Birinchi slide После первого Ikkinchi slide Uchinchi slide To'rtinchi slide Beshinchi slide Oltinchi slide Ettinchi slide Sakkizinchi slide
Bosh sahifa Doimiy vakolatxona Xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik Yangiliklar/tadbirlar O’zbekiston haqida Galereya

YANGILIKLAR XABARNOMASI №69

SHAVKAT MIRZIYOYEV Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori O’zbekistonning Investitsion Salohiyat Uchrashuvlar Uchrashuvlar XMT doirasidagi xamkorlik XMT doirasidagi xamkorlik BMT Mingyillik rivojlanish maqsadlari BMT Mingyillik rivojlanish maqsadlari Press-relizlar Press-relizlar Vakolatxona yangiliklari Vakolatxona yangiliklari Rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasi Rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasi O'zbekiston Respublikasi Mustaqillik kuni O’zbekiston Respublikasi Mustaqillik kuni Inson huquqlari bo'yicha O'zbekistonning inson huquq kengashiga nomzod Inson huquqlari bo’yicha O’zbekistonning inson huquq kengashiga nomzod Sayyohlik Sayyohlik 8-Dekabr O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni 8-Dekabr O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni O'zbekiston matbuoti daydjestlari O’zbekiston matbuoti daydjestlari 2022 — 2026 ЎЗБЕКИСТОН СТРАТЕГИЯСИ ТЎҒРИСИДА 2022 — 2026 ЎЗБЕКИСТОН СТРАТЕГИЯСИ ТЎҒРИСИДА Конституциявий ислоҳотлар Конституциявий ислоҳотлар Boshqa yangiliklar va voqealar Boshqa yangiliklar va voqealar
hamma resurslarni ko'rsatish
YANGILIKLAR XABARNOMASI №69

PREZIDENT
Xorijiy investitsiyalarni o‘z vaqtida va samarali o‘zlashtirilishini ta’minlash uchun yangi nazorat tizimi joriy etiladi

Xorijiy investitsiyalarni o‘z vaqtida va samarali o‘zlashtirilishini ta’minlash uchun yangi nazorat tizimi joriy etiladi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 2019-yil 8-aprel kuni joriy yilning birinchi choragida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va xalqaro moliya tashkilotlari ishtirokidagi loyihalarning amalga oshirilishini tahlil qilish, birinchi yarim yillikka doir vazifalarni belgilash masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Keyingi yillarda vazirlar va tarmoqlar rahbarlari hududlarga yuborilib, joylarda yangi korxonalar va doimiy ish o‘rinlari tashkil etishni ta’minlaydigan investitsiya loyihalari ishlab chiqish hamda amalga oshirish bo‘yicha yangi tizim yaratildi. Investitsiya muhitini yaxshilash bo‘yicha ko‘plab imtiyoz va yengilliklar joriy etildi.
Xorijiy davlatlar va xalqaro moliya tashkilotlari rahbarlari, jahonning yetakchi ishbilarmonlari bilan muzokaralar o‘tkazilib, mamlakatimizga o‘nlab milliard dollar investitsiya jalb etish bo‘yicha 700 ga yaqin investitsiya bitimlari imzolandi.
Bunday chora-tadbirlar natijasi o‘sish sur’atlarida ko‘zga tashlanmoqda. Xususan, o‘tgan yili asosiy kapitalga investitsiyalar hajmi 18 foizdan ziyod o‘sgan. Bu, o‘z navbatida, sanoat ishlab chiqarishining 14,4 foizga ko‘payishini ta’minlagan.
Muhim sifat o‘zgarishi shundaki, ilgari to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar ishtirokida hududiy loyihalar deyarli bo‘lmagan bo‘lsa, joriy yilda o‘zlashtiriladigan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy sarmoyalarning yarmi hududlar hissasiga to‘g‘ri keladi.
2019-yilgi Investitsiya dasturiga muvofiq jami 3 ming 200 dan ziyod investitsiya loyihasi doirasida qariyb 14 milliard dollar miqdoridagi kapital qo‘yilmalarni o‘zlashtirish rejalashtirilgan. Shundan 4 milliard dollardan ortiq to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni o‘zlashtirish belgilangan.
Yig‘ilishda mazkur investitsiya loyihalari tarmoqlar va hududlar kesimida tahlil qilinib, olib borilayotgan ishlar yuzasidan tegishli rahbarlarning hisobotlari eshitildi. Muddatidan kechikayotgan loyihalarning muammoli jihatlari muhokama qilindi.
Birinchi chorakda belgilangan mablag‘lar o‘zlashtirilgan bo‘lsa-da, ayrim tarmoqlar va hududlarda ishlar qoniqarsiz ekani ko‘rsatib o‘tildi. Аxborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, “O‘zavtosanoat”, “O‘zagrotexsanoatxolding” aktsiyadorlik jamiyatlari, “O‘zeltexsanoat” uyushmasi rahbarlari, Qashqadaryo, Samarqand, Surxondaryo, Namangan, Farg‘ona va Xorazm viloyatlari hokimlarining investitsiya bo‘yicha o‘rinbosarlari ogohlantirildi.
Davlatimiz rahbari investitsiyalarning o‘z vaqtida o‘zlashtirilishini ta’minlash uchun yangi nazorat tizimini joriy etishni taklif qildi. Unga ko‘ra, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi barcha loyihalar to‘rtta ro‘yxatga bo‘linib, alohida va izchil nazorat qilib boriladi.
Birinchi ro‘yxatga joriy yilda 3,6 milliard dollar xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirilishi mo‘ljallangan 27 ta eng muhim strategik loyihalar kiritiladi va u Prezidentning doimiy nazorati ostida bo‘ladi.
Ikkinchi ro‘yxat shu yili 1,3 milliard dollar xorijiy investitsiya o‘zlashtiriladigan 65 ta yirik loyihadan iborat bo‘lib, uni Bosh vazir nazorat qilib boradi.
Bosh vazir o‘rinbosarlari nazorat qiladigan uchinchi ro‘yxatga 407 million dollar xorijiy investitsiya o‘zlashtirilishi rejalashtirilgan 65 ta loyiha kiritiladi.
To‘rtinchi ro‘yxatdagi loyihalarni hududlarga biriktirilgan markaziy idoralar rahbarlari va hokimlar nazorat qiladi.
Investitsiyaviy loyihalar ijrosi doimiy ravishda muhokama qilinib, muammolar tezkorlik bilan hal etib boriladi.
Prezident to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va xalqaro moliya institutlari mablag‘larini jalb qilish borasida imkoniyatlar to‘liq ishga solinmaganiga e’tibor qaratib, tarmoqlar va hududlarda yangi investitsiya loyihalarini ishlab chiqish zarurligini ta’kidladi.
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga tarmoq vazirliklari bilan birgalikda neftь-gaz, kimyo, energetika, qurilish materiallari, mashinasozlik, elektr texnikasi sohalarida, shuningdek, hududlardagi mavjud salohiyat va resurslaridan kelib chiqib, har bir tuman va shahar bo‘yicha qo‘shimcha investitsiya loyihalari ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.
Shakllantirilgan ushbu takliflar asosida mamlakatimizning elchixonalari bilan birgalikda yurtimiz va xorijda biznes-forumlar tashkil qilish, mahalliy investorlarning maqsadli taqdimotlarini o‘tkazish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
– O‘zbekiston bilan ishlash istagini bildirgan xorijiy investorlar bilan mustahkam aloqa o‘rnatib, loyihaning boshidan oxirigacha ularga yordam berish, oddiy qilib aytganda, ularni “qo‘lidan yetaklab” natijani ta’minlash kerak, – dedi Shavkat Mirziyoev.
Yig‘ilishda Toshkent shahriga sarmoya jalb etishni kengaytirish, investitsiya loyihalari uchun yer uchastkalari va davlat mulki ob’ektlari berish borasidagi ishlar ham muhokama qilindi. Poytaxtimiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha barchaga o‘rnak bo‘lishi lozimligi ta’kidlandi.
Hududlar va tarmoqlarda loyihalarning amalga oshirilishini monitoring qilish, yuzaga kelgan muammolarni tezkor aniqlab, hal etish bo‘yicha elektron axborot tizimini qisqa muddatda ishga tushirish zarurligi qayd etildi.
Xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikdagi ishlar tahlil qilinar ekan, ijtimoiy sohalardagi loyihalar aholi turmushi uchun muhimligi, ular o‘z muddatida va sifatli amalga oshirilishi kerakligi ta’kidlandi. Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimida 4 ta, Suv xo‘jaligi vazirligida 4 ta, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligida 3 ta loyiha bo‘yicha ishlar kechikayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
Bunday loyihalarni muvofiqlashtirishni takomillashtirish uchun Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Islom taraqqiyot banki, Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish xalqaro jamg‘armasi kabi xalqaro moliya institutlari bilan bevosita ishlaydigan vazirlik va idoralar belgilandi.
Videoselektorda oliy darajadagi tashriflar yakuniga ko‘ra tasdiqlangan “yo‘l xaritalari” ijrosiga ham e’tibor qaratildi.
Ma’lumki, ular doirasida 700 ga yaqin investitsiya bitimi imzolangan. Hisob palatasi tomonidan kelishuvlarning ma’lumotlar bazasi yaratilgan, ularning ijrosi bo‘yicha monitoring va nazorat o‘rnatilgan.
Prezidentimiz “yo‘l xaritalari”dagi chora-tadbirlarni tez va izchil amalga oshirish, bu borada hukumatlararo komissiyalarning faoliyatini jonlantirish zarurligini ta’kidladi.
Vazirlar Mahkamasiga har bir davlat bilan hamkorlik yo‘nalishlarining asosiy xususiyatlaridan kelib chiqib, hukumatlararo komissiyalar tarkibini qayta ko‘rib chiqish vazifasi qo‘yildi.
Keyingi yildan boshlab investitsiya dasturlari uch yillik qilib shakllantirilishi, barcha tarmoqlar va hududlar bunga tayyorgarlikni bugundan boshlashi zarurligi ta’kidlandi.
Muhokama qilingan masalalar bo‘yicha galdagi muhim vazifalar belgilab berildi.
Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Matbuot xizmati xabar berdi.
(Manba: O‘zA)
INVESTITSIYALAR
Jizzaxda skanerlar ishlab chiqaradigan yuqori texnologiyali korxona barpo etiladi
4-aprel kuni International Aerospace Committee (IAC) va “Raqamli ishonch” Jamg‘armasi o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni kuchaytirish va rivojlantirish hamda kelishilgan maqsadlar doirasida ma’lumotlar almashinuvini o‘rnatishga qaratilgan hamkorlik to‘g‘risida Memorandum imzolandi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruv milliy agentligi xabar berdi.
Xabarda aytilishicha, Memorandum doirasida birinchi loyihalardan biri Shveytsariyaning Tudor Tech texnologiyalari transferi bo‘lishi mumkin. Tudor Tech - samolyotlar va transportning boshqa turlarini rentgen bilan skaner qiluvchi uskunalar ishlab chiqaruvchi jahondagi birinchi va yagona kompaniya hisoblanadi.
Texnologiya portlovchi moddalar, qurol-yarog‘, giyohvand moddalar va naqd pullarni noqonuniy o‘tkazish hollarini aniqlash bo‘yicha samarali vosita hisoblanadi va keltirib o‘tilgan tahdidlarni 100 foiz aniqlash imkonini beradi.
“O‘tkazilgan uchrashuv doirasida Jizzax viloyatida skanerlarni ishlab chiqarishga mo‘ljallangan korxona barpo etish bo‘yicha qo‘shma qaror qabul qilindi. Ishlab chiqariladigan skanerlar nafaqat O‘zbekiston, balki butun Osiyoda aeroportlar xavfsizligini ta’minlaydi”, deyiladi xabarda.
Mazkur loyihani amalga oshirishda International Aerospace Committee (IAC) kompaniyasi “Raqamli ishonch” Jamg‘armasiga Shveysariyadan investitsiyalarni to‘liq miqdorda jalb etish bo‘yicha yordam ko‘rsatadi.
Tomonlar O‘zbekistonda aviatsiya, koinot, energetika va yer resurslari sohasida yuqori texnologiyali loyihalarga investitsiyalarni jalb etish bo‘yicha birgalikda ishlarni olib borish to‘g‘risida kelishib oldilar. Bundan tashqari, Memorandumdagi vazifalarni amalga oshirishda tajriba va ma’lumotlar almashish, o‘zaro konsultatsiyalar o‘tkazish ham nazarda tutilgan.
(Manba: Kun.uz veb-sayti)
MOLIYA
Markaziy bank axboroti: xorijiy valyutalarning so‘mga nisbatan quyidagi qiymati belgilandi
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki 2019 yil 9 apreldan boshlab valyuta operatsiyalari bo‘yicha buxgalteriya hisobi, statistik va boshqa hisobotlarni yuritish, shuningdek, bojxona va boshqa majburiy to‘lovlari uchun xorijiy valyutalarning so‘mga nisbatan quyidagi qiymatini belgiladi:*)
1 AQSh dollari 8451,37
1 YEVRO 9477,37
1 Rossiya rubli 129,37
1 Angliya funt sterlingi 11017,21
1 Yaponiya ienasi 75,64
1 Janubiy Koreya voni 7,44
1 Quvayt dinori 27778,63
1 Malayziya ringgiti 2067,87
1 Xitoy yuani 1257,98
1 Singapur dollari 6239,02
1 Shveysariya franki 8453,06
1 BAA dirhami 2301,07
1 Misr funti 489,65
1 Avstraliya dollari 6004,70
1 Turkiya lirasi 1502,41
1 SDR 11722,81
1 Kanada dollari 6315,48
1 Ukraina grivnasi 316,89
1 Polsha zlotiysi 2209,45
*) Valyuta qiymatini belgilash chog‘ida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki mazkur valyutalarni ushbu qiymatda sotish yoki sotib olish majburiyatini olmagan.
(Manba: O‘zA)

MINTAQALAR: SIRDARYO VILOYATI
Sirdaryo tajribasi viloyat ahliga faxr-iftixor bilan birga, ulkan mas’uliyat ham yukladi
Gulistonning qoq markazi — “Yurt bayrog‘i” maydoni tevaragidagi arg‘uvon (lipa) daraxtlari yana barg yozdi. Sarvqomat nihollar o‘tgan yili, garchi birinchi bor bo‘lsa-da, chunonam gulladiki, ifori butun shaharga taraldi. Odamlar olis Yevropadan keltirilgan, dastlab begonadek ko‘ringan arg‘uvonlarning Sirdaryoda tup yozganidan shodlanishdi. Xatto daraxt-gulzorni tomosha qilish uchun uzoq-yaqindan atayin kelganlar ham bo‘ldi. Va shu zaminga mehr-muhabbat ko‘ygani va sadoqati tufayli uni barcha yaxshi ko‘rib qoldi.
Prezident tashrifidan so‘ng
“O‘ZBEKISTON GULDASTASI”
Qarangki, sirdaryoliklarning taqdiri ham ana shu arg‘uvonlarnikiga o‘xshaydi. Ya’ni viloyat aholisi — taniqli yozuvchilarimizdan biri ta’riflaganidek, mamlakatimizning barcha hududidan Mirzacho‘lni o‘zlashtirishga kelganlar va ularning avlodlaridan jamlangan — “O‘zbekiston guldastasi”dir. Ana shu “bog‘lamga jo bo‘lgan guldasta”ning go‘zal manzarasida esa Sirdaryo ahlining bir yoqadan bosh chiqarib, ahil-inoq amalga oshirayotgan yaratuvchilik va bunyodkorlik ishlarini ko‘ramiz.
Ayniqsa, Prezidentimizning joriy yil 19-fevraldagi tashrifidan so‘ng bu hamjihatlik yanada mustahkamlandi, yurt ishi uchun fidoyilik yangi qudrat oldi, kuch oldi. Yurtboshimizning ko‘klam ostonasidagi qutlug‘ tashrifiga yaxshi niyat bilan “Sirdaryoning yuksalish bahori keldi” deya ta’rif berildi. Davlatimiz rahbari tomonidan 5 ta yo‘nalishdagi “Sirdaryo tajribasi” tashabbusining ilgari surilgani esa sirdaryoliklarga faxr-iftixor bag‘ishlagani barobarida, ulkan mas’uliyat ham yukladi.
“Sirdaryo tajribasi”ni mohiyatan o‘sha arg‘uvonlarning shu tuproqda amal olib, purviqor daraxtlarga aylanishi yo‘lida qilinayotgan ezgu harakatlarga qiyoslash mumkin. Negaki, yoshlar orasida ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish va pirovardida kelgusi avlodni shu yurt, shu muqaddas Vatan uchun fidoyi insonlar qilib tarbiyalash mazkur konsepsiyaning asosiy g‘oyasi hisoblanadi.
Va bahorning ilk kunlaridanoq xuddi arg‘uvon daraxtlari singari “Sirdaryo tajribasi”ning 5 ta niholi ham barg yozib, bo‘y ko‘rsata boshladi.
SUHROBNING ORZUSI RO‘YOBGA CHIQDI
Suhrob Umarqulov Boyovutning chekka Uchturgon mahallasida yashaydi. U tasviriy san’atga qiziqadi. Chizgilaridan birini “Orzu” deb nomlagan. Rasmda hovlilaridagi mevasi mo‘lligidan shoxlari egilgan olma daraxtining yonida qo‘lida mo‘yqalam tutgan rassom tasvirlangan. Aniqki, bolakay bu bilan kelajakda o‘sha daraxtdek sermahsul musavvir bo‘lish niyatini ifoda etgan. Ammo yaqin kunlargacha maktabida ham, mahallasida ham rassomchilik sirlarini o‘rgatadigan to‘garak yo‘q edi. Nihoyat mart oyining boshlarida o‘zi ta’lim olayotgan maktabda ana shunday mashg‘ulot maskani ochildi. Boyovut tumanidagi 5-bolalar musiqa va san’at maktabi tomonidan tashkil etilgan mazkur to‘garakka Suhrob ham a’zo bo‘ldi. Endi u malakali ustozlar yordamida suratidagi orzusi, albatta, hayotida amalga oshishiga ishonadi.
— Yoshlarni bolalar musiqa va san’at maktablari, madaniyat muassasalariga jalb etish orqali ularning ma’naviy dunyoqarashini shakllantirish “Sirdaryo tajribasi”ning birinchi yo‘nalishi sanaladi, — deydi viloyat madaniyat boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchisi Hamid Xolmatov.
— O‘tgan vaqt mobaynida Madaniyat vazirligi rahbarlarining bevosita ishtiroki bilan madaniyat muassasalariga qamrab olingan 5320 nafar yosh soni qo‘shimcha to‘garaklar tashkil etilishi tufayli 7250 nafarga yetkazildi. Yil yakunigacha esa musiqa va san’at maktablarida 11 yo‘nalishdagi 56 ta qo‘shimcha sinf hamda bepul to‘garaklar ochish orqali yana 4800 nafar o‘g‘il-qizimizning o‘zlari qiziqqan mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanishlarini ta’minlaymiz.
Faqat shugina emas. Ushbu yo‘nalish ijrosi doirasida o‘tkazilgan “Sirdaryoda madaniyat va san’at kuni” tadbirlarida musiqa va san’at maktablariga cholg‘u asboblari ham hadya qilindi. Bolalar mashhur bastakor hamda san’atkorlarning mahorat darslarida qatnashdilar. Shubhasiz, ushbu darslar asnosida har bir bola qalbida san’atga oshnolik tuyg‘usidek pokiza hislar yanada jo‘sh urdi. Va yana minglab yoshlar uchun esa sog‘lom turmush tarzida voyaga yetishlari va bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishlari uchun imkon yaratildi.
HAVAS QILSA ARZIGULIK
...Pekin Olimpiadasining bronza medali sovrindori Yekaterina Xilkoning “Gulistonda ochilgan gimnastika maktabi va bolaligimda men shug‘ullangan sport inshooti o‘rtasida osmon bilan yercha farq bor” degan gapi OAVda e’lon qilingan xabarlarning sarlavhasiga chiqqani bejiz emas. Chunki viloyat markazida bunyod etilgan gimnastika bo‘yicha ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar sport maktabidagi sharoitlar ayni sport turi bilan mukammal shug‘ullanishning barcha talabiga javob beradi. Shuningdek, o‘tgan mart oyida foydalanishga topshirilgan Boyovut tumanidagi universal sport inshooti, Sardobadagi bolalar-o‘smirlar sport maktabi ham mashxur sportchimizning ana shu ta’rifiga loyiq desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Ammo hali bular yoshlarni sportga ko‘proq jalb etish orqali ular o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish yo‘nalishi ijrosida amalga oshirilayotgan ishlarning bir bo‘lagi, xolos.
Xususan, Prezidentimiz tashrifidan so‘ng ko‘p o‘tmay, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tomonidan sport ta’limi muassasalariga 1,5 milliard so‘mlik jihozlar va anjomlar topshirildi. “Yoshlar haftaligi”, “Xotin-qizlar haftaligi”, “Ta’lim haftaligi” singari sport tadbirlari tashkil qilindi va ularda 52 ming nafardan ziyod yigit-qizlar ishtirok etdi(O‘R MB kursi 01.03.2019 da, 1$= 8451.37 so‘m).
Yoshlarning sport bilan shug‘ullanish imkoniyatlarini kengaytirishga tadbirkorlar ham hissa qo‘shishmoqda. Masalan, hozirgacha 26 nafar tadbirkorning bu boradagi tashabbusi qo‘llab-quvvatlandi. Ayni chog‘da ularga sport yo‘nalishidagi faoliyatini saqlab qolish sharti bilan davlat-sheriklik asosida “nol” qiymatdagi bo‘sh bino va inshootlarni berish harakatlari bormoqda. Yil yakuniga qadar 18 ta sun’iy qoplamali maydon, 7 ta yengil konstruksiyali sport zali va bir sport maktabi ham ayni tadbirkorlar tomonidan ochilishi kutilmoqda. Belgilangan rejalar bajarilgach, viloyatning turli hududlarida yashayotgan yana 18 ming nafar yoshga bo‘sh vaqtlarida sport bilan shug‘ullanish uchun sharoit yaratiladi.
QISHLOQ MAKTABLARI INTERNET TARMOG‘IGA ULANADI
Navro‘z kunlari Mirzaobod tumanida o‘z eshiklarini ochgan IT-raqamli texnologiyalar o‘quv markazi bu boradagi qaldirg‘och maskan bo‘ldi. Markazda yoshlar endi kompyuter texnologiyalaridan keng, samarali va eng muhimi, to‘g‘ri foydalanish bo‘yicha ko‘nikmaga ega bo‘ladilar. Bunday zamonaviy o‘quv maskanlari, hademay barcha shahar va tumanlarda tashkil etiladi. Ularda onlayn saboqlar berish ham mo‘ljallangan. Markazlarda o‘qigan eng iqtidorli 2 nafar yoshga Toshkent axborot texnologiyalari universitetiga o‘qishga test sinovlarisiz kirish imtiyozi berilishi ham kutilmoqda.
Shuningdek, har bir tuman va shaharda tadbirkorlar ishtirokida 4 tadan jami 44 ta kompyuter o‘yinlari markazi ham tashkil etiladi.
Ularda milliy mentalitetimizga mos kompyuter o‘yinlari bilan mashg‘ul bo‘lish, foydali axborotlar va bilim olish bo‘yicha dasturlardan foydalanish imkoniyati yaratiladi.
Yana bir muhim jihat, endi viloyatning eng chekka hududidagi maktab ham zamonaviy kompyuter va yuqori tezlikdagi internet tarmog‘iga ega bo‘ladi. Buning uchun alohida “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqildi va hozirgacha 301 maktabning 60 tasiga optik tolali kabel tarmoqlari yetkazildi. Mazkur loyiha amalga oshishi natijasida ayni vaqtdagiga nisbatan qo‘shimcha 11500 nafar o‘g‘il-qiz bo‘sh vaqtlarini kompyuter savodxonligini oshirish bilan o‘tkazishlari mumkin bo‘ladi.
XAYRLI VA O‘ZIGA XOS
O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi homiyligida viloyatdagi 4 mingga yaqin kam ta’minlangan oilalar farzandlari uchun 5 nomdagi bosma ommaviy axborot vositalariga bepul obuna tashkil qilinganligi ibratli tashabbus bo‘ldi.
Binobarin, yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib qilish, “Bir haftada bir kitob”, “Eng yaxshi kitobxon oila” loyihalarini o‘z ichiga olgan navbatdagi yo‘nalish ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar ana shunday xayrli va o‘ziga xosligi bilan ko‘pchilikning e’tirofiga sazovor bo‘lmoqda. Hozirgacha O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi huzuridagi “Ijod” jamoat fondi tomonidan Boyovut tumanidagi Istiqlol mahallasi kutubxonasiga 400 nomdagi adabiyotlar tuhfa qilindi. Shuningdek, fond viloyat xalq ta’limi tizimidagi axborot-resurs markazlariga 4400 ta badiiy kitob hadya qildi. Kelgusida 221 mahallaning har biriga 1000 tadan kitob yetkazib berish ham “Ijod”ning xayrli rejalari portfeliga kiritilgan. Yaqinda o‘tkazilgan “O‘zim o‘qigan maktabga — mening kitob tuhfam” aksiyasi tufayli umumta’lim muassasalari 7,5 mingdan ziyod adabiyotlar bilan boyidi. Viloyat hokimligi harbiy qismlardan biriga 10 ta kompyuter jamlamasi hamda 500 ta turli kitoblar tuhfa qildi. Sayxunobod tumanida esa tadbirkor ayol Gavhar Husanovaning xususiy bo‘lsa-da, xizmati tekin kutubxonasi ish boshladi. Endilikda har bir tuman va shaharda bittadan kitob do‘koni qurish mo‘ljallangan bo‘lib, Guliston shahridagisi tez orada foydalanishga topshirilishi kutilmoqda.
Prezidentimiz tashrifidan so‘ng ko‘p o‘tmay, zamonaviy “Yoshlar markazi” majmuasi uchun keng maydon tanlandi va uning tamal toshi qo‘yildi. Yana viloyat markazida Prezidentimiz tashabbusi asosida bunyod etiladigan O‘zbekiston Respublikasi xalq shoiri Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ona tili va adabiyot fanlarini chuqur o‘rgatishga ixtisoslashtirilgan maktab qurilishi boshlangan kun Sirdaryoga bayramona shukuh baxsh etdi.
O‘N YETTI KUNDA TASHKIL ETILGAN KORXONA
Qanot qoqqan tashabbuslarning beshinchi yo‘nalishi — xotin-qizlar bandligini ta’minlash. Davlatimiz rahbarining viloyatdagi har bir tumanning aholi zich joylashgan hududlarida 4 tadan jami 32 ta yengil sanoat subyekti tashkil qilish bo‘yicha belgilab bergan topshirig‘ining ilk ijrosi — “Xovos Siti” hududida faoliyat boshlagan “Sirdaryo baraka chevarlari” tikuvchilik korxonasi o‘n yetti kunda tashkil etilib, 120 nafar xotin-qiz ishli bo‘ldi.
Xususan, “Sirdaryo tajribasi”ning hayotbaxsh epkini Xovos shaharchasining Tinchlik mahallasi Tadbirkorlar ko‘chasidagi 118-uyda yashovchi yolg‘iz ona Gulzoda Xayrullayeva xonadoniga ham kirib keldi.
— Oilada onam, akam G‘anisher va men — uchalamiz ham ishsiz edik, — deydi Gulzodaning qizi Gulnoza Donaboyeva. — Kichik ukam esa hali maktabda o‘qiydi. To‘g‘ri, onam ikkimiz choyxonalarda ishlasak, akam vaqtinchalik turli yumushlarni bajarib, ozmi ko‘pmi, ro‘zg‘or uchun pul topar edik. Lekin bu omonat ishlar oilaviy sharoitimizni yaxshilashning doimiy va kafolatlangan daromad manbai bo‘lolmasdi.
Gulzodaning aytishicha, ko‘klamning ilk kunlarida onasi va o‘zi yangi ochilgan korxonaga, akasi esa ichimlik suvi tarmoqlari qurilishini olib borayotgan tashkilotga ishga qabul qilinibdi. “Endigi birdan-bir niyatim tikuvchilik sohasida boy tajriba orttirib, kelajakda shu sohaning yetuk mutaxassisi bo‘lib, oilamga ham, yurtimga ham naf keltirish”, deydi Gulzoda. U ishli bo‘lgach, yurt hamda jamiyat uchun kerakli inson ekanligini, Vatanimizda ro‘y berayotgan ulkan yangilanishu o‘zgarishlar faqat va faqat xalq manfaatlariga qaratilganini o‘zi hamda oilasiga ko‘rsatilgan yuksak e’tibor orqali chuqur his qilganini ham izhor etdi.
Hozirgi kunda tikuvchilik-trikotaj fabrikalarini tashkil qilish ishlari jadal bajarilayotgani barobarida, kasb malakasiga ega bo‘lmagan ayollar 25 ta kasb-hunar kollejida ochilgan tikuvchilik bo‘yicha o‘quv kurslarida o‘qitilmoqda. Hali yil oxirigacha Gulzoda va uning qizi Gulnoza kabi yana 8400 nafar xotin-qiz ko‘ngliga ham ana shunday quvonch tuyg‘ulari baxsh etiladi.
“Yurt bayrog‘i” maydoni tegrasidagi arg‘uvon daraxtlari, hademay qiyg‘os gullashi kabi vohadagi keng ko‘lamli o‘zgarishlar, xususan, ta’bir joiz bo‘lsa, “Sirdaryo tajribasi”ning ildizlari baquvvat besh yo‘nalishi — besh niholi ham ko‘p-ko‘p, shirin-shakar mevalar beraveradi va undan ming-minglab yoshlarimiz, xotin-qizlar, oilalar bahra oladi. Yurtga sadoqat hamda mehr-muhabbat poydevoriga bunyod bo‘lgan ushbu tashabbus tufayli o‘g‘il-qizlarimizdagi yurt ishiga daxldorlik va fidoyilik tuyg‘ulari bundan-da mustahkamlanadi, ertangi kunga bo‘lgan ishonchi yanada ortadi. Zero, “Sirdaryo tajribasi”ning asl mohiyati va g‘oyasi ham ana shundadir.
(Manba: “Xalq so‘zi” gazetasi)
XALQARO MUNOSABATLAR
Chexiyalik ishbilarmonlar O‘zbekiston bozoriga intilmoqda
Chexiya Respublikasi savdo-sanoat vaziri Marta Novikova boshchiligidagi biznes delegatsiyaning mamlakatimizga tashrifi doirasida 8-aprel kuni poytaxtimizda O‘zbekiston – Chexiya biznes-forumi tashkil etildi.
O‘zbekistonda Chexiya kapitali ishtirokida 25 ta korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Forumning ochilishida ushbu ko‘rsatkichlar mamlakatlarimiz iqtisodiy salohiyatiga mos emasligi qayd etildi.
Tadbirda O‘zbekistonda barcha sohalarda faol islohotlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi. Аna shunday sharoitda Chexiya ishbilarmonlari O‘zbekiston bozoriga intilmoqda, ular mamlakatga sarmoya kiritishdan manfaatdor. Bu kabi uchrashuvlarning tashkil etilishi ikki mamlakat oldida iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishga doir umumiy yondashuvlarni ishlab chiqish, o‘zaro tovar ayirboshlashda eksport, import mahsulotlari turini ko‘paytirish bo‘yicha fikr almashish imkonini beradi.
O‘z navbatida, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Аdham Ikromov, Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri o‘rinbosari Badriddin Obidov O‘zbekiston tomoni chexiyalik ishbilarmonlarni qiziqtirgan sohalar bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirishga tayyor ekanini bildirdi.
Taqdimotlarda chexiyalik vakillar mamlakatimiz investitsiyaviy muhiti, sohalarda olib borilayotgan islohotlar, erkin iqtisodiy zonalar imkoniyatlari bilan tanishtirildi.
Forum doirasida tashkil etilgan "B2B”, “G2B” formatidagi uchrashuvlarda 100 nafarga yaqin mahalliy tadbirkor, Chexiyaning savdo, ta’lim, qishloq xo‘jaligi, sayyohlik, xavfsizlik tizimlarini rivojlantirish, energetika, logistika kabi sohalar, kimyo, tog‘-kon sanoatiga ixtisoslashgan 20 dan ziyod kompaniyasi vakillari o‘rtasida hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha muzokaralar bo‘lib o‘tdi.
(Manba: O‘zA)
9-APREL — AMIR TEMUR TAVALLUD TOPGAN KUN
Hayrat va ma’rifat manzili
Mamlakatimizga sayyohlar oqimi ko‘paygani muzeylar faoliyati va ish ko‘lamining oshishiga sabab bo‘lmoqda. Temuriylar tarixi Davlat muzeyi ana shunday maskanlardan biridir.
Tarixdan so‘z ochib, noyob eksponatlari bilan hayratimizni oshiradigan mazkur go‘shaga sayyohlar va tomoshabinlar tashrifi bugun yanada ortgan. Sababi ma’lum: ulug‘ bobomiz hayoti va faoliyati, jangnomalari, ma’rifati va nihoyat, sarkardalik qilgan davrlarni eslash, xabardor bo‘lish, yangi eksponatlar bilan tanishish.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi qadimiy yodgorlikpardan darak beruvchi go‘zal albomlarning chiroyli muqovalarda chop etilishi hamda muzey eksponatlari qatoridan o‘rin olishi keyingi yillarda amalga oshirilgan ezgu sa’y-harakatlardan sanaladi.
— Temuriylar tarixi Davlat muzeyiga tashrif buyuruvchilar sezilarli darajada oshdi, — deydi Amir Temur xalqaro xayriya jamoat fondi ma’naviyat bo‘limi boshlig‘i Ilhomjon Nazarjon o‘g‘li. — Bu ayrim davlatlar, jumladan, qo‘shni respublikalar o‘rtasida yaqin do‘stlik munosabatlarining qayta o‘rnatilgani va viza rejimi yengillashtirilgani bilan ham bog‘liq. Muzeyimizga Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Turkmanistondan turli delegatsiyalarning tez-tez kelayotgani shunday deyishimizga asos bo‘ladi.
Muzeyga qadam qo‘yayotganlarning ko‘pi — talabalar.
— Temuriylar tarixi Davlat muzeyi biz uchun o‘ziga xos darsxona, ilm maskanidir, — deya o‘z tashrifini izohlaydi Toshkent davlat sharqshunoslik instituti talabasi Komron Elomonov. — Birinchi bor bu yerga abituriyentligimda kelganman. Sohibqiron haqida o‘qiganlarim, tasavvurlarim ancha kengaygan, jonlangan. Endi esa ko‘rgazmaga qo‘yilgan jihozlar yana ko‘payibdi, boyibdi. Meni Amir Temurning shajarasi qiziqtiradi. Bu yerda ulug‘ bobomiz shajarasi bilan kengroq tanishib, bilim va tasavvurim yanada boyidi.
Yana bir talaba sohibqiron davridagi inshootlar tarixi bilan qiziqishini bildirdi. O‘zini Madina Samiyeva, deb tanishtirgan qiz Shahrisabzdagi Oqsaroy ansambli asli qanday bo‘lganini tasavvur qilolmagani, bugun kelib, yangi polotno — M. Xolov mo‘yqalamiga mansub “Oqsaroy” rangtasvir ishidan qoyil qolganini izhor etdi. Bu surat butun bir saroy, kattakon qal’a tasavvurini beradi.
Milliy gvardiya Harbiy-texnika instituti o‘qituvchisi, yuridik fanlar nomzodi, dotsent Sherzod Zulfiqorovning ta’kidlashicha, Amir Temur bobomizning butun Osiyo va G‘arb, Yevropaga yurishlari, jang usullari, harbiy siyosati, ishlatgan qurollari, egallagan yurtlarda o‘rnatgan odilona siyosati biz va bugungi talabalar, jumladan, “Temurbeklar maktabi” o‘quvchilari uchun g‘oyat qiziqarli. Shu bois yoshlar va o‘zimiz ham tez-tez muzeyga kelib turamiz. Axir bu maskan har birimiz uchun ma’rifat o‘chog‘idir.
(Manba: “Xalq so‘zi” gazetasi)
I XALQARO BAXSHICHILIK SAN’ATI FESTIVALI
Xalq ijodiyoti – o‘tmishdan kelajakka sado
Xalqaro baxshichilik san’ati festivali munosabati bilan Termiz shahri jahonning turli qit’alaridan kelgan xalq ozg‘aki ijodiyoti ijrochilari, doston aytuvchilar va bu san’at turini ilmiy jihatdan o‘rganayotgan olimlar, nufuzli mehmon va sayyohlarga mezbonlik qilyapti. Shuningdek, ushbu san’at anjumanidan bahra olish uchun Surxondaryo viloyatining shahar-u tumanlari hamda mamlakatimizning turli hududlaridan ko‘plab san’at ixlosmandlari tashrif buyurishmoqda.
Festival munosabati bilan Termizdagi muhtasham San’at saroyiga tutash 32 gektarlik maydonda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri vakillari milliy qadriyat hamda an’analarni ifodalovchi maxsus pavilonlarini bunyod etishgan bo‘lib, ushbu ramziy qo‘rg‘onlar tadbirga alohida shukuh bag‘ishlayotir.
— Qashqadaryo viloyati delegatsiyasi tarkibida xalq hunarmandchiligining turli yo‘nalishlarida faoliyat olib borayotgan 16 nafar usta bor, — deydi qashqadaryolik hunarmand Damin Mamatov. — Bu yerda Qashqadaryo vohasi hayoti, xususan, olis qishloq-ovullarida yashovchi chorvadorlar, hunarmandlar, dehqonlar, qo‘yingki, turli kasbkor bilan shug‘ullanuvchi odamlarning kundalik turmush tarzini aks ettiruvchi ko‘rgazmalar tashkil etilgan. 15 ta milliy o‘tovning har biri ma’lum bir hudud hayotiga bag‘ishlangan bo‘lib, uy-ro‘zg‘or buyumlaridan tortib, san’at asarigacha hamma-hammasi tartib bilan joylashtirilgan. 10 nafardan ortiq baxshilarimiz ham o‘z ijodlari bilan barchani manzur etishyapti. Bularning bari festival ishtirokchilarida vohamiz haqida boy taassurotlar uyg‘otmoqda.
Marg‘ilon va Qo‘qon shaharlari mamlakatimizning xalq hunarmandchiligi rivojlangan markazlaridan sanaladi. Shuningdek, bu go‘zal manzillar ilm-u urfon, san’at va madaniyat keng rivoj topganligi bilan ham nom qozongan. Farg‘ona viloyati pavilonida vodiyning ana shunday madaniy qiyofasi rang-barang ko‘rinishda namoyon bo‘lmoqda. Bir tarafda hunarmandlar rastalari, yana bir tomonda dorbozlar hamda badiiy jamoalar joy olgan. Farg‘onacha lutf, mehmonnavozlik festival qatnashchilari e’tiborini o‘ziga tortayotir. Katta ashula, mumtoz ko‘shiqlar, sho‘x o‘lan-u laparlar bu yerga yig‘ilganlarga xushnudlik ulashyapti.
— Men Valiyevlar sulolasining to‘rtinchi avlodiman, — deydi marg‘ilonlik usta-xunarmand Nurmuhammad Valiyev. — Ota-bobolarimiz kasbini o‘rganib, uni davom ettirayotganimdan baxtiyorman. Biz qadimgi an’analar asosida ipak, paxta va jun xom ashyosidan 40 dan ortiq turdagi mahsulotlar tayyorlab kelmoqdamiz. Ularga endilikda xorijliklar ham buyurtma berishyapti. Marg‘ilon atlas-u shoyilari xalqaro moda olamida ham o‘z e’tirofini topib, turli kolleksiyalarda ular asosida tayyorlangan bejirim kiyim-kechaklar namoyish etilayotgani, albatta, quvonarli. Xalqaro baxshichilik san’ati festivali biz, hunarmandlar uchun o‘zaro tajriba almashish, ilg‘or an’analarni o‘zlashtirish va milliy qadriyatlarimizni chet elliklar e’tiboriga havola etishimizga imkon berayotir.
Buxoro — ko‘hna Sharqning gavhari. Bu zamin tarixi qanchalik buyuk bo‘lsa, buguni ham shunchalik go‘zal va maftunkordir. Festivalda mazkur viloyat vakillari ham muazzam tarix hamda o‘lmas madaniy meros va milliy qadriyatlarni yig‘ilganlarga namoyish qilishyapti. Buxoro shirinliklariyu pazandachilik mahsulotlari, hunarmandchilikning zargarlik, miskarlik, kashtachilik, zardo‘zlik, duradgorlik kabi 20 ga yaqin turlari bo‘yicha tashkil etilgan ko‘rgazmalar, badiiy jamoalarning diltortar kuy-qo‘shiqlari tashrif buyuruvchilarda Buxoro va buxoroliklar haqida boy taassurot uyg‘otayotir.
Shuni ham aytish kerakki, Xalqaro baxshichilik san’ati festivalining ijodiy tanlovlarida dunyoning ko‘plab davlatlaridan xalq og‘zaki ijodi ijrochilari ishtirok etyapti. Ularning chiqishlari nufuzli hakamlar hay’ati tomonidan baholab borilmoqda.
(Manba: “Xalq so‘zi” gazetasi)