YUKSAK SALOHIYATLI VA TOPQIR YOSHLAR BAHSI
Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28
Poytaxtimizdagi “Istiqlol” san’at saroyida “Ertangi kun bizniki, marra bizniki!” shiori ostidagi Yoshlar haftaligi doirasida “Quvnoqlar va zukkolar” ko‘rik-tanlovining yakuniy bosqichi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati hamkorligida tashkil etilgan mazkur tanlovda Samarqand davlat universitetining “Ilhom”, Andijon qishloq xo‘jaligi institutining “Og‘alar”, Buxoro muhandislik-texnologiya institutining “Omadli jentlmenlar”, Toshkent moliya institutining “Moliyachi” va O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining “Art-stadi” jamoalari o‘zaro bahslashdi.
Mazkur festival yoshlarning jamiyatdagi faolligini oshirish, ularni milliy qadriyatlarimiz, tarixiy-ma’naviy merosimizga hurmat va sadoqat ruhida tarbiyalash, iqtidor va salohiyatlarini namoyon etishlari uchun imkoniyat yaratishda muhim ahamiyatga ega. Ushbu loyiha yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish bilan birga tezkor ma’lumot uzatish ko‘nikmasini shakllantiradi, izlanish va ko‘proq o‘qishga undaydi.
Tadbirda yoshlikka xos intilish va tashabbuskorlik, quvnoqlik, zukkolik, topqirlik yordamida turmushda uchrab turadigan kamchiliklar, talabalar hayotiga oid bahsli vaziyatlar, insonlar fe’l-atvoridagi nuqsonlar sahna ko‘rinishlari orqali ko‘rsatib berildi.
Jamoalar “Chempionlikka tayyormiz” mavzuida tanishtiruv, "Mahallada duv-duv gap" nomli savol-javob va “Yangi yilga yangi ohanglar” deb nomlangan musiqiy chiqish shartlari bo‘yicha o‘z bilim va ko‘nikmalarini yana bir bor sinovdan o‘tkazdi. Ular buyuk ajdodlarimizning boy merosi namunalari, pandu nasihatlaridan har bir ijodiy chiqishida unumli foydalanishga harakat qildi. Hakamlar hay’ati tayyorlangan sahna ko‘rinishlarining saviyasi, yoshlarning salohiyati, zukko va topqirligi, sahna madaniyati, aktyorlik mahorati, o‘zini tutishi, ravon nutqini baholab bordi.
– Bu tanlov o‘zimizga bo‘lgan ishonchni mustahkamlaydi,– deydi “Omadli jentlmenlar” jamoasi sardori Ozodbek Yo‘lliyev. – Do‘stlik, hamjihatlikni kamol toptiradi. Tanlovga tayyorgarlik jarayonida turmushimizda uchrab turadigan muammo, talabalik davridagi tesha tegmagan, qiziqarli hangomalarni izlashga, topishga harakat qildik. Umid qilamizki, jamoamizning chiqishi tomoshabinlarga manzur bo‘ladi.
Jamoalarning hazil-mutoyibali sahna ko‘rinishlari va teatrlashtirilgan tomoshalari yig‘ilganlar olqishiga sazovor bo‘ldi.
Tanlov yakunida g‘olib bo‘lgan Andijon qishloq xo‘jaligi institutining “Og‘alar” jamoasiga ko‘rik-tanlovning maxsus kubogi topshirildi.
O’zA