YEVROPA BIZNES UYUSHMASI BOSHQARUVI RAISINING TASHRIFI SAMARALI BO‘LDI
Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28
O‘zbekistonning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu chet ellik investorlar tomonidan e’tirof etilmoqda.
11-14 noyabr kunlari mamlakatimizga Yevropa biznes uyushmasi boshqaruvi raisi Yohan Vanderplaetse boshchiligidagi delegatsiyaning tashrifida bu jihatlar alohida e’tirof etildi.
Yevropa biznes uyushmasi delegatsiyasi a’zolari O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Innovatsion rivojlanish, Iqtisodiyot va sanoat vazirliklarida, Xalqaro biznes markazida, Senatda bo‘lib, sohaga oid milliy qonunchilik, amaliyotga joriy etilayotgan yangiliklar va yangi imkoniyatlar, qulayliklar, xorijiy investorlar uchun yaratib berilayotgan sharoitlarning huquqiy asosi bilan tanishdi.
Biznesni yuritish va xorijiy sarmoyadorlarni qo‘llab-quvvatlash masalalari atroflicha muhokama etildi.
Uchrashuvda investitsiya muhitini yaxshilashga va xalqaro savdo-iqtisodiy munosabatlarni jadallashtirishga xizmat qilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar tufayli ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish, O‘zbekistonda Yevropa biznesi ishtirokini mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Tasdiqlangan "Yo‘l xaritalari" va erishilgan kelishuvlarga muvofiq, Fransiya, Germaniya, Vengriya va Yevropaning boshqa davlatlaridagi muhim hamkorlar bilan tizimli ravishda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va savdo-sotiq doirasini kengaytirish ishlaridagi sezilarli rivojlanishlar e’tirof etildi.
I.Vanderplaetse tomonidan ta’kidlanishicha, bugungi kunda O‘zbekiston yuqori texnologiyalarga asoslangan mahsulotlar ishlab chiqarishni tashkil etish va keyinchalik ularni uchinchi mamlakatlar bozoriga eksport qilish maqsadida Yevropaning ilg‘or texnologiyalarini joriy qilish uchun juda yaxshi platformaga aylandi.
Uchrashuv yakunida tomonlar investitsiya va savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, biznes hamjamiyatlari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga kelishib oldi. O‘zbekiston Respublikasi vazirliklar, idoralar va ishbilarmonlar doiralari ishtirokida "G2B" va "V2V" shaklida o‘tkazilgan uchrashuvlar ham muvaffaqiyatli kechdi.
Ma’lumki, Yevropa biznes uyushmasi Rossiya bozorida faoliyat yuritayotgan bir qator kompaniyalar tomonidan 1995 yilda tashkil etilgan bo‘lib, Yevropa va Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqidagi sarmoyadorlar manfaatlarini ifodalovchi tuzilma sanaladi. Tarkibida asosan Yevropa erkin savdo assotsiatsiyasiga a’zo bo‘lgan 500 dan ortiq yetakchi kompaniyalarni birlashtirgan ushbu uyushmaga biznesning turli jabhalari, xususan, energetika, bojxona, transport, qonunchilik, soliqqa tortish, bank sektoridan iborat 60 dan ziyod qo‘mita, ishchi guruhlari kiradi. Ushbu qo‘mitalar Yevropa va Rossiya hukumati bilan uzviy hamkorlik qilib, qonunchilikka biznes muhitni yanada yaxshilashga oid taklif va o‘zgartishlar bo‘yicha tavsiyalarini ham bildirib keladi. Tuzilma tarkibiga Bayer, Creon Capital, Deloitte, Generali Russia& CIS, Kuehne+Nagel, Mitsubishi Electric, Oriflame, Schneider Electric, Signify kabi kompaniyalarning ham kirgani uning nufuzidan darak beradi.
– Men O‘zbekistonga yigirma besh yil muqaddam, talabalik davrimda kelgan edim, – dedi Yevropa biznes uyushmasi boshqaruvi raisi Yohan Vanderplaetse. – O‘sha davr bilan hozirgi o‘zgarishlarni tun va kun tafovutiga qiyoslash mumkin. Rosti, O‘zbekistonga tarixiy shaharlari – Samarqand, Buxoro, Xiva, Shahrisabz uchun, Buyuk ipak yo‘li tarixidagi ulkan o‘rni uchun ehtiromim va hurmatim g‘oyat baland. Bugun bu diyorda biznes uchun ochiq, shaffof, qulay, adolatli muhit yaratilgani bizni yanada xursand qilmoqda.