 2022 yillarda yangi quriladigan, rekonstruksiya qilinadigan, kapital taʼmirlanadigan va jihozlanadigan madaniyat markazlarining manzilli roʻyxatiga oʻzgartirish kiritish huquqi berilsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
bir oy muddatda madaniyat markazlari faoliyatini, jumladan, madaniyat markazlarini yangi qurish, rekonstruksiya qilish, kapital taʼmirlash va jihozlash ishlarini tashkil etish, shuningdek, samarasiz faoliyat yuritayotgan madaniyat markazlarini maqbullashtirish toʻgʻrisida Hukumat qarorini qabul qilsin;
2019-yilning 1-fevraliga qadar madaniyat markazlari toʻgʻrisidagi nizomni, shuningdek, madaniyat markazlari faoliyati samaradorligini baholash mezonlari hamda badiiy va toʻgarak rahbarlarini ularning mehnat faoliyati natijasi asosida ragʻbatlantirish tartibini tasdiqlasin.
6. Quyidagilar mazkur qarorda nazarda tutilgan chora-tadbirlarni moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
Oʻzbekiston Respublikasining rivojlanish davlat dasturi doirasida markazlashtirilgan manbalar hamda respublika byudjeti mablagʻlari;
Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari;
imtiyozli xorijiy kreditlar va grantlar;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;
qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi, “Oʻzbekkino” Milliy agentligi, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Oʻzbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasining “Madaniyat va sanʼat fidokori” koʻkrak nishonini taʼsis etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda “Madaniyat va sanʼat fidokori” koʻkrak nishonini taʼsis etish toʻgʻrisidagi Hukumat qarori loyihasini ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 2019-yilning 1-iyuniga qadar, jumladan, quyidagilarni nazarda tutuvchi va toʻgʻridan-toʻgʻri amal qiluvchi “Madaniyat toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritsin:
madaniyat sohasida davlat siyosatining asosiy tamoyillari va yoʻnalishlari, ularni amalga oshirishda ishtirok etuvchi davlat organlari va boshqa tashkilotlarning vakolatlari;
madaniyat sohasida fuqarolar, millat va elatlarning huquq hamda erkinliklari;
madaniy obyektlarni tashkil etish, qayta tashkil etish va tugatish tartiblari, shuningdek, ularni moliyalashtirish va boshqarishning oʻziga xos xususiyatlari;
ijodiy uyushma va birlashmalarning huquqiy maqomi, madaniyat sohasidagi xodimlarning ijtimoiy himoyasi;
madaniy almashuv, xalqaro tashkilot va xorijiy davlatlar bilan hamkorlik, madaniyat obyektlari va sanʼat asarlarini ommalashtirish.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining “Xalq cholgʻulari ijrochilari”, Mukarrama Turgʻunboyeva nomidagi “Milliy raqs ijrochilari” va Yunus Rajabiy nomidagi “Yosh maqom ijrochilari” respublika koʻrik-tanlovlarini anʼanaviy ravishda oʻtkazish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.
Belgilansinki:
a) ushbu respublika koʻrik-tanlovlari:
“Xalq cholgʻulari ijrochilari” koʻrik-tanlovi ikki yilda bir marta, dastlab 2019-yilning iyun oyida;
Mukarrama Turgʻunboyeva nomidagi “Milliy raqs ijrochilari” koʻrik-tanlovi ikki yilda bir marta, dastlab 2019-yilning oktyabr oyida;
Yunus Rajabiy nomidagi “Yosh maqom ijrochilari” koʻrik-tanlovi ikki yilda bir marta, dastlab 2020-yilning aprel oyida oʻtkaziladi;
b) ushbu respublika koʻrik-tanlovlari gʻoliblarining bir nafardan yakka ijrochilari tegishli yoʻnalishi boʻyicha oliy taʼlim muassasasining bakalavriat bosqichiga qabul kvotasiga qoʻshimcha davlat granti asosida qabul qilinadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi ikki oy muddatda ushbu respublika koʻrik-tanlovlarini oʻtkazish tartiblarini ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining har yili 21-27 mart kunlari “Teatr tomoshalari haftaligi”ni va uning doirasida madaniy-maʼrifiy tadbirlar, jumladan, teatr rassomlarining koʻrgazmalari, teatr liboslari va dekoratsiyalari namoyishlarini tashkil qilish, tomoshabinlar bilan ijodkorlar oʻrtasida muloqotlar oʻtkazish hamda aholining shu kunlari davlat teatrlariga bepul kirishi toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi YUNЕSKO ishlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy komissiyasi va Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda:
davlatlararo qoʻshma loyiha doirasida Buyuk ipak yoʻlining mamlakatimizdan oʻtgan qismini “Ipak yoʻli: Zarafshon daryosi vohasi” va “Ipak yoʻli: Fargʻona – Sirdaryo havzasi” nomi ostida YUNЕSKOning Umumjahon madaniy merosi roʻyxatiga;
oʻzbek xalqining koʻhna va betakror sanʼati namunasi boʻlgan Xorazm “Lazgi”sini “Xorazm raqsi – Lazgi” nomi ostida YUNЕSKOning Insoniyat nomoddiy madaniy merosining reprezentativ roʻyxatiga kiritish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirsin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi (B.S.Sayfullayev):
yangi quriladigan, rekonstruksiya qilinadigan, kapital taʼmirlanadigan va jihozlanadigan madaniyat markazlari loyihalarining texnik-iqtisodiy hisob-kitoblarini ekspertizadan oʻtkazish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligining “Shaharsozlik hujjatlari ekspertizasi” davlat unitar korxonasiga belgilangan tartibda kiritsin;
yangi quriladigan, rekonstruksiya qilinadigan, kapital taʼmirlanadigan va jihozlanadigan madaniyat markazlarining manzilli roʻyxati parametrlarining oʻz vaqtida va sifatli bajarilishi yuzasidan qatʼiy nazoratni taʼminlasin;
mazkur qarorda nazarda tutilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishga bagʻishlangan axborot-tahliliy sharhlarni aniq mezon va natijalarni koʻrsatgan holda muntazam ravishda tayyorlash va ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilib borilishi choralarini koʻrsin, zarur hollarda fuqarolik jamiyati institutlari va ilmiy doiralarni milliy madaniyatni yanada rivojlantirish boʻyicha dolzarb masalalarni muhokama qilishga jalb etsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi Moliya vazirligi bilan birgalikda tasdiqlangan rivojlantirish davlat dasturiga kiritilgan madaniyat markazlarini rivojlantirish va moddiy-texnik bazasini yaxshilash, shu jumladan, ularni jihozlash uchun imtiyozli shartlar asosidagi xorijiy kreditlar va grantlarni jalb etish choralarini koʻrsin;
“Yoʻl xaritasi”, Chora-tadbirlar dasturi va Dasturning bajarilishi yuzasidan har chorakda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga maʼlumotlarni taqdim etib borsin.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi Tashqi ishlar vazirligi va Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi bilan birgalikda:
kirish va ichki turizmni rivojlantirish dasturlari doirasida yurtimizda oʻtkaziladigan madaniyat sohasidagi tadbirlar hamda madaniyat markazlari tomonidan mahalliy va xorijiy sayyohlar uchun tashkil etiladigan madaniy tadbirlar roʻyxatini har yili 15 dekabrga qadar shakllantirsin;
mazkur tadbirlarni Oʻzbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi diplomatik vakolatxonalari orqali xorijiy ommaviy axborot vositalarida aholi va tadbirkorlik subyektlari oʻrtasida targʻib qilsin.
14. Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripovga – “Yoʻl xaritasi”, Chora-tadbirlar dasturlari va Dasturni amalga oshirish yuzasidan vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlarning faoliyatini muvofiqlashtirish hamda ularning oʻz vaqtida, toʻliq va sifatli bajarilishi yuzasidan tizimli monitoring oʻrnatilishi;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining oʻrinbosari F.Sh.Mahmudovga – Konsepsiyada nazarda tutilgan vazifalarning bosqichma-bosqich toʻliq amalga oshirilishi, 2021-yil va undan keyingi yillar uchun nazarda tutilgan “Yoʻl xaritasi”ning oʻz vaqtida va sifatli ishlab chiqilishini tashkillashtirish;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlariga – “Yoʻl xaritasi”, tegishli Chora-tadbirlar dasturi va Dasturda nazarda tutilgan vazifalarning ijrosini toʻgʻri tashkillashtirilishi hamda chora-tadbirlarning oʻz vaqtida va toʻliq bajarilishi;
Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri A.X.Komilovga –Oʻzbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi diplomatik vakolatxonalari vakillari orqali yurtimizda oʻtkaziladigan madaniy tadbirlarni xorijiy ommaviy axborot vositalarida keng yoritib borish, chet el mamlakatlari bilan madaniy hamkorlikni yanada jadallashtirish, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi bilan birgalikda xorijiy sayyohlarni madaniy tadbirlarga jalb qilish choralarini koʻrishi yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.
15. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Matbuot va axborot agentligi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga mazkur qarorning mazmun-mohiyati hamda unda belgilangan chora-tadbirlarning amalga oshirilishini yoritib borish tavsiya etilsin.
16. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
17. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi oʻrinbosari B.M.Mavlonov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining oʻrinbosari F.Sh.Mahmudov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri,
2018-yil 28-noyabr
(Manba: O‘zA)

Ish jarayonida foydalanilgan manba lavhasi qo‘yilishi shart