Birinchi slide После первого Ikkinchi slide Uchinchi slide To'rtinchi slide Beshinchi slide Oltinchi slide Ettinchi slide Sakkizinchi slide
Bosh sahifa Doimiy vakolatxona Xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik Yangiliklar/tadbirlar O’zbekiston haqida Galereya

YANGILIKLAR XABARNOMASI №72

SHAVKAT MIRZIYOYEV Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori O’zbekistonning Investitsion Salohiyat Uchrashuvlar Uchrashuvlar XMT doirasidagi xamkorlik XMT doirasidagi xamkorlik BMT Mingyillik rivojlanish maqsadlari BMT Mingyillik rivojlanish maqsadlari Press-relizlar Press-relizlar Vakolatxona yangiliklari Vakolatxona yangiliklari Rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasi Rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasi O'zbekiston Respublikasi Mustaqillik kuni O’zbekiston Respublikasi Mustaqillik kuni Inson huquqlari bo'yicha O'zbekistonning inson huquq kengashiga nomzod Inson huquqlari bo’yicha O’zbekistonning inson huquq kengashiga nomzod Sayyohlik Sayyohlik 8-Dekabr O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni 8-Dekabr O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni O'zbekiston matbuoti daydjestlari O’zbekiston matbuoti daydjestlari 2022 — 2026 ЎЗБЕКИСТОН СТРАТЕГИЯСИ ТЎҒРИСИДА 2022 — 2026 ЎЗБЕКИСТОН СТРАТЕГИЯСИ ТЎҒРИСИДА Конституциявий ислоҳотлар Конституциявий ислоҳотлар Boshqa yangiliklar va voqealar Boshqa yangiliklar va voqealar
hamma resurslarni ko'rsatish
YANGILIKLAR XABARNOMASI №72

PREZIDENT
Shavkat Mirziyoyev AQShning Afg‘onistondagi yarashish masalalari bo‘yicha maxsus vakilini qabul qildi

2019-yil 11-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatimizda amaliy tashrif bilan bo‘lib turgan Amerika Qo‘shma Shtatlarining Afg‘onistondagi yarashish masalalari bo‘yicha maxsus vakili Zalmay Halilzodni qabul qildi.
Davlatimiz rahbari mehmonni samimiy qutlar ekan, ochiq muloqot va o‘zaro ishonchga asoslangan ko‘p qirrali O‘zbekiston-AQSh hamkorligi jadal rivojlanib borayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi.
Turli darajadagi faol muloqot, konstruktiv siyosiy hamkorlik, izchil parlamentlararo aloqalar, yangi qo‘shma savdo va investitsiya loyihalari, kengayib borayotgan gumanitar almashinuv – bularning barchasi O‘zbekiston va AQSh strategik sherikligida yangi davr boshlanganidan dalolat beradi.
Uchrashuvda ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni kengaytirishga doir, shuningdek, xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar ko‘rib chiqildi. Afg‘onistondagi vaziyatni hal etishda mamlakatlarimiz hamkorligining holati va istiqbollariga baho berildi.
Davlatimiz rahbari O‘zbekiston Afg‘oniston bilan an’anaviy yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini rivojlantirishga muhim ahamiyat qaratayotgani, ushbu mamlakatda barqarorlik o‘rnatilishi va iqtisodiyot qayta tiklanishiga amaliy hissa qo‘shish tarafdori ekanini qayd etdi.
Afg‘onistonda tinch siyosiy jarayonni boshlashda afg‘on xalqining bosh rolini nazarda tutgan holda xalqaro hamjamiyat sa’y-harakatlarini samarali muvofiqlashtirish zarurligi qayd etildi.
Zalmay Halilzod samimiy qabul uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirdi hamda Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Donald Tramp va Davlat kotibi Maykl Pompeoning salomini yetkazdi.
Maxsus vakil mamlakatimizning Afg‘oniston xalqiga har tomonlama, jumladan, muhim ijtimoiy va infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirish orqali yordam berishga qaratilgan siyosatini yuksak baholadi.
AQSh O‘zbekistonning Afg‘onistonda tinchlik muzokaralariga ko‘maklashish borasidagi konstruktiv sa’y-harakatlarini, xususan, Afg‘oniston hukumati vakillari ishtirokidagi muloqotning navbatdagi davrasini Samarqand shahrida o‘tkazish to‘g‘risidagi tashabbusini qo‘llab-quvvatlayotgani ta’kidlandi.
Bundan tashqari, joriy yilda Toshkent shahrida Afg‘oniston bo‘yicha sakkizinchi Mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik konferensiyasi (RECCA VIII) vazirlar uchrashuvining o‘tkazilishi qo‘shni davlatlarga Afg‘onistonning tinch rivojlanishiga ko‘maklashish borasidagi o‘zaro hamkorlik bo‘yicha strategiyani ishlab chiqish imkonini beradi.
Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekiston bilan AQSh o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash, mintaqada tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlash maqsadida Afg‘onistondagi vaziyatni hal etish masalalarida o‘zaro hamkorlikni kengaytirishga tayyor ekanini qayd etdilar.
(Manba: O‘zА)
Zalmay Halilzod: Afg‘onistonda barqarorlikni ta’minlash butun jahon hamjamiyati uchun muhim
AQSHning Afg‘onistondagi yarashish masalalari bo‘yicha maxsus vakili Zalmay Halilzod Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatishga oid dolzarb jarayonlar xususida quyidagilarni so‘zlab berdi:
– Avvalo O‘zbekistonga yana kelganim va Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan Afg‘onistonda barqarorlikni ta’minlash masalalari yuzasidan muzokara o‘tkazganimdan g‘oyat mamnunman. Bugungi kunda Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish borasida sezilarli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, ushbu mamlakatni tiklash bo‘yicha hukumatlararo va Tolibonlar vakillari bilan bir qator uchrashuvlar o‘tkazildi. Ushbu muloqotlarda Afg‘oniston bundan buyon AQSH va boshqa davlatlarga tahdid soladigan xalqaro terrorizmga zamin bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik borasida samarali muloqotlar olib borildi. Eng asosiysi, muzokaralar afg‘onlarning o‘zi ishtirokida o‘tkazilmoqda.
Aprel oyida Dohada o‘tadigan uchrashuv ham Afg‘onistonda tinchlikka erishishda navbatdagi muhim qadam bo‘ladi. Ushbu yurtda tinch siyosiy jarayonni boshlashda Afg‘oniston hukumati va Tolibonlar bilan birga yangi Afg‘oniston vakillari deb atalayotgan yoshlar va xotin-qizlar ham ishtirok etadi.
O‘zbekiston qo‘shni mamlakatda tinchlik o‘rnatish masalasida faol tashabbuslarni ilgari surmoqda. Jumladan, Doha uchrashuvidan so‘ng Samarqandda o‘tkazilishi kutilayotgan navbatdagi muzokara shundan dalolatdir.
Biz Prezident bilan afg‘on diyorida vaziyatni barqarorlashtirish va iqtisodiyotni qayta tiklashda xalqaro hamjamiyat sa’y-harakatlarini samarali muvofiqlashtirish masalalari bo‘yicha ham fikr almashdik.
Afg‘onistonda barqarorlikni ta’minlash nafaqat mintaqa, balki butun jahon hamjamiyati uchun juda muhim. Chunki urush harakatlarining to‘xtatilishi xalqaro terrorizm va ekstremizmning oldini olishga, Afg‘on diyorining boshqa mamlakatlar uchun o‘z eshiklarini ochishiga zamin yaratadi. Bu, o‘z navbatida, mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish, Markaziy Osiyoni Janubiy Osiyo mamlakatlariga integratsiyalashtirishda yangi imkoniyatlar ochadi.
(Manba: O‘zА)
MARKAZIY OSIYO – O‘ZBEKISTON TASHQI SIYOSATINING USTUVOR YO‘NALISHI
Qozog‘iston Prezidenti davlat tashrifi bilan O‘zbekistonda bo‘ladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev 2019 yil 14 aprel kuni ikki kunlik davlat tashrifi bilan mamlakatimizga keladi.
Davlat rahbarlari Qasim-Jomart Toqayevning Qozog‘iston Prezidenti lavozimiga kirishganidan ilk bor uchrashadilar.
Tor va kengaytirilgan tarkibda o‘tkazilishi rejalashtirilgan muzokaralarda ikki tomonlama do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirish istiqbollari muhokama qilinadi, siyosat, savdo-iqtisodiyot, investitsiyalar, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi o‘zaro hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari ko‘rib chiqiladi.
Prezidentlar mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash hamda xalqaro ahamiyatga molik muhim masalalar yuzasidan fikr almashadilar.
Davlat rahbarlarining Qo‘shma bayonotini qabul qilish, shuningdek, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlarni rivojlantirishga qaratilgan ikki tomonlama hujjatlar to‘plamini imzolash ko‘zda tutilgan.
Prezidentlar qo‘shni qardosh mamlakatda muvaffaqiyatli yakuniga yetgan O‘zbekiston yilining mantiqiy davomi bo‘ladigan O‘zbekistonda Qozog‘iston yilining rasmiy ochilish marosimida ham ishtirok etadilar. Mazkur yil tadbirlari Qozog‘iston san’at ustalarining konserti bilan boshlanadi.
(Manba: O‘zА)
XALQARO MUNOSABATLAR
O‘zbekiston bozoriga Finlyandiya kompaniyalari kirib kelmoqda
Toshkentda 2019-yil 11-aprel kuni O‘zbekiston – Finlyandiya ishbilarmonlari biznes-forumi bo‘lib o‘tdi.
Finlyandiya Respublikasi Davlat kotibining tashqi iqtisodiy aloqalar bo‘yicha o‘rinbosari M.Keynenen boshchiligidagi biznes delegatsiyasi, mamlakatimizning tegishli vazirlik va idoralari ishtirok etgan tadbirda ko‘plab sohalarda yangi loyihalarni amalga oshirish, hamkorlik sohalarini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Finlyandiya ekologik xavfsiz, xususan, axborot texnologiyalari, innovatsiya, ta’lim, sog‘liqni saqlash, farmatsevtika, suv resurslarini boshqarish, qurilish materiallari ishlab chiqarish kabi sohalarda dunyoda yetakchi o‘rinni egallaydi. Bugungi kunda mazkur mamlakat elektr texnikasi, mashinasozlik, transport uskunalari, metall, yog‘och va qog‘oz mahsulotlari eskporti bo‘yicha yuqori ko‘rsatkichlarga ega.
Forumda Finlyandiyaning ayni sohalar bo‘yicha 15 ta yetakchi kompaniyasi – “Nokia Solutions Networks”, “Probori Oy”, “Sensorex Oy” “Tikkurila LLP” vakillarining ishtirok etgani Finlyandiya ishbilarmon doira vakillarining mamlakatimizda biznes yuritishga bo‘lgan qiziqishi ortib borayotganidan dalolat.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vaziri o‘rinbosari Laziz Qudratov mamlakatlarimiz o‘rtasida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy aloqalarni yanada rivojlantirish zarurligi, bundan ikki tomon ham birdek manfaatdor ekani, buning uchun qo‘shma loyihalarni amalga oshirishda qulay investitsiyaviy muhit yaratilganini ta’kidladi.
Bundan 70-80 yil oldin Finlyandiya iqtisodiyoti agrar sohaga ixtisoslashgan edi. Ta’limga berilgan kuchli e’tibor, sohalarga innovatsiyalarni keng joriy qilish orqali bugungi kunda ushbu mamlakat Yevropa Ittifoqidagi rivojlangan mamlakatlar qatoridan o‘rin oldi.
– Bugungi kunda O‘zbekiston iqtisodiyoti tez sur’atlarda rivojlanmoqda, – dedi M.Keynenen. – Bu jarayonda Finlyandiya kompaniyalari axborot texnologiyalari, raqamlashtirish, energiya samaradorligi kabi yo‘nalishlarda o‘z xizmatlari, hamkorlik loyihalari bilan ishtirok etish istagida.
Forum yakunida ta’lim yo‘nalishida hamkorlik, qo‘shma korxonalar tashkil etish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Shuningdek, shu kuni Finlyandiya delegatsiyasi Toshkentda Finlyandiya Respublikasining Faxriy konsulxonasi ochilishi munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda ishtirok etdi.
– O‘zbekistonda Finlyandiyaning Faxriy konsulxonasi ochilishi ikki mamlakat munosabatlari tarixida muhim voqyeadir, – dedi konsulxona faxriy konsuli Alisher Jo‘rayev. – Endilikda davlatlarimiz o‘rtasida iqtisodiy, ijtimoiy, biznes aloqalarini rivojlantirish uchun o‘ziga xos platforma bor.
Konsullik faoliyati orqali mamlakatimizda Finlyandiya ishbilarmon doiralariga biznes imkoniyatlardan foydalanish sharoiti yaratiladi. Bu Finlyandiya kompaniyalarini qo‘shma investitsiyaviy loyihalarga jalb qilishda muhim ahamiyatga ega.
(Manba: O‘zA)

“TASHKENT LAW SPRING” XALQARO YURIDIK FORUMI
Huquq - jadal modernizatsiya davrida
2019-yil 25-27-aprel kunlari Toshkent shahrida ilk marotaba “Tashkent Law Spring” Xalqaro yuridik forumi boʻlib oʻtadi. Forum O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va bir qator hamkorlar tomonidan tashkil etildi.
Mustaqil Oʻzbekiston tarixida ilk marotaba “Tashkent Law Spring” Xalqaro yuridik forumi o‘tkaziladi. Unda milliy va xorijiy davlat tashkilotlari rahbarlari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar vakillari, jahonning yetakchi yuridik va konsalting firmalari, taniqli olimlar, ekspertlar va huquq sohasi mutaxassislari ishtirok etadilar.
Forum 3 ta asosiy sessiyalarga bo‘lingan holda olib boriladi. Unda “Sifatli davlat boshqaruvi”, “Qonun ustuvorligini taʼminlash va sud-huquq tizimini isloh qilish”, “Faol investitsion siyosat” masalalari ko‘rib chiqiladi.
Shuningdek, qonunni rivojlantirishning zamonaviy tendentsiyalari va O‘zbekiston milliy qonunchiligini modernizatsiya qilishda eng yaxshi amaliyotlarni qo‘llash masalalari bo‘yicha muhokamalar, master-klasslar va taqdimotlar, davra suhbatlari tashkil etiladi.
Forum doirasida “Yilning eng yaxshi advokati”, “Yilning eng yaxshi advokatlik tuzilmasi”, “Yilning eng yaxshi korporativ yuridik xizmati” nominatsiyalari boʻyicha taqdirlash marosimlari boʻlib oʻtadi.
Bugungi kungacha AQSh, Avstriya, Belarus, Buyuk Britaniya, Frantsiya, Gruziya, Italiya, Koreya, Litva, Malayziya, Nigeriya, Ozarbayjon, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Rossiya, Saudiya Arabistoni, Singapur, Tojikiston, Yaponiya, Xitoy, Shri Lanka va dunyoni boshqa davlatlaridan 100 yaqin mutaxasis forumda maruzachi sifatida ishtirok etishini tasdiqlandi.
Birinchi galda bu Vena xalqaro arbitraj markazi Bosh kotibi Elis Fremut-Wolf, Yevropa nizolarni hal qilish markazi direktori Alyosh Zalar, Amerika-O‘zbekiston savdo palatasi raisi, Gonkong xalqaro arbitraj markazi bosh kotibi Sara Grimmer, AQSh-O‘zbekiston savdo palatasining raisi, White & Case LLP Partnyori Karolin Lemm, BMTTDning korruptsiyaga qarshi kurash bo‘yicha Global dasturi maslahatchisi Angi Timilsin, shuningdek, Garvard va Bolonya universitetlari, Boston yuridik kollejining huquq maktabi, Kaliforniya universitetining Gastings yuridik kolleji professor o‘qituvchilari, “Dentons”, “Reed Smit LLP” (AQSh), “Freshfields Bruckhaus Deringer” (Buyuk Britaniya) “Cleary Gottlieb Steen & Hamilton LLC” (AQSh), “Norton Rose Fulbright LLP” (Buyuk Britaniya) kabi dunyoga mashhur xalqaro yuridik firmalarning vakilari ishtirok etishi kutilmoqda.
Bugungi kunga qadar forumda ishtirok etish uchun forumning rasmiy saytiga 1000 dan ziyod xorijiy va milliy fuqoralaridan ariza kelib tushgan.
“Tashkent Law Spring” Xalqaro yuridik forumida ishtirok etishni istaganlar forumning www.tashkentlawspring.uz/uz/register rasmiy veb-sayti orqali roʻyxatdan oʻtishlari mumkin.
2019-yil 1-mart oydan boshlab “Tashkent Law Spring” Xalqaro yuridik forumini yoritishga qiziqqan xorijiy va milliy ommaviy axborot vositalarining vakillarini akkreditatsiyadan o‘tkazish boshlangan.
Akkreditatsiya forumning barcha tadbirlarida talab qilinadi. Akkreditatsiya uchun arizalar 15 aprel kuniga qadar qabul qilinadi.
Akreditatsiya qoidalari borasida batafsil ma’lumot bilan forumning www.tashkentlawspring.uz rasmiy veb-saytida tanishib chiqishingiz mumkin.
“Tashkent Law Spring” Xalqaro Yuridik Forum
Tashkiliy qo‘mitasining matbuot markazi
(Manba: O‘zbekiston Respublikasi TIV veb-sahifasi)
JAMIYAT
Jahongir Ortiqxo‘jayev Toshkentdagi «snos»lar haqidagi maqoladan keyin Guardian’ga javob qaytardi
Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev The Guardian tahririyatiga maktub yozib, unda «Ogohlantirishsiz ko‘chirish: Toshkentda uy-joylarni to‘satdan buzish g‘azabga sabab bo‘lmoqda» maqolasidan afsusda ekanini bildirdi. Britaniya nashri o‘z saytida shahar hokimi maktubini e’lon qilgan.
Guardian’ning yozishicha, «snos»lar natijasida Toshkentda o‘‘z uyidan kamida 10 ming kishi ko‘chirilgan. Bundan tashqari, 30 ming kishining uyi buzilish xavfi ostidadir.
«2,4 million odam yashaydigan Toshkentda buzilish holatlarining aksariyati ko‘chmas mulk narxlari eng yuqori bo‘lgan markazda yuz bermoqda. Amaldorlar ko‘chmas mulk bilan maxfiy bitimlarda boyish maqsadida odamlarni uylaridan haydab chiqarmoqda. Ular ko‘pincha buzilishlarni oqlab, yer «davlat ehtiyojlari uchun» zarur ekanini bildirishmoqda», - deyiladi 2 aprel kuni e’lon qilingan maqolada.
«Men sizlarning maqolangizni hayratda qolib, afsus bilan o‘qib chiqdim», - deya javob qaytargan Ortiqxo‘jayev.
Uning so‘zlariga ko‘ra, maqola muallifining odamlar ko‘chirilishi haqida ogohlantirilmayotgani to‘g‘risidagi fikr noto‘g‘ridir. Ularning barchasi xabardor qilinmoqda, degan hokim. Bundan tashqari, maqola muallifi poytaxt ma’muriyati bilan bog‘lanmagan, bu keltirilgan raqamlar to‘g‘riligini tekshirishga imkon bermagan.
«Toshkentda ko‘chmas mulkni buzish bo‘yicha istalgan harakat o‘zidan-o‘zi ro‘y bermayapti. Bu ko‘p kvartirali uylar og‘ir, yarim vayrona holatda bo‘lganida sodir bo‘lmoqda. Ko‘p hollarda bu tumanlarda infratuzilma suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimining to‘liq yangilanishini talab qiladi», - deb yozadi o‘z maktubida Ortiqxo‘jayev.
Uning ta’kidlashicha, O‘zbekiston qonunchiligiga binoan binolarni buzish fuqarolarni to‘liq xabardor etmasdan va tovon puli to‘lamasdan amalga oshirilmaydi.
«Biz shahrimiz aholisining hayotini, uy-joy fondining sifati va xavfsizligini yaxshilashga harakat qilmoqdamiz. Barcha fuqarolarga yaxshilangan sharoitlar taklif etildi hamda hech qanday qonun buzilmadi», - deya qayd etgan hokim.
Maktub yakunida u Guardian’ni yana Toshkentga tashrif buyurib, shahar haqida ko‘proq ma’lumot olish uchun ma’muriyat vakillari bilan uchrashishga taklif qilgan.
(Manba: Kun.uz veb-sayti)
KO‘RGAZMALAR
"Oltin odam" namoyishga qo‘yildi
"Oltin odam" namoyishga qo‘yildi "O‘zbekistonda Qozog‘iston yili”ning tantanali ochilishiga bag‘ishlangan “Buyuk dasht: tarix va madaniyat” nomli ko‘rgazma ochildi.
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Qozog‘iston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, O‘zbekiston davlat san’at muzeyi, Qozog‘iston Respublikasi Milliy muzeyi hamkorligida o‘tkazilayotgan mazkur ko‘rgazmada ikki qo‘shni davlat vakillari, olimlar ishtirok etdi.
Ko‘rgazmaning asosiy maqsadi san’at va madaniyat ixlosmandlarini Qozog‘istonning boy tarixi va madaniy merosi bilan tanishtirishdan iborat. Unda Qozog‘iston Respublikasi ramzi hisoblangan “Oltin odam” namoyishga qo‘yildi.
1960 yillarning oxiri 1970 yillarning boshida Olmaota shahri atrofida arxeologik qazish ishlari olib borilgan. Issiq qo‘rg‘onda tadqiqot olib borayotgan Kemal Аkishev tomonidan Saklar shohi “Oltin odam” qoldiqlari topildi. Bu topilma o‘z navbatida Qozog‘iston ramziga aylandi. Noyob topilma “Qozoq Tutanxamoni” deb atala boshlandi hamda asrning yirik kashfiyoti deb tan olindi.
“Oltin odam” ko‘rgazmasi bugungi kunda Rossiya, Xitoy, Polьsha, Belarusь, Ozarbayjon, Koreya va Tatariston Respublikalarida namoyish etilgan. Bu mamlakatlarda bo‘lib o‘tgan ko‘rgazmalarga bir milliondan ortiq tomoshabin tashrif buyurgan. 2020 yil oxirigacha ko‘rgazma dunyoning 20 mamlakatida namoyishga qo‘yilishi rejalashtirilgan.
O‘zbekiston davlat san’at muzeyida bo‘lib o‘tayotgan ko‘rgazmada “Oltin odam”ni tilla bezaklar bilan bezatilgan kiyimda, tilla o‘qlar, qor qoplonlari, arxarlar, otlar, qushlar ko‘rinishidagi oltin plastinalar bilan bezatilgan konus shaklidagi bosh kiyimda ko‘rish mumkin. Shuningdek, (arxeologlar fikricha 17-18 yoshlarda bo‘lgan) sak jangchisi Oltin odam bilan birga dafn qilingan erta temir davriga (mill.avv.V-IV asrlar) oid arxeologik topilmalar to‘plami ham joy olgan.
Shuningdek, ko‘rgazmada Taksay (G‘arbiy Qozog‘iston viloyati), Taldi-2 (Qarag‘anda viloyati) va Berel (Sharqiy Qozog‘iston viloyati) saklar qo‘rg‘onidan topilgan arxeologik topilmalar ham namoyish etilyapti. Ko‘rgazmada Qozog‘iston Respublikasi Milliy muzeyi kollektsiyasidan jami 106 ta eksponat ekspozitsiyaga qo‘yilgan. Namoyish etilayotgan nodir eksponatlar bu qadimiy va o‘rta asrlar Qozog‘iston san’atining kichik bir qismigina bo‘lib, Yevroosiyo Dasht madaniyat merosining o‘ziga xosligini aks ettiradi.
"O‘zbekistonda Qozog‘iston yili”ning boshlanishi munosabati bilan matbuot anjumani ham bo‘lib o‘tdi.
Bu kabi tadbirlar ikki qardosh xalqlarning madaniyatini yanada rivojlantirish va targ‘ib qilishga xizmat qiladi.
(Manba: O‘zA)
ILOVA
“Kimyo sanoatini yanada isloh qilish va uning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
Soʻnggi yillarda kimyo sanoati korxonalarini moliyaviy-iqtisodiy sogʻlomlashtirish va ularnin gfaoliyatini barqarorlashtirish, amaldagi ishlab chiqarishlarni modernizatsiya qilish, uglevodorod xomashyosi va mineral resurslarni chuqur qayta ishlash boʻyicha yangi quvvatlarni barpo etishga qaratilgan investitsiya loyihalarini amalga oshirish orqali tarmoqni yanada rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlarini belgilab berish, shuningdek, ishlab chiqarilayotgan yuqori qoʻshilgan qiymatli kimyoviy mahsulotlar nomenklaturasini kengaytirish borasidagi chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Shu bilan birga, kimyo sanoatini jadal rivojlantirish va diversifikatsiya qilishga qaratilgan loyihalarni amalda roʻyobga chiqarish, eng avvalo, davlat aktivlarini xususiy mulkka sotish hisobiga korxonalardagi davlat ulushini qisqartirish, korporativ boshqaruvning zamonaviy uslublari, moliyaviy hisobotlarning xalqaro standartlarini joriy etish hamda korxonalarning boshqaruv tuzilmasini takomillashtirish orqali tarmoqning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish boʻyicha taʼsirchan choralar koʻrilishi zarurligini taqozo etmoqda.
Kimyo sanoatini yanada rivojlantirish, uning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish va tarmoqni diversifikatsiya qilishga toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish hajmlarini kengaytirish maqsadida:
1. “Oʻzkimyosanoat” AJning Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda optimallashtirilgan va yangi istiqbolli loyihalar bilan toʻldirilgan, hisoblangan qiymati12,1 milliard AQSH dollariga teng, shu jumladan, 1,7 milliard AQSH dollari miqdorida toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar va kreditlar hisobiga 31 ta investitsiya loyihasini amalga oshirishni nazarda tutuvchi hamda quyidagilarga qaratilgan 2019-2030 yillarda kimyo sanoatini rivojlantirish dasturi 1-ilovaga muvofiq maʼqullansin:
azotli, fosforli, kaliyli va murakkab mineral oʻgʻitlarni, shu jumladan, ushbu mahsulotlarni “Navoiyazot” AJ, “Samarqandkimyo” AJ, “Fargʻonaazot” AJ, “Qoʻqon superfosfat zavodi” AJ, “Ammofos-Maksam” AJ, “Dehqonobod kaliy zavodi” MCHJ negizida, shuningdek, Sirdaryo viloyatining Yangiyer shahri va Navoiy viloyatining Tomdi tumanida ishlab chiqarish boʻyicha amaldagi quvvatlarni modernizatsiya qilish, kengaytirish hamda energiya jihatidan samarador yangi quvvatlarni barpo etish;
“Oʻzbekneftgaz” AJ bilan birgalikda va yetakchi xorijiy kompaniyalar ishtirokida hamda ilgʻor texnologiyalar va zamonaviy innovatsion ishlanmalarni qoʻllagan holda polimer mahsulotlari, shu jumladan, polietilentereftalat (PET), polivinilxlorid (PVX), sintetik kauchuk, polistirol, poliuretan, poliol, akrilonitril-butadiyen-stirol (ABS) plastik, poliakrilonitril (PAN) mahsulotlarini chiqarish boʻyicha yangi ishlab chiqarishlarni barpo etish;
tarmoq korxonalarining mavjud ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanish samaradorligini, ularning negizida iqtisodiyot tarmoqlarida talab etilayotgan kimyoviy mahsulotlarning yangi turlarini, shu jumladan, melamin, metilamin, formaldegidli, karbamid-formaldegidli va melamin-formaldegidli saqichlar, etilatsetat, ozuqa tuzi, natriy bikarbonati, xlor-sirka kislotasi, natriy nitrati, butilatsetat, trinatriy fosfat, nitroselluloza, metallurgiya, neftgaz va toʻqimachilik sanoatlari uchun reagentlar, katalizatorlar va kimyoviy qoʻshilmalar, shuningdek, polimer fitinglar, biaksil yoʻnaltirilgan polipropilen plyonkasi (BOPP), oʻsimliklarni kimyoviy himoya qilish vositalari va ularni ishlab chiqarish uchun amaldagi moddalarni chiqarish boʻyicha ishlab chiqarish klasterlarini tashkil etish.
2. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Kimyo tarmogʻida islohotlarni bosqichma-bosqich amalga oshirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
tarmoqning ayrim korxonalari aktivlarini mahalliy va xorijiy investorlarga sotish orqali amaldagi ishlab chiqarishlarni modernizatsiya qilish va kengaytirishga toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalarni jalb etishni ragʻbatlantirish;
“Oʻzkimyosanoat” AJ tashkiliy tuzilmasini takomillashtirish va jamiyat boshqaruvi organlarining mustaqilligi va masʼuliyatini oshirishga qaratilgan korporativ boshqaruvning zamonaviy uslublarini joriy etish;
kimyo tarmogʻi korxonalarining faoliyati samaradorligini oshirish va moliyaviy holatini yanada yaxshilash.
3. “Oʻzkimyosanoat” AJ, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining xoʻjalik jamiyatlari ustav kapitalidagi davlat va “Oʻzkimyosanoat” AJ ulushlarini quyidagi tartibda sotish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin:
a) investitsiya va ijtimoiy majburiyatlarni qabul qilish sharti bilan potensial investorlar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralar olib borish yoʻli bilan:
“Samarqandkimyo” AJ ustav kapitalidagi 60,35 foiz davlat aksiyalari va “Oʻzkimyosanoat” AJning 39,65 foiz aksiyalarini ekologik jihatdan zararsiz zamonaviy kimyoviy mahsulotlar ishlab chiqarishni tashkil etish sharti bilan “nol” xarid qiymatida;
“Qoʻngʻirot soda zavodi” MCHJ ustav fondidagi “Oʻzkimyosanoat” AJning 51 foiz ulushini korxonaning ishlab chiqarish quvvatini yiliga 200 ming tonnadan 450 ming tonnagacha oshirish va yangi turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarish uchun investitsiyalarni jalb qilish sharti bilan bozor qiymatida;
“Qoʻqon superfosfat zavodi” AJ ustav kapitalidagi 70,54 foiz davlat aksiyalari va “Oʻzkimyosanoat” AJning 25 foiz aksiyalari – “Indorama” (Singapur) kompaniyasiga superfosfat ishlab chiqarish quvvatini 100 foiz sof holda 63ming tonnaga yetkazish va yangi turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarish boʻyicha investitsiya va ijtimoiy majburiyatlarni qabul qilish sharti bilan 4,3 million AQSH dollari miqdorida sotib olish qiymatida;
b) “Fargʻonaazot” AJ ustav kapitalidagi 48,05 foiz davlat aksiyalari va “Oʻzkimyosanoat” AJning 2,95 foiz aksiyalarini investor tomonidan ammiak ishlab chiqarish quvvatini yiliga660 ming tonnaga, karbamidni – 600 ming tonnaga, ammiakli selitrani – 700 ming tonnaga va azot kislotasini – 530 ming tonnaga yetkazish boʻyicha investitsiya majburiyatlarini qabul qilish sharti bilan – tanlov savdolarida bozor qiymatida;
v) “Elektrkimyozavod” QK AJ ustav kapitalidagi “Oʻzkimyosanoat” AJning 26,14 foiz aksiyalarini – ochiq savdolarda bozor qiymatida;
g) “Jizzax plastmassa” AJ ustav kapitalidagi 25 foizgachaaksiyalar – dastlabki bosqichda birlamchi ommaviy taklifni (IPO) oʻtkazish asosida;
d) quyidagilar orqali:
“Dehqonobod kaliy zavodi” MCHJni aksiyadorlik jamiyatiga oʻzgartirish hamda jamiyatning ustav kapitalidagi 51 foiz va undan ortiq aksiyalarni potensial investorlar mavjud boʻlganda va ular tomonidan granulalangan xlorli kaliy, kaliy sulfati va kaliy tuzlarining boshqa turlarini ishlab chiqarishni tashkil etish, yuk tashuvchi osma yoʻl va tashqi elektr taʼminoti liniyalari qurilishini yakunlash boʻyicha investitsiya, shuningdek, ijtimoiy majburiyatlarni qabul qilish sharti bilan ularni toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralar oʻtkazish orqali sotish imkoniyatini nazarda tutgan holda tanlov savdolarda bozor qiymatida;
“Birinchi rezinotexnika zavodi” MCHJni aksiyadorlik jamiyatiga oʻzgartirish va jamiyatning ustav kapitalining 51 foizigacha boʻlgan miqdorda qoʻshimcha chiqarilgan aksiyalarini potensial investorlar mavjud boʻlganda va tushgan mablagʻlarni jamiyat investitsiya loyihalarini amalga oshirishga hamda jalb etilgan kreditlarni soʻndirishga yoʻnaltirgan holda ularni toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralar oʻtkazish orqali realizatsiya qilish imkoniyatini nazarda tutgan holda ochiq savdolarda bozor qiymatida sotish.
4. Belgilab qoʻyilsinki:
“Qoʻqon superfosfat zavodi” AJ va “Fargʻonaazot” AJ ustav kapitallaridagi davlat ulushini sotishdan tushgan mablagʻlar, istisno tariqasida, “Oʻzkimyosanoat” AJ ustav kapitalidagi davlat hissasi sifatida, mazkur mablagʻlardan ushbu qarorga 1-ilovada koʻrsatilgan investitsiya loyihalarini amalga oshirishda maqsadli foydalanish uchun Kimyo sanoati tashkilotlarini rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasiga toʻliq yoʻnaltiriladi;
“Oʻzkimyosanoat” AJ uning tarkibidagi qayta tashkil etilgan tashkilotlarga tegishli yuridik shaxslarning 50 foiz va undan ortiq aksiyalariga egalik qilishga kirishishi yangidan xarid qilingan aksiyalar paketi deb hisoblanmaydi;
ushbu qarorga muvofiq tarmoq korxonalarini qayta tashkil etishda tashkilotdan tashkilotga oʻtkaziladigan mulk, mulk huquqlari, shuningdek, aksiyalar, ulushlar va aktivlar hamda davlat aktivlarini sotishdan tushgan, shu jumladan, “Oʻzkimyosanoat” AJ ustav kapitaliga oʻtkaziladigan daromadlar qiymati yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻi, yagona soliq toʻlovi, toʻlov manbaidan toʻlanadigan dividendlar koʻrinishidagi daromadlarga soliq hisoblashda soliq solinadigan bazaga kiritilmaydi;
Dehqonobod kaliy zavodi aksiyalarini potensial investorlarga toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralar oʻtkazish yoki qoʻshimcha aksiyalarni chiqarish orqali, shu jumladan, ularga investitsiya majburiyatlarini yuklagan holda sotishdan tushgan mablagʻlar jamiyatning Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi oldidagi kreditlarini soʻndirishga yoʻnaltiriladi;
xoʻjalik boshqaruvi organlarining ustav kapitaliga oʻtkazilgan xoʻjalik jamiyatlari ustav kapitallaridagi ulushlarni tasarruf etish ularning boshqaruv organlari qarorlari bilan amalga oshiriladi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi uch oy muddatda mineral oʻgʻitlar narxlarining keskin oʻzgarishi xavfini hamda paxta xomashyosi va gʻalla qiymatiga taʼsirining oldini olishni hisobga olgan holda mineral oʻgʻitlarga boʻlgan narxlarni shakllantirishning bozor mexanizmlarini joriy etish, shuningdek, mineral oʻgʻitlarni sotib olish uchun birja savdolarida barcha ishtirokchilar (xaridorlar) uchun teng sharoitlarni taʼminlash boʻyicha hukumat qarorini qabul qilsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi va “Oʻzkimyosanoat” AJning ushbu qarorga 3-ilovada koʻrsatilgan umumiy qiymati85,1 million AQSH dollari miqdoridagi, shu jumladan, moliyalashtirish manbai sifatida toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb etish hisobiga “Oʻzkimyosanoat” AJ investitsiya loyihalarini moliyalashtirishga Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi mablagʻlarini optimallashtirish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi hududiga TIF TN boʻyicha 4011 va 4012 kodi bilan import qilinadigan avtomobil va qishloq xoʻjaligi shinalariga bojxona bojlarining aralash stavkasi joriy etilsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga 4-ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 23 avgustdagi “2017-2021 yillarda kimyo sanoatini rivojlantirish dasturi toʻgʻrisida”gi PQ-3236-son qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi “Oʻzkimyosanoat” AJ bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
11. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari E.M.Gʻaniyev va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining oʻrinbosari G.K.Saidova zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri,
2019-yil 3-aprel