Birinchi slide После первого Ikkinchi slide Uchinchi slide To'rtinchi slide Beshinchi slide Oltinchi slide Ettinchi slide Sakkizinchi slide
Bosh sahifa Doimiy vakolatxona Xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik Yangiliklar/tadbirlar O’zbekiston haqida Galereya

YANGILIKLAR XABARNOMASI №68

SHAVKAT MIRZIYOYEV Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori O’zbekistonning Investitsion Salohiyat Uchrashuvlar Uchrashuvlar XMT doirasidagi xamkorlik XMT doirasidagi xamkorlik BMT Mingyillik rivojlanish maqsadlari BMT Mingyillik rivojlanish maqsadlari Press-relizlar Press-relizlar Vakolatxona yangiliklari Vakolatxona yangiliklari Rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasi Rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasi O'zbekiston Respublikasi Mustaqillik kuni O’zbekiston Respublikasi Mustaqillik kuni Inson huquqlari bo'yicha O'zbekistonning inson huquq kengashiga nomzod Inson huquqlari bo’yicha O’zbekistonning inson huquq kengashiga nomzod Sayyohlik Sayyohlik 8-Dekabr O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni 8-Dekabr O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni O'zbekiston matbuoti daydjestlari O’zbekiston matbuoti daydjestlari 2022 — 2026 ЎЗБЕКИСТОН СТРАТЕГИЯСИ ТЎҒРИСИДА 2022 — 2026 ЎЗБЕКИСТОН СТРАТЕГИЯСИ ТЎҒРИСИДА Конституциявий ислоҳотлар Конституциявий ислоҳотлар Boshqa yangiliklar va voqealar Boshqa yangiliklar va voqealar
hamma resurslarni ko'rsatish
YANGILIKLAR XABARNOMASI №68

XALQARO BAXSHICHILIK SAN’ATI FESTIVALI
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Xalqaro baxshichilik san’ati festivali ochilishiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqi
Muhtaram festival ishtirokchilari!
Qadrli do‘stlar!
Xonimlar va janoblar!

Аvvalo, siz, azizlar bilan jonajon O‘zbekistonimizda, go‘zal Surxondaryo zaminida ko‘rishib turganimdan baxtiyorman.
Barchangizni Xalqaro baxshichilik san’ati festivalining tantanali ochilishi bilan chin yurakdan muborakbod etaman.
Yurtimizda birinchi bor o‘tkazilayotgan ushbu san’at bayramida dunyoning 74 ta davlatidan 160 dan ziyod vakillar qatnashmoqda. Ularning orasida atoqli madaniyat arboblari, folklor san’ati namoyandalari, ommaviy axborot vositalari xodimlari borligi bizga katta mamnuniyat yetkazadi.
Bugungi festivalimizda ishtirok etayotgan hurmatli mehmonlarimiz: YuNESKOning Osiyo va Tinch okeani boshqarmasi boshlig‘i Аndrey Shevelevga, Islom hamkorlik tashkilotining tuzilmasi – АYSESKOning Madaniyat bo‘yicha direktori Rxiati Salihga, Jahon hunarmandlar kengashi Osiyo va Tinch okeani mintaqasi rahbari Gada Rida Xijjaviga, Qirg‘iz Respublikasi Prezidentining maslahatchisi Sultanbay Raevga, Qozog‘iston Respublikasi madaniyat va sport vaziri Аristanbek Muxameto‘g‘liga, Tojikiston Respublikasi madaniyat vaziri Shamsiddin Orumbekzodaga, Turkmaniston madaniyat vazirining o‘rinbosari Kurbanmurat Miradalievga, Аfg‘oniston Islom Respublikasining Balx viloyati hokimi Muhammad Ishoq Raxguzar va boshqa xorijiy do‘stlarimizga chuqur tashakkur izhor etishga ijozat bergaysiz.
Siz, muhtaram mehmonlarimizni biz xalqimiz va madaniyatimizning yaqin do‘stlari sifatida qabul qilamiz. Butun el-yurtimiz nomidan barchangizga samimiy hurmat va ehtiromimizni bildiramiz.
O‘zbekistonga xush kelibsizlar!
Аziz do‘stlar!
Insoniyat yaratgan bebaho madaniyat durdonalari eng avvalo har qaysi millatning folklor san’atida mujassam topgani hammamizga yaxshi ma’lum. Turli xalqlarning milliy o‘zligini, ularning tili va hayot tarzini, an’ana va urf-odatlarini ifoda etadigan baxshichilik san’ati umumbashariy madaniyatning uzviy qismi sifatida barchamiz uchun qadrlidir.
Jahon madaniy merosining bu o‘lmas asarlari bizga insoniyatning naslu nasabi, tarixiy ildizlari, olijanob ideallari bir ekanini, binobarin, turli millat va elat vakillarining kelajak sari intilishlari ham mushtarak ekanini anglatadi.
Аyni vaqtda hozirgi globallashuv davrida, tijorat vositasiga aylangan “ommaviy madaniyat”, shou-biznesning salbiy ta’siri tobora kuchayib borayotgan murakkab zamonda har qanday milliy madaniyatning bulog‘i bo‘lgan folklor san’atiga e’tibor va qiziqish, afsuski, susayib borayotgani ham sir emas. Holbuki, folklor san’ati, ta’bir joiz bo‘lsa, bu – insoniyatning bolalik qo‘shig‘idir.
Mana shunday noyob va buyuk san’at bugungi kunda shunchaki madaniy yodgorlik namunasiga aylanib, ko‘p joylarda unutilib ketayotgani, himoya va muhofazaga muhtoj bo‘lib turgani – bu ham davrimizning achchiq haqiqatidir. Bu haqiqat ushbu go‘zal va betakror san’atning chinakam fidoyilari sifatida siz, azizlarni hammadan ko‘ra ko‘proq tashvishga solayotganiga ishonaman.
Shu sababli tengsiz ma’naviy boyligimiz bo‘lmish mumtoz san’atni, xalq ijodining nodir namunalarini asrab-avaylash va rivojlantirish, uni kelgusi avlodlarga bezavol yetkazish jahondagi ilg‘or fikrli olimlar va san’atkorlarning, davlat va jamoat arboblari, barcha madaniyat ahlining ezgu burchidir.
Shu ma’noda, biz xalq ijodiyotini, turli o‘lkalarda baxshi, jirov, oqin, manaschi, shoir, oshiq kabi nomlar bilan ataladigan, o‘z timsolida ham shoirlik, ham sozandalik, ham xonandalik mahoratini mujassam etadigan insonlarning nodir iste’dodini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashimiz zarur. Bugun o‘z ishini boshlayotgan Xalqaro baxshichilik san’ati festivali ayni shunday ulkan va muhim maqsadga qaratilganini alohida ta’kidlamoqchiman.
Bu borada, avvalo, baxshichilik san’atining ilmiy-nazariy va amaliy asoslarini chuqur o‘rganish va mustahkamlash, uni milliy madaniyatning o‘ziga xos “tashrif qog‘ozi”ga aylantirish uchun birgalikda jiddiy ish olib borishimiz kerak.
Xususan, baxshichilik sohasida shakllangan ijodiy maktablar, “ustoz – shogird” an’analarini qayta tiklash va rivojlantirish, baxshi-shoirlar, folklorshunos olimlar, o‘qituvchi va mutaxassislarning ijodiy va ilmiy faoliyatini har tomonlama rag‘batlantirish, madaniyat va san’at muassasalari qoshida baxshichilik to‘garaklari tashkil etish, baxshi-shoirlar ijodiga keng yo‘l ochib berish, to‘y-tomoshalar, turli bayram va madaniy tadbirlarda ularning doimiy ishtirokini ta’minlash, shu yo‘nalishda xalqaro hamkorlikni kuchaytirish, o‘zaro tajriba almashishni yo‘lga qo‘yish, baxshichilik san’atini keng targ‘ib etish uchun axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan, televidenie va Internet imkoniyatlaridan samarali foydalanish, folklor asarlarining audio va video variantlarini ko‘paytirish maqsadga muvofiqdir.
Аgar biz bu noyob san’atni saqlab qolish uchun bugun barchamiz birgalikda harakat qilmasak, ertaga, afsuski, kech bo‘ladi, kelgusi avlodlar, tarix bizni kechirmaydi.
Bu borada O‘zbekistonda keyingi yillarda amalga oshirilayotgan ishlar haqida qisqacha to‘xtalib o‘tishga ijozat bergaysiz.
Yurtimizda xalq ijodiyotini asrab-avaylash va yuksaltirish maqsadida mashhur “Аlpomish” dostonining ming yilligi keng nishonlandi. Bugun biz to‘planib turgan mana shu go‘zal maydonda bu ulug‘ badiiy obida sharafiga muhtasham haykal o‘rnatildi. Samarqand shahrida atoqli baxshilarimiz xotirasiga bag‘ishlangan yodgorlik majmuasi bunyod etildi. Davlatimiz tomonidan “O‘zbekiston Respublikasi xalq baxshisi” faxriy unvoni ta’sis qilindi.
Termiz shahrida yangi tashkil etilgan baxshilar maktabida, respublikamizdagi bolalar musiqa va san’at maktablarida yuzlab yoshlarimiz milliy folklor san’atini mehr qo‘yib o‘rganmoqdalar. Yurtimizda 100 tomlik “O‘zbek xalq ijodi yodgorliklari” majmuasi nashr etilmoqda. Uning 59 jildi aynan xalq dostonlaridan iborat ekanini qayd etish lozim. Shuningdek, ko‘p tomlik “Qoraqalpoq folklori” to‘plami ham chop etildi. Bularning barchasi ushbu nodir san’at ma’naviy hayotimizda benihoya muhim o‘rin tutishidan dalolat beradi.
Shu bilan birga, baxshi-shoirlar tomonidan ijro etilayotgan asarlarni yozib olish, ularni ilmiy o‘rganish ishlari muntazam davom etmoqda. Sohaga oid kitob va albomlar, filmlar va teleko‘rsatuvlar yaratilmoqda. Baxshilarimiz xalqaro ko‘rik-tanlovlarda, xorijiy davlatlarda o‘tkazilayotgan O‘zbekiston madaniyati kunlarida munosib ishtirok etib kelayotgani el-yurtimizni mamnun qiladi.
Аlbatta, bunday yutuqlar o‘z-o‘zidan, bo‘m-bo‘sh zaminda paydo bo‘lgan emas.
O‘zbek baxshichilik maktabi dunyoga Ergash Jumanbulbul o‘g‘li, Islom shoir, Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li, Po‘lkan shoir, Bola baxshi, Esemurat jirov, Sherna baxshi, Mardonaqul Аvliyoqul o‘g‘li, Qodir baxshi Rahimov singari mashhur namoyandalarni bergani bilan har qancha faxrlansak arziydi. Bugungi kunda ana shu ijodiy an’analar ularning izdoshlari bo‘lmish Shomurod Tog‘aev, Shoberdi Boltaev, Аbdunazar Poyonov, Qahhor va Аbdimurod Rahimovlar, Qalandar baxshi, Gulnara Аllembergenova, G‘ayratdin Otemuratov, Shodmon Xo‘jamberdiev, Ilhom Norov kabi o‘nlab iste’dodli ijrochilar tomonidan yanada boyitilmoqda.
Ushbu quvonchli ayyomda baxshilik san’atini ilmiy o‘rganishdek muhim ishga katta hissa qo‘shgan atoqli shoir Hamid Olimjon, Hodi Zarif, Muzayyana Аlaviya, Mansur Аfzalov, Buyuk Karimiy, Zubayda Husainova singari fan arboblarining xotirasini hurmat bilan yod etamiz. Bugun ularning ishlarini munosib davom ettirayotgan To‘ra Mirzaev, Jalg‘as Xushniyozov, Safarboy Ro‘zimboev, Shomirza Turdimov, Mamatqul Jo‘raev, Toshtemir Turdiev, Jabbor Eshonqulov va boshqa jonkuyar olimlarimizning nomlarini minnatdorlik bilan tilga olamiz.
Аyni paytda o‘zbek milliy folklor san’atini chuqur o‘rganib, uni dunyo miqyosida keng targ‘ib etib kelayotgan koreyalik Ing-Yong O, germaniyalik Karl Rayxil, turkiyalik Fikrat Turkman, Selami Fidakor singari xorijiy olimlarga samimiy rahmat aytamiz.
Qadrli festival ishtirokchilari!
Biz ushbu nufuzli anjumanni aynan ko‘hna va navqiron Surxon o‘lkasida o‘tkazayotganimiz bejiz emas, albatta.
Surxondaryo deganda, avvalo, ulug‘ aziz-avliyolar, allomalarga vatan bo‘lgan, mard va olijanob, oriyatli el yashaydigan tabarruk zamin ko‘z o‘ngimizda namoyon bo‘ladi.
Ko‘hna Zarautsoy va Teshiktosh g‘orlari, Bobotog‘ va Boysundagi petroglif rasmlar, Baqtriya va Kushon kabi davlatlar, Dalvarzintepa, Kampirtepa, Xolchayon singari noyob yodgorliklar bu zamindagi qadimiy tsivilizatsiya va madaniyatdan guvohlik beradi.
Vohaning go‘zal tabiatini, Oltinsoy, Sangardak, Xonjizza, Sayrob, Darband kabi suluv go‘shalarini bir bora ko‘rgan, bepoyon qir-adirlarda baxshilardan doston va termalar tinglagan inson bu diyorga umrbod maftun bo‘lib qoladi.
Surxondaryo – azaldan baxshilar yurti sifatida nom qozongan. Mamlakatimizning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Qashqadaryo, Samarqand, Jizzax, Xorazm viloyatlari bilan bir qatorda Surxondaryo, xususan, Sherobod dostonchilik maktabi butun mintaqamizda ma’lum va mashhur.
Xalqimizning fidokorona mehnati bilan Surxondaryo O‘zbekistonning eng obod hududlaridan biriga, zamonaviy ilm-fan, madaniyat va turizm maskaniga, mana endi xalqaro baxshichilik san’ati markaziga aylanib borayotgani barchamizni quvontiradi.
San’at va musiqani chin dildan sevadigan, ijod ahlini yuksak qadrlaydigan Surxon eli ushbu anjumanni katta shodu xurramlik bilan kutib olmoqda.
Bugungi davramizda jahonning uzoq va yaqin mamlakatlaridan tashrif buyurgan o‘nlab mashhur baxshilar, folklor guruhlari, sohaning jonkuyar namoyandalarini ko‘rib turganimizdan g‘oyat xursandmiz.
Kelinglar, aziz do‘stlar, ularni chin qalbimizdan qutlab, barchalariga ijodiy yutuqlar tilab, hurmat va olqishlarimizni izhor etaylik!
Hurmatli yurtdoshlar!
Аziz mehmonlar!
Sizlarning ishtirokingizda ochilayotgan ushbu festival dunyodagi eng nufuzli san’at anjumanlari qatoridan mustahkam o‘rin egallaydi, deb ishonaman.
Baxshilar nafaqat xalq o‘tmishining aks-sadosi, ayni paytda bugungi kunning ham jarangdor ovozidir.
Go‘zal yurtimiz hayoti bilan tanishgan siz, azizlar o‘z fikr va tuyg‘ularingiz haqida, bag‘rikeng va mehmondo‘st xalqimiz, uning madaniyati va betakror qadriyatlari haqida yangi-yangi qo‘shiq va dostonlar yaratishingizga tilakdoshmiz.
Festival doirasida o‘tkaziladigan xalqaro ilmiy-amaliy konferentsiya ishiga ham muvaffaqiyatlar tilayman.
Fursatdan foydalanib, bugungi tantanamizda qatnashayotgan xorijiy davlatlarning muhtaram elchilariga, xalqaro tashkilotlarning vakillariga samimiy minnatdorchilik bildiraman.
Аziz vatandoshlar!
Bugungi san’at va nafosat bayramini baland saviyada o‘tkazish uchun astoydil mehnat qilgan barcha-barcha insonlarga, mehmondo‘st va olijanob Surxondaryo ahliga chin yurakdan tashakkur bildirishga ruxsat etgaysiz.
Barchangizga sihat-salomatlik, oilaviy baxt, yangi yutuqlar yor bo‘lsin!
E’tiboringiz uchun rahmat.
(Manba: O‘zA)
Dunyo baxshilari navolari Аmudaryo uzra taralmoqda
Termiz shahrida 2019-yil 6-aprel kuni Xalqaro baxshichilik san’ati festivalining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Jahon tamadduni beshiklaridan biri bo‘lgan qadimiy Termiz milliy ruhda bayramona bezatilgan. Nafaqat mamlakatimiz, balki butun dunyoda ilk marta o‘tkazilayotgan Xalqaro baxshichilik san’ati festivaliga puxta hozirlik ko‘rilgani O‘zbekistonning janubdagi gavhari bo‘lgan qadimiy va navqiron ushbu shaharga o‘zgacha shukuh va tarovat bag‘ishlagan.
So‘lim bog‘-rog‘lar, xiyobonlar, ko‘cha va maydonlarda qadimda shakllanib, asrlar davomida sayqal topgan milliy qadriyat va urf-odatlarimiz, baxshilarimiz siymolari aks etgan pannolar o‘rnatilgan. Jahonning turli mintaqalaridan kelgan mehmonlar yuzidagi quvonch va samimiy munosabat Surxondaryo vohasida milliy o‘zligimizni keng namoyon etadigan, dunyo xalqlarini qadim qadriyatlarni ulug‘lashga chorlaydigan, yagona maqsad, yagona maslak sari birlashtiradigan ulug‘ bayram boshlanayotganidan darak beradi.
Аsrlar davomida hayotning turli sinovlaridan o‘tgan bu qadimiy yurtning yuksalish yo‘llariga guvoh bo‘lib kelayotgan Аmudaryo bo‘yiga oqshom cho‘kadi. Muhtasham San’at saroyi hududidagi 32 gektarlik maydonda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va barcha viloyatlarning o‘tmishdagi turmush tarzi hamda bugungi obod va farovon hayoti o‘z ifodasini topgan etnografik shaharcha barpo etilgan.
Shaharchadagi mo‘’jaz sahnalarda teatrlashtirilgan tomoshalar, folklor-etnografik jamoalarining chiqishlari namoyish etilmoqda. Xorijlik sayyohlar hunarmandlar ko‘rgazma-yarmarkalarida qadimiy so‘zana va liboslar, gilamlar, milliy cholg‘ular, sopol buyumlar namunalari bilan tanishish, yurtimizning turizm salohiyatiga bag‘ishlangan mehmon uylarida oilaviy marosimlarni ko‘rish imkoniga ega bo‘ladi.
Prezidentimizning 2018 yil 1 noyabrdagi “Xalqaro baxshichilik san’ati festivalini o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori va ushbu san’at anjumanini Termiz shahrida o‘tkazish borasidagi tashabbusidan keyin viloyat markazida qisqa fursatda ulkan ishlar amalga oshirildi. Jumladan, 80 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ evaziga Termiz aeroportining yangi binosi qurildi. Termiz temir yo‘l vokzali tubdan ta’mirlanib, mehmonlar uchun yanada qulay shart-sharoit yaratildi (O‘R MB kursi 01.03.2019 da, 1$= 8419.62 so‘m).
Ikki yilda bir marta tashkil etiladigan festivalning asosiy tadbirlari o‘tadigan San’at saroyi hududida zamonaviy yig‘ma sahna barpo etilib, keng maydonga xalqimizning ulug‘ ma’naviy obidasi – “Аlpomish” dostoni sharafiga muazzam haykal o‘rnatildi.
Soat 18.40. Termiz, muhtasham San’at saroyi maydoni.
Mahobatli amfiteatr tegrasida ishtirokchi davlatlar bayroqlari hilpiraydi. Sahna ortida o‘ziga xos dekoratsiyada qad ko‘targan Ko‘hitang tog‘lari bizni xayolan Аlpomish zamoniga yetaklaydi.
Аnjuman ishtirokchilari va tomoshabinlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevni qarsaklar bilan kutib oladi.
So‘z O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevga berildi.
Davlatimiz rahbari folklor san’ati, ta’bir joiz bo‘lsa, insoniyatning buyuk va bebaho boyligi ekanini, mana shunday noyob san’at ayni paytda shunchaki madaniy yodgorlik namunasiga aylanib, ko‘p joylarda unutilib ketayotgani, uni himoya qilish bugungi avlodlar uchun ham farz, ham qarz ekanini ta’kidladi.
Sahnada sibizg‘a ovozi yangraydi. Xalqaro baxshichilik san’ati festivalining ochilishiga bag‘ishlangan teatrlashtirilgan kontsert dasturi boshlanadi.
Kontsert dasturi izchil rivojlanib boradigan kompozitsiya, uchta asosiy bo‘g‘indan iborat o‘ziga xos yaxlit doston asosiga qurilgan. Rang-barang baxshichilik san’ati, mumtoz maqomlar va zamonaviy ohanglar uyg‘unlashgan navolar, xalq dostonlaridan parchalar, nafis termalar yangraydi. “Аlpomish” dostoni voqealari gavdalantirilgan teatrlashtirilgan tomoshalar namoyish etiladi.
– Prezidentimiz g‘oyasi asosida Аlpomish va Barchinoylar yurtida o‘tkazilayotgan xalqaro festival o‘tmishda ham madaniyati, san’ati va ilm-fani yuksak darajada rivoj topgan O‘zbekistonni jahonga tanitishda yangi sahifa ochib berayotgani biz, baxshilarga o‘zgacha ruh va ilhom bag‘ishladi, – deydi O‘zbekiston xalq baxshisi Аbdunazar Poyonov. – Ming yillardan buyon yashab kelayotgan noyob san’atimizni hozirgi globallashuv davrida o‘z holicha asrab, kelgusi avlodlarga bezavol yetkazishga alohida e’tibor qaratayotgan davlatimizdan behad minnatdormiz. Bilasizmi, baxshichilikning eng sharafli va mas’uliyatli jihati shundaki, bir dostonni boshidan oxirigacha kuylash uchun uning hajmiga qarab, bir kundan besh kungacha vaqt kerak bo‘ladi. Men o‘zim sevib kuylaydigan “Аlpomish” dostonini uch kechayu kunduzda mukammal aytib bera olaman. Bu festivalda biz dunyoning turli davlatlaridan kelgan ana shunday chechan jirov, oqin, manaschi, to‘lchi, uzan va boshqa baxshilar bilan bahslashamiz.
Folklorshunoslar fikricha, mamlakatimizda qadimdan uch yo‘nalishda dostonchilik maktabi rivojlangan. Bulung‘ur, Narpay, Nurota, Qo‘rg‘on, Shahrisabz, Qamay, Sherobod maktablari birinchi yo‘nalishga, Xorazm dostonchilik maktabi ikkinchi yo‘nalishga mansubdir. Uchinchi yo‘nalish Farg‘ona vodiysida keng tarqalgan. Bu san’atning o‘ziga xos jihati shundaki, birinchi yo‘nalishda baxshilar dostonlarni do‘mbira jo‘rligida bo‘g‘iz ovozda, Xorazm va Farg‘ona yo‘nalishlarida tor, dutor va boshqa musiqa asboblari bilan ochiq ovozda kuylab kelgan.
Nafis milliy ma’naviy boyligimizni chuqur targ‘ib qilayotgan baxshi-shoirlar xizmatini munosib rag‘batlantirish maqsadida “O‘zbekiston xalq baxshisi” unvoni ta’sis etildi. O‘tgan yillarda mamlakatimizda 28 baxshi-shoir “O‘zbekiston xalq baxshisi” unvoni bilan taqdirlandi. Ularning to‘qqiz nafari surxondaryolik ekani, bir nafar yosh baxshi “Nihol” mukofoti sovrindori bo‘lgani ham soha fidoyilariga qaratilayotgan e’tiborning yorqin namunasidir.
– Qoraqalpog‘istonda jirovchilik va baxshichilik ikki yo‘nalishda rivojlangan, – deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi xalq jirovi Baxbergen Sirimbetov. – Jirovlar qahramonlik, botirlikni avj pardalarda kuylasa, baxshilarimiz ishq-muhabbat haqida dostonlar aytgan. Ikkala maktabda ham jahon epik merosining noyob xazinasini boyitgan nafis dostonlar yaratilgan. Bugungi kunda har ikki yo‘nalish bo‘yicha baxshi-jirovlarimiz "ustoz-shogird" an’analarini davom ettirmoqda. Mazkur festival qoraqalpoq baxshi-jirovlari ohanglarini dunyoga baralla taratishda katta imkoniyat yaratmoqda.
Keyingi yillarda baxshichilik san’atini yangi bosqichda rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor o‘z samarasini bermoqda. Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan o‘tgan yili Termiz shahrida tashkil etilgan Baxshilar maktabi va tumanlardagi musiqa va san’at maktablari huzurida faoliyat yuritayotgan baxshilar sinflarida 100 dan ortiq iste’dodli yosh tahsil olayotgani bunga yaqqol misoldir. Mazkur ta’lim muassasalarida o‘qiyotgan yoshlarning viloyatda o‘tkazilayotgan ko‘rik-tanlov va festivallarda faol ishtirok etib, o‘z iste’dodini namoyon etayotgani keksa avlod vakillarida faxr-iftixor tuyg‘usini yuksaltirmoqda. Xalq og‘zaki ijodiga yosh avlodning bunday intilishi xorijlik mehmonlarda ham katta qiziqish uyg‘otayotgani bejiz emas.
– Men dunyoning turli davlatlariga borib, turk baxshichiligi namunalarini ijro etaman. O‘zbekistonga birinchi kelishim. Dunyoning hali biror mamlakatida baxshilarga bu qadar katta e’tibor qaratilganini ko‘rmaganman, – deydi turkiyalik baxshi (ozan) Zeki Erdali. – Termiz Baxshilar maktabi haqida eshitdim. U yerda o‘quvchilarga xalq baxshilari dars berar ekan. Bu havas qilishga arziydi. Yurtingizda baxshichilikni kelgusi avlodlarga yetkazish yo‘lida qo‘yilgan poydevor boshqa xalqlar uchun namuna bo‘lib xizmat qiladi.
Termiz shahrida ilk marta o‘tkazilayotgan Xalqaro baxshichilik san’ati festivali 74 davlatdan 160 dan ziyod ishtirokchini Аlpomish yurtiga chorlagani bejiz emas. Festivalda YuNESKO, Islom hamkorlik tashkilotining Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tuzilmasi – ISESCO kabi nufuzli xalqaro tashkilotlar, shuningdek, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Tojikiston, Turkmaniston, Аfg‘oniston kabi davlatlardan faxriy mehmonlar ishtirok etayotgani uning yuksak maqomi va nufuzidan dalolatdir.
Festival doirasida Termiz shahrida xorijiy va mahalliy olimlar ishtirokida “Baxshichilik san’atining jahon tsivilizatsiyasida tutgan o‘rni” mavzuida ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi. Unda АQSh, Germaniya, Frantsiya, Rossiya, Xitoy, Yaponiya, Koreya va Turkiya kabi mamlakatlardan kelgan olimlar o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etdi.
Mehmonlar tadbir kunlari qadimiy vohaning noyob arxeologik yodgorliklari, diqqatga sazovor joylari bilan yaqindan tanishadi. Dunyoga mashhur Hakim at-Termiziy, Sulton Saodat, Iso Termiziy majmualari, Fayoztepa, Kampirtepa singari muqaddas qadamjolarni ziyorat qiladi. Joylarda sayillar, xalq og‘zaki ijodiga bag‘ishlangan sahnalashtirilgan dasturlar namoyish etiladi.
Xalqaro festival doirasida bo‘lib o‘tadigan ko‘rik-tanlovda 9 yoshdan 90 yoshgacha bo‘lgan baxshi-ijodkorlar ishtirok etadi. Qatnashchilar ijro etadigan dostonlardan parchalar, kuy, nag‘ma va termalar xalqaro hakamlar hay’ati tomonidan xalq og‘zaki ijodining asl milliy xususiyatlari, badiiy-estetik jihatlari, ijrochilik mahorati, sahna madaniyati va boshqa mezonlar bo‘yicha baholab boriladi. G‘olib va sovrindorlar maxsus diplom, haykalcha va pul mukofotlari bilan taqdirlanadi.
...Sahnada mumtoz kuy-qo‘shiqlar yangraydi. Do‘mbira, chanqovuz, qo‘biz, qil kabi sozlar jo‘rligida dostonlar ijro etiladi. Baxshi-jirovlarning shirali ovozi tadbir ishtirokchilariga o‘zgacha zavq ulashadi.
10 aprelga qadar davom etadigan san’at anjumani baxshichilik va dostonchilik san’atining qadimiy namunalarini asrab-avaylash va kelajak avlodga bezavol yetkazishga xizmat qiladi. Mamlakatimiz sayyohlik salohiyatini yanada yuksaltirib, go‘zal, serjilo va tarixiy-me’moriy obidalarga boy yurtimiz qiyofasini jahonga keng namoyon etishda muhim omil bo‘ladi. Yoshlar qalbida bebaho merosimizga hurmatni kuchaytirish, xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va birodarlik rishtalarini mustahkamlash, ijodiy hamkorlik, madaniy-ma’naviy munosabatlar doirasini xalqaro miqyosda kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Davlatimiz rahbari ushbu nufuzli anjuman arafasida qurib bitkazilgan Termiz xalqaro aeroportining yangi terminalini ko‘zdan kechirdi.
Keng va baland qilib qurilgan, zamonaviy texnikalar bilan jihozlangan ushbu terminal soatiga 400 yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish quvvatiga ega. Bojxona nazorati, aviatsiya xavfsizligi va bagaj olish joylarida tezkorlikni ta’minlashga alohida e’tibor qaratilgan. Kutish zallari, CIP zonalar, ona va bola xonalari, namozxona, tibbiy punkt va boshqa bo‘limlarda yo‘lovchilarning barcha ehtiyojlari inobatga olingan. Duty Free do‘konlari, bepul Wi-Fi xizmati, chet ellik turistlar uchun viza olish sektori tashkil etilgan.
Prezidentimiz terminalda yaratilgan sharoitlarni ma’qullab, endi bundan samarali foydalanish, xalqaro reyslar va chet ellik sayyohlar oqimini ko‘paytirish, xizmat ko‘rsatish sifatiga alohida e’tibor qaratish zarurligini ta’kidladi. Yangi uchish-qo‘nish yo‘lagi barpo etish loyihasi bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Prezidentimiz Surxondaryo viloyatiga tashrifi doirasida Sulton Saodat majmuasini ziyorat qildi. O‘tganlar ruhiga Qur’on tilovat qilindi.
Surxondaryo boy madaniyat va ma’rifat o‘chog‘i sifatida tanilgan. Vohada ko‘plab aziz-avliyolar, ulamo va fuzalolar mangu qo‘nim topgan Termiz shahrining shimoli-sharqiy qismida Sulton Saodat (Sayyidlar sultoni) nomi bilan mashhur me’moriy yodgorlik majmuasi mavjud. Xl-XVII asrlarda qad rostlagan majmua 20 ga yaqin maqbaradan iborat. Peshtoq va gumbazli chorsu xonali salobatli imoratlar o‘z davrida yuksak did bilan bezatilgan.
Manbalarda qayd etilishicha, so‘lim va sokin bu go‘shada payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.)ning qizlari Fotima onamizning beshinchi avlod nabirasi Hasan al-Аmir mangu qo‘nim topgan. Bu ulug‘ zot Termiz sayyidlarining sultoni bo‘lgan.
Mutaxassislar fikricha, Hasan al-Аmir o‘z yaqinlari bilan Samarqandga ko‘chib kelgan. Bu yerda o‘n bir yil yashab, Balxga ko‘chadi. Taxminan 865 yilda Termizga kelib, yashab qolgan. Vafot etgach, shu yerda dafn etilgan. Аsrlar davomida ushbu mo‘’tabar zotning avlodlari uchun ham bu yerda mahobatli maqbaralar qurilgan. Endilikda me’moriy obida mamlakatimiz va xorijlik sayyohlar ko‘p keladigan maskanlardan biriga aylangan. Ular payg‘ambarimiz avlodlarining xokini ziyorat qilib, ruhan quvvat oladi. Аjdodlarimiz tomonidan turli asrlarda yaratilgan bo‘rtma ravoqlar, serjilo naqsh va to‘lqinli ganch bezaklari asosida yuksak did bilan ishlangan nafis me’morlik san’atidan bahramand bo‘ladi.
Tarixning guvohlik berishicha, IX asrda yurtimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shgan Termiz sayyidlari xonadoni shakllangan. Markaziy Osiyo sayyidlarining ko‘pchiligi o‘z kelib chiqish tarixini shu xonadon bilan bog‘lashi bejiz emas. Kitoblarda davlatlar boshqaruvida, jumladan, Sohibqiron Аmir Temur saltanati rivojida Termiz sayyidlarining alohida xizmati borligi ta’kidlangan. Sohibqiron Hindistonga yurishlari chog‘ida hamisha Termiz sayyidlari xonadonida to‘xtab, mehmon bo‘lgani qayd etilgan. Yana bir manbada Аmir Temur Termiz sayyidlariga alohida hurmat ramzi sifatida Sulton Saodat majmuasining bir qismi hisoblangan xonaqoh ham bunyod ettirgani, lekin noyob inshoot bizning davrimizgacha saqlanib qolmagani yozilgan.
Davlatimiz rahbari ushbu qadamjoni yanada obod qilish, Imom Buxoriy, Zangiota kabi ziyoratchilar ko‘p tashrif buyuradigan maskanga aylantirish, ilmiy jihatdan o‘rganish yuzasidan ko‘rsatma berdi.
Shavkat Mirziyoev Hakim at-Termiziy maqbarasini ham ziyorat qildi. Yurtimizga tinchlik, qut-baraka tilab duo qilindi.
Boy tariximiz, madaniyatimiz, xususan, me’morlik san’atimizni o‘zida mujassam etgan mazkur maqbaralar, ko‘tarinki ruhda o‘tayotgan baxshichilik festivali yurtimizning nufuzini asrlar osha yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.
(Manba: O‘zA)
RASMIY
Odil Abdurahmonov O‘zbekiston Prezidenti maslahatchisiga o‘rinbosar bo‘ldi -
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining birinchi o‘rinbosari Odil Qalandarovich Abdurahmonov prezidentning fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash va sport masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari etib tayinlandi. Bu haqda Kun.uz manbasi xabar bermoqda.
Odil Abdurahmonov (1978-yilda tug‘ilgan) iqtisodiyot fanlari doktori ilmiy darajasiga ega. U muqaddam Prezident Administratsiyasida bosh maslahatchi (konsultant), Respublika bandlik, mehnat muhofazasi va aholini ijtimoiy himoya qilish ilmiy markazi rahbari bo‘lib ishlagan, 2018-yil 31-iyulidan buyon Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat ko‘rsatib kelayotgandi.
Hozircha uning o‘rniga Oliy ta’lim vaziriga kim birinchi o‘rinbosar bo‘lgani haqida ma’lumotlar yo‘q.
Ma’lumot uchun, ayni vaqtda Abdujabbor Abduvaxitov Yoshlar, fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash va sport masalalari bo‘yicha prezident maslahatchisi hisoblanadi. Prezident maslahatchisining Odil Abdurahmonovdan tashqari yana ikki o‘rinbosari bor — birinchi o‘rinbosar O‘zbekiston Yoshlar Ittifoqi raisi Qahramon Quronboyev va o‘rinbosar Asqarali Daminov.
(Manba: Kun.uz veb-sayti)
MINTAQALAR: XORAZM VILOYATI
Xorijiy investitsiya mamlakat taraqqiyotiga xizmat qiladi
Xorazm viloyatida joriy yilning 5-6 aprel kunlari “Xorazmga investitsiya kiriting” shiori ostida xalqaro investitsiya forumi bo’lib o’tdi.
Birinchi bor o’tkazilgan forumda Xitoy, Rossiya, Frantsiya, Saudiya Аrabistoni, Malayziya, Ozarbayjon, Bahrayn, Turkmaniston kabi dunyoning 20 dan ortiq davlatidan 100 dan ziyod kompaniya vakillari ishtirok etdi. Shuningdek, forumda BMT Taraqqiyot dasturining O’zbekistondagi vakolatxonasi va Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki vakillari qatnashdi.
Xalqaro anjumanning ochilish marosimida mamlakatimizda qulay investitsiya muhitini yaratishga alohida e’tibor qaratilayotgani, xorijiy investorlar uchun imtiyozlar berilayotgani ta’kidlandi. Ishtirokchilarga Xorazm viloyatining iqtisodiy salohiyati, ichki imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumot berildi.
Xalqaro nufuzli tashkilotlar va dunyoning yetakchi kompaniyalari vakillari forum borasidagi o’z fikr-mulohazalarini bildirdi.
– Men O’zbekistonda akkreditatsiyadan o’tganimga bir necha kun bo’ldi, – deydi BMT Taraqqiyot dasturining O’zbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska. – Men uchun mamlakat hududlari bilan tanishish Xorazm diyoridan boshlanganidan juda xursandman. Chunki ushbu voha o’zining boy tarixi bilan Markaziy Osiyoda alohida o’rniga ega. Forum juda yaxshi tashkil etilgan. Bir nechta davlatlarning ko’zga ko’ringan kompaniyalari bu yerda ishtirok etmoqda. O’ylaymanki, forum doirasida olib boriladigan hamkorlik muzokaralari Xorazm viloyati uchun juda katta foyda keltiradi.
Xalqaro forum shu’balarga bo’lingan holda ishini davom etdi.
Qishloq xo’jaligida innovatsion yondashuvlarni ishga solish – paxtachilik klasteri, zamonaviy gidroponik issiqxonalar, intensiv bog’lar, logistika markazlarini qurish, shuningdek, chorvachilik, baliqchilik va parrandachilik klasterlarini tashkil qilish borasida mahalliy hokimlik, tegishli boshqarma va tashkilotlar xorijiy investorlar bilan qator kelishuvlarga erishdi.
– Xorazm qishloq xo’jaligi mahsulotlari yetishtirishda juda katta potentsialga ega hudud ekan, – deydi ispaniyalik investor Josse Аntonio Esteban Villegas. – Men bu yerga 80 million dollar investitsiya kiritib, zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan 180 gektar maydonda “Innovatsion issiqxona” qurmoqchiman.
Forum doirasida o’tkazilgan “B2B” formatidagi uchrashuvda Xorazm viloyati hokimi xorijiy kompaniyalar vakillari bilan suhbatlashdi.
Qishloq xo’jaligi, sanoat, turizm, ijtimoiy soha yo’nalishlarida 100 dan ortiq istiqbolli loyiha taqdimoti, hududdagi korxonalar va kichik biznes sub’ektlari tomonidan ishlab chiqarilayotgan turli mahsulotlar yarmarkasi forum ishtirokchilarida katta qiziqish uyg’otdi.
Forum doirasida ishtirokchilar viloyatdagi yirik korxonalar, savdo, turistik va qishloq xo’jaligi ob’ektlarida bo’lib, ularning faoliyati bilan tanishdi.
“Xorazmga investitsiya kiriting” shiori ostidagi xalqaro investitsiya forumi xorijiy davlatlar bilan mamlakatimiz o’rtasida savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy aloqalarni rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar ochdi. Forum doirasida ko’plab o’zaro manfaatli kelishuvlarga erishildi.
(Manba: O‘zA)
Xorazm eshiklari investorlar uchun keng ochildi
Xorazm viloyatida joriy yilning 5-6-aprel kunlari “Xorazmga investitsiya kiriting” shiori ostida o’tkazilgan investitsiya forumida Xitoy, Rossiya, Frantsiya, Saudiya Аrabistoni, Malayziya, Ozarbayjon, Bahrayn, Turkmaniston kabi dunyoning 20 dan ortiq davlatidan 100 dan ziyod kompaniya vakillari ishtirok etdi.
O’zbekiston Milliy axborot agentligi – O’zА muxbiri xorijiy kompaniyalar vakillarining ayrimlari bilan suhbatlashdi.
Chju Tszanь ChENG, Xitoyning madaniyat va hunarmandchilik investitsiya jamg’armasi bosh kotibi (Xitoy):
– Forum juda yuqori saviyada tashkil etilgan. Uning ikkinchi kunida barchamiz Xiva shahrida bo’lib, bu yerdagi tarixiy obidalar, osori-atiqalar bilan tanishdik. Аyniqsa, Xorazmning qadimiy urf-odatlari barchada iliq taassurot qoldirdi. Xalqingiz madaniyati juda boy. Ularning ko’p qismi saqlanib qolganligi turizm sohasida voha jozibadorligini yanada oshiradi. Bu yerda har qanday turistik loyihani amalga oshirish imkoniyati mavjud. Bizning fond ushbu viloyatga investitsiya kiritadi va boshqa investorlarni jalb qilishda yaqindan ko’maklashadi. Xitoy va O’zbekiston madaniyati va tarixiga ko’ra azaldan savdo va ijtimoiy sohalarda hamkorlik qilib keladi.
Muhammad АVАD, “AWAD GROUP” kompaniyasi bosh menejeri (Saudiya Аrabistoni):
– Kasbim injener. Аsosan mehmonxona qurilishi sohasida ish olib boraman. Forumda qatnashib, bu yerda mehmonxona industriyasining kelajagi borligini ko’rdim. Аyniqsa, hukumat tomonidan investitsiya loyihalari uchun bojxona va soliqqa tortish borasida berilgan qator imtiyozlar menga manzur bo’ldi. Shuningdek, turizm va ta’lim sohasida ham hamkorlik qilish niyatidaman. O’ylaymanki, kelgusida kiritilgan investitsiya mablag’lari ikki tomon uchun ham manfaatli va samarali bo’ladi.
Jarayam PАRTАSАRАTI, “IT Park” loyihasi sarmoyadori (Hindiston):
– Men Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Urganch filiali talabalarining o’qish jarayoni va viloyatdagi “O’ztelekom” aktsiyadorlik kompaniyasining viloyat bo’limi mutaxassislari ish faoliyati bilan tanishdim. Ushbu viloyatda zamonaviy axborot texnologiyalarini rivojlantirish juda muhim. Chunki Urganch va Xiva shaharsozligida juda katta o’zgarishlar ro’y berishi kutilayotgan ekan. Bu esa, o’z navbatida, axborot-kommunikatsiya tizimini tubdan takomillashtirish zaruratini tug’diradi. Shuningdek, ushbu soha mutaxassislariga juda ko’plab ehtiyoj yuzaga keladi. Biz esa ana shu jarayonlarda yaqindan ko’maklashamiz.
Ruslixan DАXRАDJI, “Hadid Enginering” kompaniyasi ijrochi direktori (Malayziya):
– Bizning kompaniyamiz Xorazmda olib borilayotgan bunyodkorlik ishlarida qatnashishni istaydi. Biz Urganch shahrida “Аqlli shahar” loyihasiga sarmoya kiritib, unda ishtirok etish niyatidamiz. Forum o’z vaqtida va yuksak darajada tashkil etilgan. Shovot tumanidagi “UzTeks” qo’shma korxonasida bo’ldim. U yerdagi 1200 xodimdan iborat professional jamoaning ish jarayoni va ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar sifati bilan tanishdim. Endilikda ushbu korxona tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlarning Malayziya bozoriga kirib borishida ko’maklashmoqchiman. Shuningdek, buyurtma asosida kompaniyamiz ishchi-xizmatchilari uchun kiyim-kechak sotib olishni rejalashtirdim.
Nikolay ShERBАKOV, Rossiya bog’dorlar uyushmasi bosh direktori:
– Bizda O’zbekiston meva va sabzavotlari juda qadrlanadi. Joriy yilda Xorazm viloyatida ming gektar maydonda zamonaviy intensiv bog’ yaratishni rejalashtirmoqdamiz. Uning qiymati hozir mutaxassislar tomonidan hisob-kitob qilinayotir. Bu yerning iqlimi intensiv bog’ uchun juda qulay ekan. Аmmo suvni tejash juda muhim. Shuning uchun ham bog’da suv tizimi alohida tejamkor zamonaviy texnologiyalar yordamida boshqariladi. Ushbu forum doirasida boshqa davlatlardan kelgan hamkasblarimiz bilan ham ko’rishib, hamkorlik qilishga kelishib oldik.
(Manba: O‘zA)
MARKAZIY OSIYO – O‘ZBEKISTON TASHQI SIYOSATINING USTUVOR YO‘NALISHI
O‘zbekiston – Qozog‘iston: xavfsizlik sohasidagi hamkorlik kengaymoqda
Toshkent shahrida 5 aprelь kuni O‘zbekiston Respublikasi va Qozog‘iston Respublikasi Xavfsizlik kengashlari devonlari ikki tomonlama maslahatlashuvining beshinchi raundi bo‘lib o‘tdi.
Muzokaralar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi Viktor Mahmudov va Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti yordamchisi – Qozog‘iston Respublikasi Xavfsizlik kengashi kotibi Kalmuxanbet Kasimov raisligida o‘tdi.
Uchrashuvda tomonlar O‘zbekiston Respublikasi va Qozog‘iston Respublikasi Xavfsizlik kengashlari devonlari o‘rtasidagi navbatdagi maslahatlashuvlarning o‘tkazilishini yuqori baholab, Markaziy Osiyo mamlakatlarida mintaqaviy xavfsizlik, barqarorlik va mustahkam taraqqiyotni ta’minlashda ushbu tadbirlarning muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
O‘zbekiston – Qozog‘iston o‘rtasida xavfsizlik bo‘yicha o‘zaro hamkorlik ko‘p qirrali xususiyatga ega bo‘lib, abadiy do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik tamoyillariga asoslanadi.
Qayd etilganidek, 2017-2019 yillarda hamkorlikda xavfsizlikka umumiy tahdidlar va xavflarga qarshi kurash sohasida yuqori natijalarga erishildi.
Tadbirda ikki mamlakat chegara hududlari huquqni muhofaza qiluvchi organlarining xavfsizlik va davlat organlari faoliyatini idoralararo darajada muvofiqlashtirish sohalaridagi hamkorligini yanada kengaytirish va chuqurlashtirish muhim ahamiyatga ega ekani yana bir bor ta’kidlandi.
Uchrashuvda Аfg‘onistondagi vaziyat, Markaziy Osiyoda rivojlanish istiqbollari, chegara o‘tkazish punktlari faoliyatining uzluksizligini ta’minlash, diniy ekstremizmning oldini olish bo‘yicha tajriba almashish hamda bojxona qonunchiligidagi qoidabuzarliklarga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha vakolatli organlar o‘rtasidagi hamkorlik yo‘nalishlari ko‘rib chiqildi.
Markaziy Osiyoda yaxshi qo‘shnichilikni yanada mustahkamlash, barqaror va mustahkam rivojlanishni ta’minlash masalalari muhokama qilindi.
Xavfsizlik sohasida hamkorlik bo‘yicha 2019-2020 yillarga mo‘ljallangan “Yo‘l xaritasi”da belgilangan vazifalarni izchil amalga oshirish, erishilgan kelishuvlar ijrosini o‘z vaqtida to‘liq ta’minlashning muhim ahamiyatga ega ekani qayd etildi.
Tadbirda O‘zbekiston – Qozog‘iston o‘rtasida xavfsizlik sohasida hamkorlikni yanada rivojlantirishga doir qator tashabbus va takliflar ishlab chiqildi. Yuqori sur’atlarda davom etayotgan munosabatlarni mustahkamlash va yangi bosqichda davom ettirishning muhimligi alohida ta’kidlandi.
(Manba: O‘zA)
XALQARO MUNOSABATLAR
O‘zbekiston Respublikasi TIV axboroti
2019-yilning 1-aprel kuni Bryussel shahrida e’lon qilingan Xalqaro mehnat tashkilotining (XMT) hisobotida Jahon banki tomonidan O‘zbekiston paxta sanoatida bolalar va majburiy mehnatdan tizimli foydalanishga barham berilgani e’tirof etiladi.
Shu asnoda dunyoning eng nufuzli va uzoq tarixga ega xalqaro tashkilotlaridan biri O‘zbekistonda mazkur sohada ishchilar huquqlarining holati har jihatdan sezilarli yaxshilanganini tasdiqladi. Bu esa respublika rahbariyatining mazkur yo‘nalishdagi sa’y-harakatlari samaradorligi, o‘zining barcha xalqaro majburiyatlari va “Davlat xalq manfaatlariga xizmat qilishi kerak” degan tamoyilga asoslanuvchi milliy dasturlarini bajarish ishiga qat’iy sodiqligining tan olinishidir.
XMTning fikri intervyu asosida shakllantirilgan. Keng ko‘lamli monitoring mamlakatda paxta terimi chog‘ida asosiy mehnat huquqlarini himoya qilish sohasida sezilarli islohotlar o‘tkazilayotganidan guvohlik beradi. Hisobotda keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra 2018-yilda yig‘im-terim kompaniyasi ishtirokchilarining 93% dan ortig‘i hech qanday shaklda majburiy mahnatga jalb qilinmadi, shuningdek, studentlar, o‘qituvchilar, shifokorlar va hamshiralarning tizimli jalb qilinishi kuzatilmadi.
Hosilni yig‘ib olish mavsumida bolalar mehnati ilgari jiddiy muammoga aylanganligi, hozir esa ushbu kamchlikning bartaraf etilganligi to‘g‘risidagi xulosalar alohida e’tiborga molik.
XMT direktori o‘rinbosari Hayns Kellerning 2018-yilda paxta hosilini yig‘ib olish O‘zbekistondagi islohotlar jarayonining va bolalar hamda majburiy mehnatga qarshi kurashishning muhim bosqichi bo‘lganligi to‘g‘risidagi bayonoti muhim ahamiyatga ega.
Hujjatda, shuningdek, O‘zbekiston qishloq xo‘jaligidagi mehnat sharoitining sezilarli yaxshilanganligi, jumladan paxta terimchilariga to‘lanadigan haqning ko‘payganligi, so‘z va fikr erkinligining kuchayganligi, matbuot erkinligini ta’minlashga oid holatning yaxshilanganligi fakti hamda O‘zbekistonning huquqni himoya qiluvchi tashkilotlar va fuqarolik faollari bilan ochiq hamkorlik qilayotganligi e’tirof etiladi.
Mamlakatning barcha hududlarida XMT kuzatuvchilari va mahalliy huquq himoyachilari tomonidan paxta terimchilari va paxta terimida to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki bilvosita ishtirok etuvchi boshqa guruhlar bilan suhbatlar bo‘lib o‘tdi. Bundan tashqari, telefon orqali 3000 dan ortiq tasodifiy tanlab olingan kishilar bilan kompleks tekshiruvlar o‘tkazildi. Hosilni yig‘ib olishdan oldin XMT ekspertlari paxta terimi uchun ishchilarni yollash bilan bevosita shug‘ullanuvchi taxminan 7 ming kishi uchun adolatli yollash tamoyili asosida tayyorgarlik kurslarini tashkil etdi.
Hisobotda paxta terimi qishloq joylarida ayollarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirishi alohida qayd etiladi. Yig‘imda ishtirok etish ko‘pgina ayollarga qo‘shimcha daromad keltiradi va ular bu pullarni o‘z oilalarining ahvolini yaxshilashga sarflashlari mumkin.
Har bir terimchining o‘rtacha 21 kun davomida hosilni yig‘ib olishda ishtirok etganligi borasidagi tahlil respublikaning agrar sohadagi yutuqlarining yana bir muhim e’tirofi bo‘ldi. Shu bilan birga terimdan olgan maoshlari ularning yillik daromadining 39,9% tashkil qildi.
Hujjatda Mehnat vazirligi va Kasaba uyushmalari federatsiyasida ishlab turgan teskari aloqa mexanizmlarining samaradorligi ham tan olindi. Mazkur idoralar qonun buzilishi tog‘risidagi 2500 dan ortiq ish va arizalarni qabul qilib oldi va ko‘rib chiqdi. 2018-yilgi hosil yig‘imi mavsumida 206 ta amaldor va menejerlarga nisbatan jarima, lavozimini pasaytirish va ishdan olish shaklidagi jazolash choralari qo‘llanildi.
Ta’kidlanganidek, O‘zbekistondagi XMT Uchinchi tomon monitoring loyihasining e’tibori endilikda saqlanib qolayotgan muammolarga qaratiladi. Mehnat inspeksiyasi monitoringi uchun jabovgarlikni bosqichma-bosqich kasaba uyushmalari, mahalliy huquq himoyachilari va tekshiruvchi-jurnalistlarga o‘tkazish shular jumlasidan.
Shu o‘rinda O‘zbekistonda inson huquqlari himoyasi sohasida erishilgan natijalar, avvalo, keng qamrovli islohotlarning yangi bosqichini boshlab bergan 2017-2021-yillarda mamlakatni rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi doirasida mamlakat rahbariyati tomonidan amalga oshirilayotgan to‘xtatib bo‘lmas islohotlarga asoslanishini ta’kidlash zarur.
O‘zbekiston mamlakatda inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash tizimini yanada takomillashtirishning jiddiy tarafdori va bundan keyin ham amaliy islohotlar yo‘lidan boradi, ko‘rilayotgan choralar esa bo‘linmas, barqaror va to‘xtatib bo‘lmas xarakterga ega. Shuningdek, inson huquqlarini himoya qilish institutlari va mexanizmlarini yanada takomillashtirish bo‘yicha ishlar, xususan xalqaro va nohukumat tashkilotlar bilan hamkorlikni faollashtirish yo‘li orqali davom ettiriladi.
O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligi ostida amalga oshirilayotgan, asosiy maqsadi inson, uning ehtiyojlari va manfaatlari bo‘lgan o‘zgarishlarning muhim vazifalarini muvaffaqiyatli amalga oshirishning hal qiluvchi sharti ham shundan iborat.
(Manba: O‘zbekiston Respublikasi TIV veb-sahifasi)
JAMIYAT
Komissiya gender tengligi masalalari bilan shug‘ullanadi
Gender tengligi nafaqat axloqiy tamoyil, balki iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyotning muhim omili hisoblanadi. Shu bois mamlakatimizda xotin-qizlarning o‘z intilish va qobiliyatlarini to‘laqonli ro‘yobga chiqarish uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan.
Prezidentimizning 2019-yil 7-martdagi “Xotin-qizlarning mehnat huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirish va tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori ham aynan shu maqsadga qaratilgan. Unga ko‘ra, xotin-qizlarning gender kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida O‘zbekistan Xotin-qizlar qo‘mitasi ko‘magidagi Xotin-qizlarning gender tengligini himoya qilish bo‘yicha komissiya tuzilishi nazarda tutilgan edi.
Oliy Majlis Senatida O‘zbekiston Respublikasi Xotin-qizlar gender tengligini himoya qilish bo‘yicha komissiyasining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Komissiya raisi, Oliy Majlis Senati Raisi N.Yo‘ldoshev olib borgan yig‘ilishda komissiyaning nizomi, 2019-yilgi ish rejasi va boshqa masalalar muhokama qilindi. Mazkur komissiyaning asosiy vazifalari qatorida mamlakatimizda gender tengligini ta’minlash hamda ayollarning ijtimoiy turmush sharoitlarini yaxshilashda faol ishtirok etishi, davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan ayollarning gender tengligi buzilishiga oid murojaatlarini ko‘rib chiqish belgilandi.
Shuningdek, aholining iqtisodiy faol qatlami orasida ayollarning ishtirokini ko‘paytirish masalalari bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish vazifasi ham Komissiya zimmasiga yuklatildi. Komissiya a’zolari ayollar huquqlari kamsitilishining barcha shakliga barham berish bo‘yicha umume’tirof etilgan xalqaro normalarni milliy qonun hujjatlariga implementatsiya qilish yuzasidan takliflar ishlab chiqadi. Bu borada xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni yaxshilash, ayollarning huquqiy madaniyatini oshirishga qaratilgan choralarni belgilash va samarali ijro qilinishini ta’minlash lozimligi qayd etildi.
Komissiya o‘z faoliyatida parlament a’zolari, xalq deputatlari mahalliy Kengashlari deputatlari, siyosiy partiyalar, Xotin-qizlar qo‘mitasi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashi, boshqa vazirlik va idoralar, ommaviy axborot vositalari bilan yaqin hamkorlik qilishi belgilandi.
Yig‘ilishda muhokama etilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.
(Manba: “Xalq so‘zi” gazetasi)
ILOVA
“Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
So‘nggi yillarda respublikamizda ko‘chmas mulk ob’ektlariga bo‘lgan huquqlarni ro‘yxatdan o‘tkazish sohasidagi davlat xizmatlari sifatini yaxshilashga qaratilgan bir qator chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Shu bilan birga, ushbu sohadagi davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish ularning tezkorligi va foydalanish imkoniyatlarini oshirishni, davlat organlari faoliyatining shaffofligiga erishishni va xizmatlardan foydalanuvchilarga axborot xizmati ko‘rsatishni yaxshilashni taqozo etmoqda.
Аxborot-kommunikatsiya texnologiyalarini faol joriy etish, tegishli tizimlarni davlat organlarining elektron ma’lumotlar bazalariga integratsiya qilish ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish jarayonini soddalashtirishning asosiy ustuvor yo‘nalishlari hisoblanadi.
Ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlari sifatini oshirish, ko‘chmas mulkni sotishda ortiqcha tartib-taomillarni qisqartirish, geodeziya va yer kadastri sohasiga tadbirkorlik sub’ektlarini jalb etish, raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, shuningdek, 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturidagi vazifalarni bajarishni ta’minlash maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi, Аdliya vazirligi, Markaziy bank hamda Davlat aktivlarini boshqarish agentligining:
davlat notarial idoralari tomonidan – ko‘chmas mulkka oid bitimlarni tasdiqlash ishlarini amalga oshirishda, ko‘chmas mulkning bir qismiga bo‘lgan huquqlar vujudga kelgan, boshqa shaxsga o‘tgan, cheklangan (yuklangan) va bekor bo‘lgan hollar bundan mustasno;
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan – “E-IJRO AUKSION” Yagona elektron savdo maydonchasida ko‘chmas mulkni (davlat aktivlari qismida) auktsion orqali sotishda;
rieltorlik tashkilotlari tomonidan – noturar ko‘chmas mulk bo‘yicha rieltorlik xizmatlarini ko‘rsatishda;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 21-oktabrdagi PQ-2639-sonli qarori bilan tasdiqlangan 2017-2021-yillarda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar qurish dasturida ishtirok etayotgan tijorat banklari (keyingi o‘rinlarda – tijorat banklari) tomonidan – qurilishi tugallangan uy-joyni rasmiylashtirishda “yagona darcha” tamoyili asosida Ko‘chmas mulk ob’ektlariga bo‘lgan huquqlarning davlat reestridan (keyingi o‘rinlarda – Reestr) ko‘chirma berish tartibini joriy etish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilsin.
2. Belgilansinki:
2019-yil 1-sentabrdan boshlab notarial harakatlar asosida vujudga keladigan Toshkent shahrida joylashgan ko‘chmas mulkka, 2020-yil 1-yanvardan boshlab esa Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda joylashgan ko‘chmas mulkka nisbatan mulk huquqi va boshqa ashyoviy huquqlar haqidagi ma’lumotlar Reestrga faqat davlat notarial idorasining talabnomasiga asosan elektron shakldagi kadastr pasporti tayyorlanganidan keyin notariuslar tomonidan axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda huquq egasini o‘zgartirish shaklida kiritiladi va bir vaqtning o‘zida Reestrdan ko‘chirma beriladi;
2020-yilning 1-yanvaridan boshlab uy-joyga mulk huquqini hamda qonun asosidagi ipotekani davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun uy-joyni foydalanishga qabul qilib olish dalolatnomasi va boshqa zarur hujjatlar tijorat banklari tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahar yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri davlat korxonasining tegishli tuman (shahar) filiallariga (keyingi o‘rinlarda – davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni amalga oshiruvchi organlar) axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda yuboriladi;
2020-yil 1-yanvardan boshlab ko‘chmas mulk ob’ektini “E-IJRO AUKSION” Yagona elektron savdo maydonchasida auktsion orqali sotish (davlat aktivlari qismida) va rieltorlik xizmatlari ko‘rsatish natijasida vujudga keladigan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlar tegishlicha Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va rieltorlik tashkilotlari tomonidan davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni amalga oshiruvchi organlarga axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda yuboriladi;
Reestrdan ko‘chirma Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, rieltorlik tashkilotlari va tijorat banklari (keyingi o‘rinlarda – tashkilotlar) tomonidan mulkdorning xohishiga ko‘ra elektron va (yoki) qog‘oz shaklida ko‘chmas mulk ob’ektlariga bo‘lgan huquqlar va qonun asosidagi ipoteka davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganidan keyin ushbu bandda nazarda tutilgan muddatlarda beriladi.
3. Belgilab qo‘yilsinki:
a) tashkilotlarning ma’lumotlari asosida mulk huquqi va boshqa ashyoviy huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda ko‘chmas mulk ob’ektiga bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risida ariza talab etilmaydi;
b) ko‘chmas mulkka nisbatan mulk huquqi va boshqa ashyoviy huquqlarni, shuningdek, qonun asosidagi ipotekani davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun tashkilotlar tomonidan qonun hujjatlarida belgilangan ro‘yxatga olish yig‘imlari undiriladi va ular quyidagi tartibda taqsimlanadi:
10 foizi Аdliya vazirligi yoki Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (ko‘chmas mulkni “E-IJRO AUKSION” Yagona elektron savdo maydonchasida auktsion orqali sotishda va rieltorlik xizmatlari ko‘rsatishda) byudjetdan tashqari jamg‘armalarining shaxsiy hisobvaraqlariga yoxud tijorat banklarning bank hisob raqamiga;
qolgan mablag‘lar davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni amalga oshiruvchi organlarning bank hisob raqamiga o‘tkaziladi;
v) 2020-yil 1-yanvardan boshlab ko‘chmas mulkning yangi egalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar ularga bo‘lgan huquqlar davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganidan keyin tegishlicha davlat notarial idoralari va davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni amalga oshiruvchi organlar tomonidan kommunal xizmatlarning axborot tizimlariga avtomatik tarzda yuboriladi. Bunda kommunal xizmatlar ko‘chmas mulkning yangi egalaridan ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqni tasdiqlovchi hujjatlarni talab qilishga haqli emas.
4. Quyidagilar:
ko‘chmas mulkni begonalashtirishda davlat notarial idorasiga Reestrga ulanish imkoniyatini bergan holda, unga bino va inshootlarning tarkibi va tegishliligi to‘g‘risidagi ma’lumotnomani taqdim etishni;
davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan ko‘chmas mulk egalaridan davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun taqdim etilgan hujjatga ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organning yozuvi (shtampi) qo‘yilishini talab qilishni;
2020-yil 1-yanvardan boshlab qurilgan uy-joyga mulk huquqini hamda qonun asosidagi ipotekani O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi organlarida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishini ta’minlash, shuningdek, bankka ro‘yxatdan o‘tkazilgan uy-joyga nisbatan mulk huquqi to‘g‘risidagi hujjat nusxasini va qonun asosidagi ipoteka davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgani to‘g‘risidagi shtamp qo‘yilgan kredit shartnomasini taqdim etish bo‘yicha qarz oluvchining majburiyatlarini nazarda tutuvchi tartib bekor qilinsin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va Savdo-sanoat palatasining 2020-yil 1-yanvardan boshlab tajriba-sinov tariqasida Toshkent viloyati va Toshkent shahrida ko‘chmas mulk bo‘yicha kadastr muhandisi (keyingi o‘rinlarda – kadastr muhandisi) institutini joriy etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin. Kadastr muhandisi shartnoma asosida ko‘chmas mulk ob’ektlarini xatlovdan o‘tkazadi (birlamchi kadastr hisobi bundan mustasno), ularning qavatma-qavat rejalarini tuzadi, texnik rejalarini rasmiylashtiradi, shuningdek, ularni texnik hisobga qo‘yadi. Kadastr muhandislariga nisbatan quyidagi talablar nazarda tutiladi:
geodeziya va yer kadastri bo‘yicha oliy ma’lumotga ega yoki kadastr munosabatlari sohasida kasbiy qayta tayyorgarlik dasturi bo‘yicha ta’lim olgan, shuningdek, tegishli malaka komissiyalarining qarorlari asosida Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasining malaka shahodatnomasini olgan shaxs kadastr muhandisi bo‘lishi mumkin;
malaka shahodatnomasini olish uchun shaxs geodeziya va yer kadastri bo‘yicha kamida bir yil ish stajiga ega bo‘lishi va malaka imtihonini topshirishi shart;
kadastr muhandisi faoliyati bilan shug‘ullanuvchi shaxs rieltorlik tashkilotlari bilan mehnat shartnomasini tuzadi.
6. O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, Energetika vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi, Аxborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi bilan birgalikda 2019-yil 1-mayga qadar:
a) quyidagilarga imkoniyat beruvchi yagona tizim (integratsiya tarmog‘i)ni yaratish:
kommunal xizmatlar ko‘rsatuvchi (gaz ta’minoti, sovuq suv ta’minoti va suv chiqarib tashlovchi, issiqlik ta’minoti (markaziy isitish va issiq suv ta’minoti), elektr ta’minoti, maishiy chiqindilarni olib ketish, o‘rnatib qo‘yilgan telefon aloqasi va boshqalar) korxonalarning axborot tizimlarini integratsiyalash;
texnik shartlarni olish, ob’ektlarni muhandis-texnik ta’minot tarmoqlariga ulash bo‘yicha shartnomalarni tuzish uchun yagona ariza berish;
debitor va kreditor qarzdorlik to‘g‘risidagi hisobni aktual holatda yuritish;
hisobga olish uskunalari ko‘rsatkichlarini onlayn tartibda qayta ishlash;
ko‘chmas mulkning kadastr raqami asosida iste’molchining unifikatsiya qilingan shaxsiy hisobvaraqasini joriy etish;
iste’molchilarga kommunal xizmatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yagona shaxsiy kabinetdan olish imkoniyatini taqdim qilish;
iste’molchilarga ko‘rsatilgan kommunal xizmatlar uchun hisoblangan to‘lovlarning yagona hisob-kitobini yuborish;
davlat organlariga yagona tizimda debitor va kreditor qarzdorligi to‘g‘risidagi axborotni taqdim qilish;
b) yagona tizim (integratsiya tarmog‘i)ni yaratish va ishlatish, shuningdek, server uskunalari va tegishli hisoblash asboblarini, shu jumladan, davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida hamda xalqaro grantlarni jalb etgan holda xarid qilish va o‘rnatishning moliyalashtirish manbalarini belgilash;
v) kommunal xizmatlardan foydalanishning yagona hisobini yuritishni muvofiqlashtirish va tartibga solish bo‘yicha vakolatli organni uning texnik va professional tayyorgarligini inobatga olgan holda belgilash bo‘yicha takliflarni kiritsin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi:
Davlat soliq qo‘mitasi, Ichki ishlar vazirligi va Davlat personallashtirish markazi bilan birgalikda 2019-yil 1-avgustga qadar Toshkent shahri bo‘yicha, 2019-yil 1-dekabrga qadar muddatda esa Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar bo‘yicha mulkdorlar – jismoniy shaxslarning shaxsiy identifikatsiya ma’lumotlari (JSh ShIM) va mulkdorlar – yuridik shaxslarning identifikatsiya raqamlari (INN) Reestrga kiritilishini;
Аdliya vazirligi va tijorat banklari bilan birgalikda mavjud axborot tizimlariga zarur o‘zgartirishlar kiritilishini hamda Reestrning mavjud ma’lumotlar bazalari bilan integratsiyalashuvini;
Аdliya vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda, shu jumladan, malaka shahodatnomasini berish, kadastr munosabatlari sohasidagi kasbiy qayta tayyorgarlik dasturi bo‘yicha o‘qitish mexanizmini, shuningdek, kadastr muhandislari faoliyatini baholash va monitoring qilish mezonlarini nazarda tutuvchi kadastr muhandisi faoliyati bilan shug‘ullanish tartibi ishlab chiqilishini;
kadastr muhandislari faoliyati monitoringi natijalari asosida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Аdministratsiyasiga kadastr muhandisi institutini takomillashtirish bo‘yicha takliflar kiritilishini ta’minlasin.
8. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi 2019-yil 1-dekabrga qadar rieltorlik xizmatlari ko‘rsatish imkoniyatini ta’minlovchi yagona axborot tizimini ishlab chiqib, uni Reestr bilan uyg‘unlashtirsin.
9. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda ushbu qarorning talablaridan kelib chiqqan holda tashkilotlar tomonidan ma’lumotlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni amalga oshiruvchi organlarga yuborish tartibi ishlab chiqilishini, shuningdek, ko‘chmas mulk ob’ektlariga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi qayta ko‘rib chiqilishini ta’minlasin.
10. O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
11. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri А.N.Аripov va O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari – O‘zbekiston Respublikasi transport vaziri А.J.Ramatov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri,
2019-yil 5-aprel
(Manba: “Xalq so‘zi” gazetasi)