YOZUVCHI ERKIN A’ZAMNING “BUYUK OSIY SHAYX SAN’ON VORISLARI” TO’PLAMI LONDONDA CHOP ETILDI
















Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28

O’zbekiston xalq yozuvchisi Erkin A’zamning “Buyuk osiy Shayx San’on vorislari” (Heirs to the Great Sinner Sheikh San’on) kitobi Buyuk Britaniyada ingliz tilida nashr etildi va Yevroosiyo ijodiy gildiyasi muassisligidagi Open Eurasian Literature Festival & Book Forum - V Xalqaro adabiyot festivali doirasida taqdimoti o’tkazildi. Ta’kidlash joizki, bu zamonaviy o’zbek yozuvchilari kitobining Londonda ilk bor chop etilishidir.
Ilgari xabar berganimizdek, 2014 yili Erkin A’zam qalamiga mansub “Ertak bilan xayrlashuv” to’plami O’zbekistonning YUNESKOdagi doimiy vakolatxonasi shafeligida ingliz va fransuz tillarida chop etilib, Vashington hamda Parijda qo’sh taqdimot bo’lib o’tgan edi. “Hertfordshire Press” nashriyot uyi ana shu to’plamni yangi tarjimalar bilan boyitib, “Buyuk osiy Shayx San’on vorislari” nomi bilan chop etdi.
— Adabiy faoliyatim mobaynida postsovet mamlakatlari adabiyotiga mansub ko’plab kitoblarga muharrirlik qilganman. Shu hisobda Erkin A’zamning kitobi elliginchi ishim, - deydi to’plamga so’zboshi yozgan Kerol Yermakova. - Garchi kitobda shu nomdagi asar bo’lmasa-da, uning butun mundarijasi o’sha mashhur Shayx San’onning e’tiqodiy falsafasiga uyg’unligini ilg’ash mumkin. Adib asarlarini mutolaa qilib, bugungi Markaziy Osiyoning yurak urishini eshitgandek bo’lamiz.
To’plamga adibning besh asari - “Shovqin” romani, “Guli-guli”, “Pakananing oshiq ko’ngli” qissalari, “Yozuvchining bog’i” hamda “Musofirning qizini it qopdi” hikoyalari kiritilgan. O’zbek nasrining sara namunalari sanalgan mazkur asarlarda tarixning burilish davrida yashagan insonlar qismati, zamondoshlar ruhiyatida kechayotgan o’zgarishlar jamiki ziddiyatlari, musbatu manfiy jihatlari bilan qalamga olingan. Milliy romanchilikda jiddiy voqyea o’laroq baholangan “Shovqin” romani o’tgan asrning 90-yillarida kechgan qaltis voqyealiklar haqida. Ta’kidlash joizki, bu - o’zbek adabiyotida o’sha davr ijtimoiy-siyosiy evrilishlari yirik planda tadqiq etilgan ilk asardir. Romanda o’zbek ziyolilarining o’sha murakkab davrdagi kechmishi yorqin tasvirlangan.
To’plamga kiritilgan boshqa asarlar ham ramz, istiora va tagma’nolarga boyligi bilan kitobxonga uncha-muncha romanga tatigulik taassurot beradi.
Erkin A’zam - insonparvarlik va hurlik g’oyalari tarannum etilgan asarlari bilan o’zbek adabiyotini yangi pog’onaga ko’tarib, kitobxonlar muhabbatini qozongan adib. Uning ijodi G’arb o’quvchilariga ham manzur bo’lsa ajab emas.
"Jahon" AA