Yaponiya BMT Bosh Assambleyasining Markaziy Osiyo bo‘yicha rezolyutsiyasi qabul qilinganini ma’qullaydi
















Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28

Yaponiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Nobuaki Ito “Dunyo” axborot agentligi muxbiri bilan bo‘lib o‘tgan suhbat chog‘ida yaqinda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan “Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlash bo‘yicha mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash” rezolyutsiya ahamiyati haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi. U, jumladan, shunday dedi:
Mazkur hujjat o‘tgan yilning noyabrida bo‘lib o‘tgan Samarqand konferensiyasida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan tashabbuslarning hayotga tadbiq etilishidan dalolat beradi.
Ma’lumki, Markaziy Osiyo boy mineral resurslarga ega. Shu bilan birga u Yevroosiyoning muhim nuqtasida joylashgan bo‘lib, Rossiya, Xitoy, Janubiy Osiyo va Yaqin Sharqni bir-biri bilan bog‘lab turadi. Markaziy Osiyoning tinchligi, barqarorligi va taraqqiyoti butun jahonga ta’sir o‘tkazadi.
Shu nuqtai nazardan Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida o‘zbek diplomatiyasi tomonidan qo‘shni davlatlar bilan aloqalarni mustahkamlash bo‘yicha olib borilayotgan faol sa’y-harakatlarni faqat ma’qullash va qo‘llab-quvvatlash mumkin.
O‘z navbatida, O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan e’tiboran Yaponiya mamlakatning iqtisodiyoti, infratuzilmasi, tibbiyot va boshqa sohalari rivojiga amaliy ko‘mak berib kelmoqda. Biz Markaziy Osiyoni ochiq, barqaror va mustaqil mintaqaga aylantirishda o‘z hissamizni qo‘shishdan manfaatdormiz.
Umuman olganda, Yaponiya hukumati BMT Bosh Assambleyasining Markaziy Osiyo bo‘yicha rezolyutsiyasi qabul qilinganini ma’qullaydi. Biz mintaqada, ayniqsa, O‘zbekiston bilan hamkorlikni mustahkamlash va uzoq muddatli loyihalarni amalga oshirish yo‘lida xalqaro hamjamiyat bilan ishlarni davom ettirish niyatidamiz.
“Dunyo” AA