Birinchi slide После первого Ikkinchi slide Uchinchi slide To'rtinchi slide Beshinchi slide Oltinchi slide Ettinchi slide Sakkizinchi slide
Bosh sahifa Doimiy vakolatxona Xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik Yangiliklar/tadbirlar O’zbekiston haqida Galereya

YANGILIKLAR XABARNOMASI №66

SHAVKAT MIRZIYOYEV Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori O’zbekistonning Investitsion Salohiyat Uchrashuvlar Uchrashuvlar XMT doirasidagi xamkorlik XMT doirasidagi xamkorlik BMT Mingyillik rivojlanish maqsadlari BMT Mingyillik rivojlanish maqsadlari Press-relizlar Press-relizlar Vakolatxona yangiliklari Vakolatxona yangiliklari Rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasi Rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasi O'zbekiston Respublikasi Mustaqillik kuni O’zbekiston Respublikasi Mustaqillik kuni Inson huquqlari bo'yicha O'zbekistonning inson huquq kengashiga nomzod Inson huquqlari bo’yicha O’zbekistonning inson huquq kengashiga nomzod Sayyohlik Sayyohlik 8-Dekabr O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni 8-Dekabr O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni O'zbekiston matbuoti daydjestlari O’zbekiston matbuoti daydjestlari 2022 — 2026 ЎЗБЕКИСТОН СТРАТЕГИЯСИ ТЎҒРИСИДА 2022 — 2026 ЎЗБЕКИСТОН СТРАТЕГИЯСИ ТЎҒРИСИДА Конституциявий ислоҳотлар Конституциявий ислоҳотлар Boshqa yangiliklar va voqealar Boshqa yangiliklar va voqealar
hamma resurslarni ko'rsatish
YANGILIKLAR XABARNOMASI №66

PREZIDENT
Beshta tashabbus boʻyicha dasturlar yoshlar vaxotin-qizlar manfaatlariga xizmat qiladi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2019-yil 3-aprel kuni yoshlar taʼlim-tarbiyasi uchun qoʻshimcha sharoitlar yaratish, xotin-qizlar bandligini oshirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni oʻz ichiga olgan beshta tashabbusni amaliyotga joriy etish masalalari boʻyicha yigʻilish oʻtkazdi.

Avval xabar qilinganidek, 19-mart kuni bu borada videoselektor yigʻilishi oʻtkazilib, birlamchi vazifalar belgilab berilgan edi. Ularga muvofiq har bir tashabbus boʻyicha chora-tadbirlar dasturlari loyihalari ishlab chiqildi.
Yigʻilishda mazkur dasturlarga kiritilgan takliflar, ularni amalga oshirish mexanizmlari muhokama qilindi.
Xususan, birinchi tashabbus boʻyicha yoshlarni madaniyat va sanʼat muassasalariga keng jalb etishga oid dastur loyihasi tayyorlangan. Unga muvofiq, 2019-2020-yillarda 14 dan 30 yoshgacha boʻlgan 2 million nafar yoshni madaniyat va sanʼat sohasiga jalb etish boʻyicha hududiy “yoʻl xarita”larini tasdiqlash koʻzda tutilgan. Shuningdek, bolalar musiqa va sanʼat maktablarida qoʻshimcha sinflar, madaniyat markazlarida cholgʻu, xonandalik, tasviriy sanʼat toʻgaraklari, havaskorlik teatr jamoalari va bolalar ansambllarini tashkil etish belgilangan. Yangidan quriladigan, rekonstruksiya va kapital taʼmirlanadigan hamda jihozlanadigan madaniyat markazlarining manzilli roʻyxati ham shakllantirilgan.
Davlatimiz rahbari dastur loyihasida tadbirlarni amalga oshirish mexanizmlari yetarli emasligi, har bir shahar va tumanga ijodiy maslahatchi sifatida biriktirilgan soha namoyandalarining amaliy vazifalari aniq belgilanmaganini qayd etdi. Hududiy “yoʻl xarita”lari ijrosini tizimli tashkil etish, toʻgarak va sinflarga qamrab olingan bolalarni ragʻbatlantirish, jumladan, turli tanlovlar oʻtkazish zarurligini taʼkidladi.
Belgilangan qurilish, rekonstruksiya va kapital taʼmirlash ishlari, shuningdek, madaniyat markazlari, musiqa va sanʼat maktablarini zarur cholgʻu asboblari bilan taʼminlash uchun tegishli mablagʻ ajratish boʻyicha topshiriq berildi.
Ikkinchi tashabbus yuzasidan tayyorlangan yoshlarni jismoniy tarbiya va sportga jalb etish, sport inshootlari quvvatini oshirishga qaratilgan dastur loyihasida yaqin 2 yilda har bir tumanda yengil konstruksiyali, sendvich panelli kichik sport zallari qurish belgilangan.
Prezidentimiz mavjud va yangi quriladigan sport inshootlariga aholi va yoshlarni keng jalb etish, ommaviy sport tadbirlarini oʻtkazishni yanada koʻpaytirish kerakligini taʼkidladi.
Uchinchi tashabbusga muvofiq aholi va yoshlar oʻrtasida kompyuter texnologiyalari va internetdan samarali foydalanish chora-tadbirlariga oid dastur loyihasi ishlab chiqilgan. Unda 2019-2020-yillarda tuman va shaharlarda raqamli texnologiyalar oʻquv markazlari tashkil etish va ularda bepul taʼlim berish, 19 mingga yaqin ijtimoiy soha obyektini yuqori tezlikdagi internet tarmogʻiga ulash koʻzda tutilgan.
Yigʻilishda aholining kompyuter savodxonligini oshirish, axborot texnologiyalariga qiziqqan bolalarning salohiyatini roʻyobga chiqarish va malakali mutaxassis darajasiga olib chiqish, dasturiy mahsulotlar yaratish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Yoshlar maʼnaviyatini yuksaltirish, ular oʻrtasida kitobxonlikni keng targʻib qilish chora-tadbirlar dasturi loyihasi toʻrtinchi tashabbus maqsadlarini amalga oshirishga qaratilgan. Unga koʻra, har bir hududga 1 million donadan badiiy, tarixiy, ilmiy, ommabop mavzulardagi kitoblar yetkazib berish koʻzda tutilgan. Shuningdek, axborot-kutubxona markazlarini rekonstruksiya qilish va kapital taʼmirlash, tadbirkorlar tomonidan xalq kutubxonalari ochish ham belgilangan.
Beshinchi tashabbus boʻyicha hududlarda tikuv-trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarishni tashkil etish va xotin-qizlar bandligini taʼminlash chora-tadbirlari dasturi loyihasi tayyorlangan. 2019-2020-yillarda har bir tumanda yengil konstruksiyali tikuv-trikotaj korxonalarini qurish va ayollar uchun ish oʻrinlari yaratish koʻzda tutilmoqda.
Yigʻilishda ushbu korxonalarni puxta hisob-kitob asosida tashkil etish, ularda ishlab chiqariladigan mahsulotlar bozorini, yaʼni aniq xaridorini topish yuzasidan takliflar bildirildi.
Muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilarning axborotlari eshitilib, dasturlar loyihalarini yanada takomillashtirish boʻyicha aniq koʻrsatmalar berildi.
(Manba: O‘zA)
INVESTITSIYALAR
“O‘zkimyosanoat” ulushlari investorlarga sotiladi
Prezident “Kimyo sanoatini yanada isloh qilish va uning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi hujjatni imzoladi.
Qarorga muvofiq “O‘zkimyosanoat” AJ ulushlarini quyidagi tartibda sotish belgilandi:
1. Investitsiya va ijtimoiy majburiyatlarni qabul qilish sharti bilan potensial investorlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar olib borish yo‘li bilan:
“Samarqandkimyo” AJ ustav kapitalidagi 60,35% davlat aksiyalari va “O‘zkimyosanoat” AJning 39,65% aksiyalarini ekologik jihatdan zararsiz zamonaviy kimyoviy mahsulotlar ishlab chiqarishni tashkil etish sharti bilan “nol” xarid qiymatida;
“Qo‘ng‘irot soda zavodi” MCHJ ustav fondidagi “O‘zkimyosanoat” AJning 51% ulushini korxonaning ishlab chiqarish quvvatini yiliga 200 ming tonnadan 450 ming tonnagacha oshirish va yangi turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarish uchun investitsiyalarni jalb qilish sharti bilan bozor qiymatida;
“Qo‘qon superfosfat zavodi” AJ ustav kapitalidagi 70,54% davlat aksiyalari va “O‘zkimyosanoat” AJning 25% aksiyalari — “Indorama” (Singapur) kompaniyasiga superfosfat ishlab chiqarish quvvatini 100% sof holda 63 ming tonnaga yetkazish va yangi turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarish bo‘yicha investitsiya va ijtimoiy majburiyatlarni qabul qilish sharti bilan 4,3 million $ miqdorida sotib olish qiymatida;
2. “Farg‘onaazot” AJ ustav kapitalidagi 48,05% davlat aksiyalari va “O‘zkimyosanoat” AJning 2,95% aksiyalarini investor tomonidan ammiak ishlab chiqarish quvvatini yiliga 660 ming tonnaga, karbamidni — 600 ming tonnaga, ammiakli selitrani — 700 ming tonnaga va azot kislotasini — 530 ming tonnaga yetkazish bo‘yicha investitsiya majburiyatlarini qabul qilish sharti bilan — tanlov savdolarida bozor qiymatida;
3. “Elektrkimyozavod” QK AJ ustav kapitalidagi “O‘zkimyosanoat” AJning 26,14% aksiyalarini — ochiq savdolarda bozor qiymatida;
4. “Jizzax plastmassa” AJ ustav kapitalidagi 25%gacha aksiyalar — dastlabki bosqichda birlamchi ommaviy taklifni (IPO) o‘tkazish asosida;
5. Quyidagilar orqali:
“Dehqonobod kaliy zavodi” MCHJni AJga o‘zgartirish hamda jamiyatning ustav kapitalidagi 51% va undan ortiq aksiyalarni potensial investorlar mavjud bo‘lganda va ular tomonidan granulalangan xlorli kaliy, kaliy sulfati va kaliy tuzlarining boshqa turlarini ishlab chiqarishni tashkil etish, yuk tashuvchi osma yo‘l va tashqi elektr ta’minoti liniyalari qurilishini yakunlash bo‘yicha investitsiya, shuningdek, ijtimoiy majburiyatlarni qabul qilish sharti bilan ularni to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazish orqali sotish imkoniyatini nazarda tutgan holda tanlov savdolarda bozor qiymatida;
“Birinchi rezinotexnika zavodi” MCHJni AJga o‘zgartirish va jamiyatning ustav kapitalining 51%igacha bo‘lgan miqdorda qo‘shimcha chiqarilgan aksiyalarini potensial investorlar mavjud bo‘lganda va tushgan mablag‘larni jamiyat investitsiya loyihalarini amalga oshirishga hamda jalb etilgan kreditlarni so‘ndirishga yo‘naltirgan holda ularni to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazish orqali realizatsiya qilish imkoniyatini nazarda tutgan holda ochiq savdolarda bozor qiymatida sotish.
O‘zkimyosanoat" AJ uning tarkibidagi qayta tashkil etilgan tashkilotlarga tegishli yuridik shaxslarning 50% va undan ortiq aksiyalariga egalik qilishga kirishishi yangidan xarid qilingan aksiyalar paketi deb hisoblanmaydi.
(Manba: spot.uz veb-sayti)
MARKAZIY OSIYO – O‘ZBEKISTON TASHQI SIYOSATINING USTUVOR YO‘NALISHI
Termizda Hukumatlararo komissiya yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
Termiz shahrida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov va Tojikiston Respublikasi Bosh vaziri Qoxir Rasulzoda rahbarligida Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo komissiyaning 6-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda ikki davlat vazirlik va idoralarining vakillari ishtirok etdi.
Ochiq va konstruktiv ruhda o‘tgan majlisda so‘nggi yillarda ikki qo‘shni mamlakat o‘rtasidagi yaqin do‘stlik, hamkorlik aloqalari yangi bosqichda rivojlanib borayotgani alohida ta’kidlandi.
O‘zaro ishonch va hurmat tamoyillariga asoslangan O‘zbekiston-Tojikiston o‘rtasidagi do‘stlik, hamkorlik aloqalarining mustahkamlanib borayotgani xalqlarimizning tub manfaatlarini taminlashda muhim omil bo‘lmoqda. Shunga muvofiq chegaralarimiz ochildi. Mamlakatlarimiz o‘rtasida havo, temir yo‘l va yo‘nalishli avtobus qatnovlari yo‘lga qo‘yildi. Savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar aloqalar yangi bosqichga ko‘tarildi. Ikki qo‘shni davlat yetakchi korxonalari va ishbilarmon doiralarining o‘zaro manfaatli hamkorligiga xizmat qiladigan sanoat ko‘rgazmalari, biznes forumlar tashkil etildi. Bu ishlar ikki tomonlama uzoq hamkorlik aloqalarini keng yo‘lga qo‘yib, tovar almashish hajmining o‘sib borishida muhim o‘rin tutmoqda. Bularning barchasi davlatlarimiz rahbarlarining yaqin qo‘shnichilikka asoslangan yuqori darajadagi faol aloqalari samarasidir.
Tadbirda ikki mamlakat Hukumati delegatsiyalari tomonidan Hukumatlararo komissiyaning 5-yig‘ilishi davomida erishilgan kelishuvlarning amaliy natijalari sarhisob qilindi.
Shuningdek, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, energetika, madaniy-gumanitar hamda qishloq va suv xo‘jaligi sohalarida hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Mazkur yo‘nalishlardagi hamkorlikni mustahkamlash yuzasidan tegishli kelishuv imzolandi.
(Manba: O‘zA)
XALQARO MUNOSABATLAR
Komilov BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi yangi doimiy vakilini qabul qildi
2019-yilning 3-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili etib tayinlangan Matilda Dimovskani qabul qildi.
TIV xabariga ko‘ra, Matilda Dimovska BMT Taraqqiyot dasturi Administratori Akim Shtaynerning uning O‘zbekistonga tayinlangani haqidagi maktubini taqdim etgan.
Vazir M.Dimovskani lavozimga tayinlangani bilan tabrikladi va unga muvaffaqiyatlar tiladi.
Suhbat chog‘ida O‘zbekiston va BMTTD o‘rtasidagi munosabatlarning holati va istiqbollari muhokama qilindi.
Qayd etilganidek, qabul qilingan 2017-2021-yillarda rivojlanishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini qoidalari Barqaror taraqqiyot maqsadlariga (BTM) mos keladi, bu hujjatlar bosh tamoyil - «Inson manfaatlari hamma narsadan ustun» tamoyili birlashtiradi.
Vazir BMT, jumladan BMTTDning ekologiya muammolarini hal etishga ko‘maklashishga qaratilgan sa’y-harakatlarini yuqori baholadi. Ta’kidlanganidek, BMT shafeligida Orolbo‘yi uchun Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘psheriklik trast jamg‘armasining tashkil etilishi ulkan mintaqaning ekologik muammolarini hal etish sohasida muhim voqea bo‘ldi.
Matilda Dimovska mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish jarayonida BMTning faol ishtirok etish maqsadini tasdiqladi va 2016-2020-yillarda O‘zbekistonning rivojlanish maqsadlariga ko‘maklashish bo‘yicha uchun BMTning Hadli dasturini (UNDAF) amalga oshirish jarayonini yuqori baholadi, deyiladi xabarda.
(Manba: Kun.uz veb-sayti)
O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni ishbilarmon doiralari o‘rtasida biznes muloqot boshlandi
Mamlakatimizda Saudiya Arabistoni Qirolligi Savdo-sanoat palatalari Kengashi Bosh kotibi Saudbin Abdulaziz al-Mashariyboshchiligidagi delegatsiya bo‘lib turibdi.
Delegatsiya tarkibidan Qirollikning “Far East”, “Awad Group”, “Dhel al-Nakheel”, “Rabee company” kabi 20 ga yaqin yirik kompaniyalari vakillari o‘rin olgan.
O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur kompaniyalar mamlakatimiz ishbilarmonlari bilan qishloq xo‘jaligi, yengil sanoat, oziq-ovqat, turizm, savdo, energetika sohalari bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish istagida.
Toshkentda bugun, 3 aprel kuni tashrif doirasida ikki mamlakat ishbilarmon doiralarining biznes uchrashuvi ham o‘tkazilmoqda. Unda mamlakatimizdan 100 dan ziyod korxona vakillari ishtirok etmoqda.
(Manba: O‘zA)
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY MAJLISI QONUNCHILIK PALATASI
Yo‘llar ravon bo‘lsa, taraqqiyot ham tezlashadi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasida o‘tkazilgan navbatdagi “Hukumat soati”ga quyi palatadagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi tashabbusi bilan Sanoat, savdo va qurilish masalalari qo‘mitasi hamkorligida “Xo‘jaliklararo qishloq avtomobil yo‘llarining hamda shaharlar, shahar posyolkalari, qishloqlar va ovullar ko‘chalarining mavjud tarmoqlarining bugungi holati, ularni yaxshilash yuzasidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi masala kiritildi.
Ta’kidlash joizki, deputatlarning o‘z saylov okruglaridagi uchrashuvlari davomida keng aholi qatlami tomonidan muntazam ko‘tarilayotgan og‘riqli muammolardan biri ekanligi mazkur masalaning naqadar dolzarbligini ko‘rsatmoqda.
Shu munosabat bilan “Hukumat soati”ga quyi palata deputatlariga axborot hamda savollarga atroflicha javob berish uchun O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Shuhrat Nazarov taklif etildi.
Dastlab parlament vakillari ko‘targan masala yuzasidan qo‘mita tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida axborot berildi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 14-fevraldagi “2017-2018-yillarda mintaqaviy avtomobil yo‘llarini rivojlantirish dasturi to‘g‘risida”gi qarori yo‘l-transport infratuzilmasini yanada takomillashtirish, aholining hayot faoliyati uchun, ayniqsa, qishloq joylarda qulay shart-sharoitlar yaratish, ichki yo‘llarning yo‘l qoplamalari holatini zarur darajaga keltirish, transport va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasining jadal rivojlanishini ta’minlashga xizmat qilayotgani qayd etib o‘tildi. Shuningdek, Prezidentimizning “Obod qishloq” dasturini 2018 yilda amalga oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, o‘tgan 2018-yilda 417 ta qishloqdagi yo‘llar ta’mirlanib, foydalanishga topshirilgan.
Sohada malakali kadrlar tayyorlanishining mutlaqo yangi tizimini shakllantirishda, xorijiy davlatlarda talabalar amaliyotini tashkil etish, o‘quv jarayoniga ilg‘or xorijiy mutaxassislarni jalb qilish, qo‘shma adabiyotlar chop etish masalalarini rivojlantirish hamda avtomobil yo‘llarini loyihalash, qurish va ekspluatatsiyasi jarayoni, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash, avtomobil harakat oqimini samarali boshqarishda xalqaro maydonda keng foydalanilayotgan zamonaviy dasturiy ta’minotlar litsenziyalarini xarid qilish choralari ko‘rilayotgani ta’kidlandi.
Deputatlar tomonidan qo‘mita faoliyatiga munosabat bildirilib, joylardagi muammolar aniq dalil va misollar bilan keltirib o‘tildi. Xususan, yo‘llarning sifatsiz qurilishi aholi yoki davlatga nafaqat iqtisodiy zarar, balki boshqa talafotlarni ham keltirib chiqarmoqda. Yo‘l-transport hodisalarining muayyan qismi aynan yo‘llarning nosozligi tufayli sodir bo‘lmoqda.
Shu bilan birga, yo‘llarni sifatli va uzoq muddatli xizmat qilishini ta’minlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar talab darajasida emasligi ham tanqid ostiga olindi. Deputatlar yo‘l qurilishida zarur materiallar va texnikaning yetishmasligi, ichki yo‘llarda belgilangan me’yordan ortiq vaznga ega yuk avtomobillarining harakatlanishini cheklash, avtomobil yo‘llarini risoladagidek holga keltirishda davlat va xususiy sektor munosabatlarini rivojlantirish bo‘yicha ishlar talab darajasida emasligiga e’tiroz bildirdi.
Qizg‘in savol-javob, bahs-munozara ruhida kechgan “Hukumat soati”da yo‘llarning bugungi holati, ularni yaxshilash borasida qilinayotgan ishlarni jadallashtirish, sifatini oshirish yuzasidan Avtomobil yo‘llari qo‘mitasiga tavsiyalar berildi. Bu borada samarali parlament nazoratini olib borishga kelishib olindi.
Qonunchilik palatasining bir guruh deputatlari tomonidan esa, masalaning dolzarbligi, mavjud kamchilik va muammolarning respublikamizning har bir hududida mavjudligi hisobga olinib, O‘zbekiston Respublikasi transport vaziriga parlament so‘rovi yuborish taklifi bildirildi.
(Manba: O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Matbuot xizmati)
OROL VA SUV RESURSLARI MUAMMOLARI
Norvegiya O‘zbekistonning Orol dengizi hududi uchun 1,1 mln dollar ajratmoqda
2019-yilning 1-aprel kuni Norvegiya hukumati va BMTning Ko‘p tomonlama sheriklik trast jamg‘armasining Nyu-Yorkdagi Ofisi BMTning O‘zbekistonni Orolbo‘yi hududi uchun Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p tomonlama sheriklik trast jamg‘armasiga 9,5 million Norvegiya kroni (qariyb 1,1 million AQSh dollari) miqdoridagi to‘lovni tasdiqlovchi standart shartnomani imzoladilar.
1960-yillargacha dunyoning to‘rtinchi yirik yopiq dengizi bo‘lmish Orolning qurishi milliy va mintaqaviy chegaralar doirasidan chiquvchi insoniyatning eng katta ekologik falokati hisoblanadi, deyiladi O‘zbekistondagi BMT vakilligi xabarida.
2018-yilda BMT shafeligida tashkil etilgan Trast jamg‘armasi Orol dengizi hududida istiqomat qiluvchi hamjamiyatlarning ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy ehtiyojlarini hal qilishda milliy va xalqaro darajada hamkorlikni amalga oshirish va barqaror rivojlanish sohasida global maqsadlarga erishish bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlarni tezlashtirish uchun yagona maydonni taqdim etadi.
Bugungi kunga kelib O‘zbekiston Respublikasi hukumati o‘z bo‘yniga Trast jamg‘armasiga 6,5 million dollar miqdorida ulushini qo‘shish haqida majburiyatni olgan, uning 2,0 million dollari Trast jamg‘armasining hisobiga o‘tkazib bo‘lindi. Norvegiya Jamg‘armaga mablag‘ kiritgan birinchi tashqi donor bo‘ldi.
Hozirda O‘zbekiston Hukumati BMT bilan hamkorlikda Orol dengizi hududida istiqomat qilayotgan jamoalar duch kelayotgan muammolar haqida xabardorlikni oshirish va Trast jamg‘armasiga qo‘shimcha moliyaviy va texnik resurslarni jalb qilish bo‘yicha faol ishlarni olib bormoqda.
«Orol dengizi uchun inson xavfsizligi bo‘yicha Ko‘p tomonlama sheriklik trast jamg‘armasi hukumat va rivojlanish sohasidagi hamkorlarga aynan insonlarga yo‘naltirilgan, jamoalarning ahvoli, talab va ehtiyojlariga asoslangan, harakat sur’atlari va innovatsiyalarga alohida e’tibor bergan holda yechimlarni ishlab chiqishda birgalikdagi faoliyat olib borish imkonini bermoqda, - deydi BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori Xelena Freyzer. - Biz Jamg‘armaning donoriga aylanib, Orol dengizi muammosini hal qilish ishiga tarafdorligini tasdiqlagan Norvegiyaning mazkur qarorini qo‘llab-quvvatlaymiz. Bu qaror O‘zbekistondagi tezkor barqaror rivojlanishga ko‘mak berishda Norvegiyaning qat’iyatliligidan dalolat beradi».
(Manba: Kun.uz veb-sayti)
I XALQARO BAXSHICHILIK SANʼATI FESTIVALI
Xalqimiz madaniyatining noyob durdonasi
Baxshichilik xalqimiz maʼnaviyati, madaniyati va badiiy salohiyatini namoyon etadigan yorqin koʻzgudir. Ushbu sanʼat davr murakkabliklarini yengib, oʻzining goʻzal shakllari, sodda va teran mazmuni, chuqur mohiyati bilan asrlar osha ahamiyatini yoʻqotgani yoʻq.
Olimlarning eʼtirof etishicha, “baxshi” soʻzi ustoz, maʼrifatchi degan maʼnolarni ang­latadi. ­Mutafakkir shoirimiz Alisher ­Navoiyning “Munshaot” asarida bu soʻz kotib, mirzo maʼnolarida qoʻllanilgan. Oʻzbeklarda baxshi deb atalgan xalq ijodkorlari ­boshqa turkiy xalqlarda ham mavjud boʻlib, qoraqalpoqlarda jirov, qozoqlarda oqin, qirgʻizlarda manaschi, moʻgʻullarda toʻlchi, oʻgʻuzlarda uzan, deyiladi.
Baxshilar favqulodda kuchli xotiraga ega boʻladi. Ular xalq ­dostonlarini soatlab, hatto bir necha kun mobaynida yoddan aytishi mumkin. Ushbu sanʼat, asosan, “ustoz — shogird” maktabi anʼanalari asosida rivojlangan. Baxshilar sho­girdlarini ikki-uch yil, ayrim joylarda besh-olti yil begʻaraz oʻqitishgan. Vaqti kelib, ustoz shogird uchun maxsus sinov uyushtirgan: shogird saralangan auditoriya oldida butun bir dostonni maromiga yetkazib kuylab berishi lozim boʻlgan. Agar u ustoz talablariga mos ijro qila olsa, shundan soʻng tarbiyalanuvchi baxshi nomini olgan va mustaqil faoliyat boshlagan.
Yurtimizda doston kuylash anʼanasi qadimda uch yoʻnalishda rivojlangan. Birinchi yoʻnalish — Bulungʻur, Narpay, Nurota, Qoʻrgʻon, Shahrisabz, Qamay, Sherobod, Janubiy Tojikistonda yashovchi oʻzbek-laqay dostonchilik maktablarida doʻmbira chertib yakka holda, boʻgʻiz ovoz bilan ijro etilgan. Ikkinchi yoʻnalish — Xorazmda tor, dutor, gʻijjak, garmon, bulamon, qoʻshnay, doira joʻrligida baʼzan yakka, baʼzan juft holda, ochiq ovoz bilan ijro etilgan. Uchinchi yoʻnalish — Fargʻona vodiysida dutor joʻrligida ochiq ovozda aytilgan.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan oʻtgan yili Termiz shahrida tashkil etilgan “Baxshilar maktabi” baxshichilik sanʼati anʼanalarini oʻrganish va davom ettirish, isteʼdodli yoshlarni kashf qilish hamda tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Prezidentimizning 2018-yil 1-noyabrdagi qaroriga muvofiq, 5-10-aprel kunlari Termiz shahrida boʻlib oʻtadigan Xalqaro baxshichilik sanʼati festivali ham ushbu noyob sanʼatimizni jahon miqyosida keng targʻib etish, milliy madaniyatimizni yanada yuksaltirishda keng imkoniyatlar ochadi. Baxshilarimiz doʻmbirasi ohangini, xalq dostonlarini dunyo ahli tinglaydi. Xalqimiz ham doʻmbiraning noyob ovozi va baxshilarning yuksak mahoratidan, xalq ogʻzaki ijodining nodir durdonalaridan yana bir bor bahramand boʻladi.
Festival doirasida xorijiy va mahalliy olimlar ishtirokida ilmiy-amaliy anjuman tashkil etiladi. Ayni paytda ushbu yoʻnalishda ilmiy izlanishlar olib borayotgan 70 nafarga yaqin xorijlik olimlar anjumanda qatnashish istagini bildirib, oʻz maʼruzalarini taqdim etgan. Ular orasida AQSH, Germaniya, Fransiya, Rossiya, Xitoy, Yaponiya, Janubiy Koreya va Turkiya kabi yirik mamlakatlar vakillari borligi anjuman nufuzini yanada oshiradi.
(Manba: “Xalq so‘zi online” veb-sahifasi)
SPORT
O‘zbekiston FIFA reytingida Livandan o‘zib ketib, Suriyaga yaqinlashdi
O‘zbekiston milliy jamoasi FIFAning 2019 yil aprel oyi uchun terma jamoalar reytingida to‘rt pog‘ona yuqorilab, 85-o‘ringa joylashdi. Osiyo jamoalari ichida esa O‘zbekiston Livanni ortda qoldirib, 11-pog‘onaga chiqdi.
Ektor Kuper qo‘l ostidagi jamoa mart oyidagi FIFA kunlarida Xitoyda bo‘lib o‘tgan «China Cup» xalqaro turniri doirasida ikkita o‘yin o‘tkazgandi. Dastlab Urugvayga 0:3 hisobida yutqazgan o‘zbekistonliklar keyingi o‘yinda mezbon Xitoy milliy jamoasidan 1:0 hisobida ustun kelishgandi.
FIFA reytingining yangi talqinida Osiyo jamoalari reytingidagi yuqori o‘nlik o‘zgarmay qolgan. Unda umumiy reytingda 21-o‘rindagi Eron milliy jamoasi yetakchilik qilmoqda. Yuqori to‘rtlikdagi Eron, Yaponiya, Janubiy Koreya va Avstraliya milliy jamoalari umumiy reytingda teng darajada – bir pog‘onadan yuqorilashga erishishgan.
Jahon reytingini hamon Belgiya milliy jamoasi boshqarib turibdi. Eng yuqori uchlikdan Fransiya va Braziliya ham joy olgan. Angliya milliy jamoasi Xorvatiyadan ilgarilab ketib, 4-o‘ringa, Urugvay esa Portugaliyani ortda qoldirib 6-o‘ringa chiqib olgan. O‘nlikdagi boshqa jamoalar – Shveytsariya (8-o‘rin), Ispaniya (9) va Daniyaning (10) o‘rni o‘zgarmay qolgan.
(Manba: Kun.uz veb-sayti)
ILOVA
“Kimyo sanoatini yanada isloh qilish va uning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
Soʻnggi yillarda kimyo sanoati korxonalarini moliyaviy-iqtisodiy sogʻlomlashtirish va ularnin gfaoliyatini barqarorlashtirish, amaldagi ishlab chiqarishlarni modernizatsiya qilish, uglevodorod xomashyosi va mineral resurslarni chuqur qayta ishlash boʻyicha yangi quvvatlarni barpo etishga qaratilgan investitsiya loyihalarini amalga oshirish orqali tarmoqni yanada rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlarini belgilab berish, shuningdek, ishlab chiqarilayotgan yuqori qoʻshilgan qiymatli kimyoviy mahsulotlar nomenklaturasini kengaytirish borasidagi chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Shu bilan birga, kimyo sanoatini jadal rivojlantirish va diversifikatsiya qilishga qaratilgan loyihalarni amalda roʻyobga chiqarish, eng avvalo, davlat aktivlarini xususiy mulkka sotish hisobiga korxonalardagi davlat ulushini qisqartirish, korporativ boshqaruvning zamonaviy uslublari, moliyaviy hisobotlarning xalqaro standartlarini joriy etish hamda korxonalarning boshqaruv tuzilmasini takomillashtirish orqali tarmoqning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish boʻyicha taʼsirchan choralar koʻrilishi zarurligini taqozo etmoqda.
Kimyo sanoatini yanada rivojlantirish, uning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish va tarmoqni diversifikatsiya qilishga toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish hajmlarini kengaytirish maqsadida:
1. “Oʻzkimyosanoat” AJning Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda optimallashtirilgan va yangi istiqbolli loyihalar bilan toʻldirilgan, hisoblangan qiymati12,1 milliard AQSH dollariga teng, shu jumladan, 1,7 milliard AQSH dollari miqdorida toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar va kreditlar hisobiga 31 ta investitsiya loyihasini amalga oshirishni nazarda tutuvchi hamda quyidagilarga qaratilgan 2019-2030-yillarda kimyo sanoatini rivojlantirish dasturi 1-ilovaga muvofiq maʼqullansin:
azotli, fosforli, kaliyli va murakkab mineral oʻgʻitlarni, shu jumladan, ushbu mahsulotlarni “Navoiyazot” AJ, “Samarqandkimyo” AJ, “Fargʻonaazot” AJ, “Qoʻqon superfosfat zavodi” AJ, “Ammofos-Maksam” AJ, “Dehqonobod kaliy zavodi” MCHJ negizida, shuningdek, Sirdaryo viloyatining Yangiyer shahri va Navoiy viloyatining Tomdi tumanida ishlab chiqarish boʻyicha amaldagi quvvatlarni modernizatsiya qilish, kengaytirish hamda energiya jihatidan samarador yangi quvvatlarni barpo etish;
“Oʻzbekneftgaz” AJ bilan birgalikda va yetakchi xorijiy kompaniyalar ishtirokida hamda ilgʻor texnologiyalar va zamonaviy innovatsion ishlanmalarni qoʻllagan holda polimer mahsulotlari, shu jumladan, polietilentereftalat (PET), polivinilxlorid (PVX), sintetik kauchuk, polistirol, poliuretan, poliol, akrilonitril-butadiyen-stirol (ABS) plastik, poliakrilonitril (PAN) mahsulotlarini chiqarish boʻyicha yangi ishlab chiqarishlarni barpo etish;
tarmoq korxonalarining mavjud ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanish samaradorligini, ularning negizida iqtisodiyot tarmoqlarida talab etilayotgan kimyoviy mahsulotlarning yangi turlarini, shu jumladan, melamin, metilamin, formaldegidli, karbamid-formaldegidli va melamin-formaldegidli saqichlar, etilatsetat, ozuqa tuzi, natriy bikarbonati, xlor-sirka kislotasi, natriy nitrati, butilatsetat, trinatriy fosfat, nitroselluloza, metallurgiya, neftgaz va toʻqimachilik sanoatlari uchun reagentlar, katalizatorlar va kimyoviy qoʻshilmalar, shuningdek, polimer fitinglar, biaksil yoʻnaltirilgan polipropilen plyonkasi (BOPP), oʻsimliklarni kimyoviy himoya qilish vositalari va ularni ishlab chiqarish uchun amaldagi moddalarni chiqarish boʻyicha ishlab chiqarish klasterlarini tashkil etish.
2. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Kimyo tarmogʻida islohotlarni bosqichma-bosqich amalga oshirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
tarmoqning ayrim korxonalari aktivlarini mahalliy va xorijiy investorlarga sotish orqali amaldagi ishlab chiqarishlarni modernizatsiya qilish va kengaytirishga toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalarni jalb etishni ragʻbatlantirish;
“Oʻzkimyosanoat” AJ tashkiliy tuzilmasini takomillashtirish va jamiyat boshqaruvi organlarining mustaqilligi va masʼuliyatini oshirishga qaratilgan korporativ boshqaruvning zamonaviy uslublarini joriy etish;
kimyo tarmogʻi korxonalarining faoliyati samaradorligini oshirish va moliyaviy holatini yanada yaxshilash.
3. “Oʻzkimyosanoat” AJ, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining xoʻjalik jamiyatlari ustav kapitalidagi davlat va “Oʻzkimyosanoat” AJ ulushlarini quyidagi tartibda sotish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin:
a) investitsiya va ijtimoiy majburiyatlarni qabul qilish sharti bilan potensial investorlar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralar olib borish yoʻli bilan:
“Samarqandkimyo” AJ ustav kapitalidagi 60,35 foiz davlat aksiyalari va “Oʻzkimyosanoat” AJning 39,65 foiz aksiyalarini ekologik jihatdan zararsiz zamonaviy kimyoviy mahsulotlar ishlab chiqarishni tashkil etish sharti bilan “nol” xarid qiymatida;
“Qoʻngʻirot soda zavodi” MCHJ ustav fondidagi “Oʻzkimyosanoat” AJning 51 foiz ulushini korxonaning ishlab chiqarish quvvatini yiliga 200 ming tonnadan 450 ming tonnagacha oshirish va yangi turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarish uchun investitsiyalarni jalb qilish sharti bilan bozor qiymatida;
“Qoʻqon superfosfat zavodi” AJ ustav kapitalidagi 70,54 foiz davlat aksiyalari va “Oʻzkimyosanoat” AJning 25 foiz aksiyalari – “Indorama” (Singapur) kompaniyasiga superfosfat ishlab chiqarish quvvatini 100 foiz sof holda 63ming tonnaga yetkazish va yangi turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarish boʻyicha investitsiya va ijtimoiy majburiyatlarni qabul qilish sharti bilan 4,3 million AQSH dollari miqdorida sotib olish qiymatida;
b) “Fargʻonaazot” AJ ustav kapitalidagi 48,05 foiz davlat aksiyalari va “Oʻzkimyosanoat” AJning 2,95 foiz aksiyalarini investor tomonidan ammiak ishlab chiqarish quvvatini yiliga660 ming tonnaga, karbamidni – 600 ming tonnaga, ammiakli selitrani – 700 ming tonnaga va azot kislotasini – 530 ming tonnaga yetkazish boʻyicha investitsiya majburiyatlarini qabul qilish sharti bilan – tanlov savdolarida bozor qiymatida;
v) “Elektrkimyozavod” QK AJ ustav kapitalidagi “Oʻzkimyosanoat” AJning 26,14 foiz aksiyalarini – ochiq savdolarda bozor qiymatida;
g) “Jizzax plastmassa” AJ ustav kapitalidagi 25 foizgachaaksiyalar – dastlabki bosqichda birlamchi ommaviy taklifni (IPO) oʻtkazish asosida;
d) quyidagilar orqali:
“Dehqonobod kaliy zavodi” MCHJni aksiyadorlik jamiyatiga oʻzgartirish hamda jamiyatning ustav kapitalidagi 51 foiz va undan ortiq aksiyalarni potensial investorlar mavjud boʻlganda va ular tomonidan granulalangan xlorli kaliy, kaliy sulfati va kaliy tuzlarining boshqa turlarini ishlab chiqarishni tashkil etish, yuk tashuvchi osma yoʻl va tashqi elektr taʼminoti liniyalari qurilishini yakunlash boʻyicha investitsiya, shuningdek, ijtimoiy majburiyatlarni qabul qilish sharti bilan ularni toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralar oʻtkazish orqali sotish imkoniyatini nazarda tutgan holda tanlov savdolarda bozor qiymatida;
“Birinchi rezinotexnika zavodi” MCHJni aksiyadorlik jamiyatiga oʻzgartirish va jamiyatning ustav kapitalining 51 foizigacha boʻlgan miqdorda qoʻshimcha chiqarilgan aksiyalarini potensial investorlar mavjud boʻlganda va tushgan mablagʻlarni jamiyat investitsiya loyihalarini amalga oshirishga hamda jalb etilgan kreditlarni soʻndirishga yoʻnaltirgan holda ularni toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralar oʻtkazish orqali realizatsiya qilish imkoniyatini nazarda tutgan holda ochiq savdolarda bozor qiymatida sotish.
4. Belgilab qoʻyilsinki:
“Qoʻqon superfosfat zavodi” AJ va “Fargʻonaazot” AJ ustav kapitallaridagi davlat ulushini sotishdan tushgan mablagʻlar, istisno tariqasida, “Oʻzkimyosanoat” AJ ustav kapitalidagi davlat hissasi sifatida, mazkur mablagʻlardan ushbu qarorga 1-ilovada koʻrsatilgan investitsiya loyihalarini amalga oshirishda maqsadli foydalanish uchun Kimyo sanoati tashkilotlarini rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasiga toʻliq yoʻnaltiriladi;
“Oʻzkimyosanoat” AJ uning tarkibidagi qayta tashkil etilgan tashkilotlarga tegishli yuridik shaxslarning 50 foiz va undan ortiq aksiyalariga egalik qilishga kirishishi yangidan xarid qilingan aksiyalar paketi deb hisoblanmaydi;
ushbu qarorga muvofiq tarmoq korxonalarini qayta tashkil etishda tashkilotdan tashkilotga oʻtkaziladigan mulk, mulk huquqlari, shuningdek, aksiyalar, ulushlar va aktivlar hamda davlat aktivlarini sotishdan tushgan, shu jumladan, “Oʻzkimyosanoat” AJ ustav kapitaliga oʻtkaziladigan daromadlar qiymati yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻi, yagona soliq toʻlovi, toʻlov manbaidan toʻlanadigan dividendlar koʻrinishidagi daromadlarga soliq hisoblashda soliq solinadigan bazaga kiritilmaydi;
Dehqonobod kaliy zavodi aksiyalarini potensial investorlarga toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralar oʻtkazish yoki qoʻshimcha aksiyalarni chiqarish orqali, shu jumladan, ularga investitsiya majburiyatlarini yuklagan holda sotishdan tushgan mablagʻlar jamiyatning Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi oldidagi kreditlarini soʻndirishga yoʻnaltiriladi;
xoʻjalik boshqaruvi organlarining ustav kapitaliga oʻtkazilgan xoʻjalik jamiyatlari ustav kapitallaridagi ulushlarni tasarruf etish ularning boshqaruv organlari qarorlari bilan amalga oshiriladi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi uch oy muddatda mineral oʻgʻitlar narxlarining keskin oʻzgarishi xavfini hamda paxta xomashyosi va gʻalla qiymatiga taʼsirining oldini olishni hisobga olgan holda mineral oʻgʻitlarga boʻlgan narxlarni shakllantirishning bozor mexanizmlarini joriy etish, shuningdek, mineral oʻgʻitlarni sotib olish uchun birja savdolarida barcha ishtirokchilar (xaridorlar) uchun teng sharoitlarni taʼminlash boʻyicha hukumat qarorini qabul qilsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi va “Oʻzkimyosanoat” AJning ushbu qarorga 3-ilovada koʻrsatilgan umumiy qiymati 85,1 million AQSH dollari miqdoridagi, shu jumladan, moliyalashtirish manbai sifatida toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb etish hisobiga “Oʻzkimyosanoat” AJ investitsiya loyihalarini moliyalashtirishga Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi mablagʻlarini optimallashtirish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi hududiga TIF TN boʻyicha 4011 va 4012 kodi bilan import qilinadigan avtomobil va qishloq xoʻjaligi shinalariga bojxona bojlarining aralash stavkasi joriy etilsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga 4-ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 23-avgustdagi “2017-2021-yillarda kimyo sanoatini rivojlantirish dasturi toʻgʻrisida”gi PQ-3236-son qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi “Oʻzkimyosanoat” AJ bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
11. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari E.M.Gʻaniyev va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining oʻrinbosari G.K.Saidova zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri,
2019-yil 3-aprel