Yosh olimlar anjumani
















Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28

Poytaxtimizda tibbiyotning dolzarb masalalariga bag‘ishlangan yosh olimlar anjumani bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi va Toshkent tibbiyot akademiyasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda tegishli davlat, jamoat va xalqaro tashkilotlar vakillari, olimlar, yosh tadqiqotchilar va talabalar ishtirok etdi.
Toshkent tibbiyot akademiyasi prorektori Sh.Boymurodov va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida yoshlarga jahon andozalari darajasida ta’lim berish, ularning salohiyatini namoyon etishiga ko‘maklashish, ustoz-shogird an’analarini rivojlantirishga qaratilayotgan doimiy e’tibor o‘sib kelayotgan avlodni jamiyatga faol integratsiyalash va jamiyat taraqqiyotini yuksaltirishning muhim omili bo‘layotganini alohida ta’kidladi.
Mamlakatimizdagi barcha ta’lim maskanlari qatori Toshkent tibbiyot akademiyasida ham yoshlarga oid davlat siyosatini to‘la ro‘yobga chiqarish, nazariya va amaliyot uyg‘unligini ta’minlash, talabalarni ilm-fan faoliyatiga keng jalb etish borasida salmoqli ishlar olib borilayotir. Bugungi kunda akademiyada bakalavriyat va magistratura yo‘nalishlarida besh mingga yaqin talaba tahsil olmoqda. Ta’lim jarayonida nazariya va amaliyotni uyg‘unlashtirish maqsadida poytaxtimizdagi tibbiyot markazlari, klinikalar va oilaviy poliklinikalarda amaliyot bazalari shakllantirilgan.
Keyingi yillarda ta’lim jarayonini ingliz tilida olib borishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bundan maqsad jahon tibbiyoti yutuqlarini O‘zbekistonga integratsiyalashtirish va yurtimiz tibbiyotida erishilayotgan yutuqlar va amaliy tajribalarni dunyo miqyosida keng namoyish etish, yoshlarning bu boradagi bilim-salohiyatini yuksaltirishdan iborat. Shu maqsadda o‘ndan ortiq xorijiy davlatdagi yetakchi markazlar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. 2014-yilda bir yuz ellik nafardan ortiq yosh tadqiqotchi, o‘qituvchi va talaba xorijiy mamlakatlarda malaka oshirib qaytdi.
Akademiyada talabalarni ilm-fan faoliyatiga keng jalb etish, yosh tadqiqotchilarning ilmiy izlanishlarini rivojlantirishga ko‘maklashish maqsadida talabalar va yosh olimlar ilmiy jamiyatlari tashkil etilgan. Yosh izlanuvchilar o‘rtasida turli ko‘rik-tanlov va anjumanlar o‘tkazish an’anaga aylangan. Bunday imkoniyatlardan samarali foydalanayotgan yoshlar ta’lim va ilm-fan sohasida salmoqli natijalarga erishmoqda.
Magistratura yo‘nalishida tahsil olayotgan Feruz Hamidov ana shunday iqtidorli yoshlardan. U oshqozon-ichak yarasi kasalligini davolashning samarali usullarini yaratish ustida izlanmoqda.
– Mamlakatimizda yoshlarning intilishlarini to‘la ro‘yobga chiqarish, kasb-hunar o‘rgatish, tanlagan kasbi bo‘yicha xalqaro andozalar darajasida bilim va malakaga ega bo‘lishini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda, – deydi F.Hamidov. – Jumladan, oliy ta’lim muassasamizda nazariy bilimimizni amaliyot bilan bog‘liq holda rivojlantirish, taraqqiy etgan davlatlarning yutuqlari bilan bevosita tanishish borasida barcha sharoit yaratilgan.
Anjumanda yosh olimlar va talabalarning ichki kasalliklar, jarrohlik, pediatriya, ginekologiya, tibbiy-biologik masalalar va boshqa mavzularda amalga oshirayotgan ilmiy izlanishlariga oid ma’ruzalari tinglandi va muhokama etildi.