YUKIO ISHIDA: “O’ZBEKISTON TINCHLIK VA XOTIRJAMLIK HUKM SURAYOTGAN AJOYIB O’LKADIR”
















Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28

Yaqinda Inson resurslarini rivojlantirish O’zbekiston - Yaponiya markazi (The Uzbekistan - Japan Center for Human Development, UJC) o’zining 14 yilligini nishonladi.
“Jahon” axborot agentligi muxbiri mazkur markazning Yaponiya tomonidan hamdirektori Yukio Ishida bilan suhbatlashdi.
— Muhtaram Ishida, Bugungi kunda Inson resurslarini rivojlantirish O’zbekiston - Yaponiya markazini ko’pchilik yaxshi biladi. Ushbu markaz tuzilishining tarixi haqida so’zlab bersangiz...
— Markazimiz nodavlat notijorat tashkiloti sifatida 2001-yil avgust oyida tashkil topgan. Bir tomondan O’zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, ikkinchi tomondan esa Yaponiya Xalqaro hamkorlik bo’yicha agentligi (JICA) uning muassislari hisoblanadi.
Faoliyatimizdan ko’zlangan asosiy maqsad O’zbekistonda biznesning rivojlanishi uchun kadrlar tayyorlash, respublika aholisini Yaponiya madaniyati bilan tanishtirish vositasida mamlakatlarimiz o’rtasidagi bir-birini to’g’ri tushunishni hamda do’stona aloqalarni rivojlantirishdir.
— Inson resurslarini rivojlantirish O’zbekiston - Yaponiya markazi faoliyatining yo’nalishlari nimalardan iborat?
— Markazimiz faoliyati to’rtta asosiy yo’nalishni qamrab olgan: biznes-kurslar o’tkazish, yapon tilini o’rgatish, kar va yaxshi eshitmaydiganlar uchun kompyuter savodxonligidan dars berish hamda madaniy va axborot almashuvlarini olib borish.
Markazimiz biznes-kurslar tashkil etishda o’z vazifasini bozor iqtisodiyoti sharoitida ishlash uchun kadrlar tayyorlashni rivojlantirishga hissa qo’shishda ko’radi. Kurslar doirasida biz tinglovchilarga biznes yuritish bilimlarini va amaliy ko’nikmalarni, shu jumladan, mahalliy sharoitlarda qo’llash mumkin bo’lgan yapon tajribasini o’zlashtirishlariga yordam beramiz.
O’zbekiston jamoatchiligini Yaponiya madaniyati bilan tanishtirish maqsadida kalligrafiya darslari, ochiq ma’ruzalar, kinofilmlar namoyishi, choy marosimi va boshqa tadbirlarni uyushtiramiz. Shu bilan birga, o’zbek milliy musiqa asbobi - dutor chalishni o’rgatish dasturi ham tashkil etilgan.
Markazimizning noyobligi shundaki, biz kar va yaxshi eshitmaydiganlar uchun kompyuter kurslarini tashkil qilamiz. 900 nafardan ziyod tinglovchi ushbu kurslarni tamomlashdi. Ular orasida o’qituvchi darajasiga ko’tarilganlar ham bor.
— O’zbek yoshlarining intellektual salohiyatini qanday baholaysiz? Ular boshqa mamlakatlardagi tengdoshlaridan qanday farqlanishadi?
— Aniq maqsadlilik, tashabbuskorlik va yangi bilimlarni egallashga intiluvchanlik singari ijobiy sifatlar o’zbek yoshlariga xosdir. Ular fan bo’yicha xalqaro olimpiadalarda, tanlovlarda o’z iqtidorlari va salohiyatlarini namoyon qilishayotganlari holda baland cho’qqilarni zabt etishmoqda. Bunda davlat tomonidan ko’rsatilayotgan e’tibor va yaratilayotgan sharoitlar asosiy omil bo’lib xizmat qilmoqda.
Tinglovchilarimizning asosiy qismini yoshlar tashkil etadi. Ular yangi bilimlarni tez o’zlashtirib olishadi va so’ngra amaliyotda qo’llashadi. Mening ishonchim komilki, bunday zukko yoshlar bilan O’zbekiston ko’p maqsadlariga erishadi.
— Inson resurslarini rivojlantirish O’zbekiston - Yaponiya markazining mamlakatimiz vazirlik va idoralari bilan qo’shma loyihalari ham bormi?
— Bor. Masalan, biz Savdo-sanoat palatasi bilan o’zaro hamkorlikda respublikaning turli hududlarida biznes-kurslarni tashkil qilamiz. Bundan tashqari, O’zbekiston Davlat jahon tillari universiteti, Toshkent Davlat sharqshunoslik instituti bilan ham aloqalar yo’lga qo’yilgan.
— Mamlakatimizdagi faoliyatingiz davrida O’zbekiston haqida nimalarni bilishga muvaffaq bo’ldingiz? Sizda nimalar ko’proq taassurot qoldirdi?
— 2014-yil yanvaridan buyon Inson resurslarini rivojlantirish O’zbekiston - Yaponiya markazining hamdirektori bo’lib ishlamoqdaman. O’tgan davr ichidayoq bu go’zal mamlakatni sevib qoldim. O’zbek xalqining mehmondo’stligi bois men bu yerda xuddi o’z uyimdagidekman. O’zbek taomlari, ayniqsa palov va lag’mon menga yoqib qoldi.
Xalqingizning o’z tarixi va an’analariga munosabati, o’z merosini kelajak avlodlarga yetkazishga intilishi menda katta taassurot qoldirdi. Respublikada istiqomat qiladigan 130 dan ziyod millat va elatlar vakillari o’ziga xosliklarini saqlab qolgani holda xuddi bir xalqdek, bir oiladek yashayotgani O’zbekistonning noyob o’ziga xosligi hisoblanadi.
Ushbu fursatdan foydalanib, respublikaning barcha aholisini O’zbekiston Mustaqilligining 24 yilligi bilan tabriklayman. O’zbekiston tinchlik va xotirjamlik hukm surayotgan, juda oqko’ngil odamlar yashayotgan ajoyib o’lkadir. Mamlakatingizga yangidan-yangi muvaffaqiyatlar tilayman.
“Jahon” AA