YUQORI MALAKALI MUTAXASSISLAR TAYYORLANMOQDA
















Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28

...Ustunlar tayanchini o‘rnatgach, mutaxassislar optik tolali kabellarni montaj qila boshlaydi. Atigi to‘rt soat davomida ustalar bir necha kilometr uzunlikdagi mana shunday kabellarni ulashi lozim. Kabel montajchisi Mirvali Qosimov kabellar orqali signal o‘tishiga hech narsa xalal bermasligi uchun ularning aniq va mukammal ulanishini sinchkovlik bilan kuzatmoqda. U Toshkent telekommunikatsiya texnologiyalari kasb-hunar kollejida zamonaviy ma’lumot uzatish tizimlari va kommunikatsiyalar bo‘yicha egallagan bilimini ustalik bilan amaliyotda qo‘llamoqda.
Mamlakatimizda eskirgan mis tarmoqlar zamonaviy optik tolali texnologiyalar bilan almashtirilmoqda. Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning 2012-yil 21-martdagi “Zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada joriy etish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori mazkur jarayonni yanada jadallashtirishda muhim dasturilamal bo‘lmoqda. Qarorga muvofiq, mamlakatimizda ma’lumotlar uzatish tizimi va kommunikatsiyalar yanada takomillashtirilmoqda, davlat organlari faoliyatiga elektron hujjat almashinuvi tizimi joriy etilmoqda.
Toshkent telekommunikatsiya texnologiyalari kasb-hunar kolleji aloqa va telekommunikatsiyalar sohasi uchun mutaxassislar tayyorlaydi. Ta’lim muassasasi rahbari Abduvaqqos Nazarovning aytishicha, bugungi kunda 730 nafar o‘quvchi tajribali o‘qituvchi va ishlab chiqarish ustalari rahbarligida ma’lumot uzatish tizimlarini ta’mirlash va ulardan foydalanish texnigi, radiouzatish, radioaloqa va televideniye vositalariga texnik xizmat ko‘rsatish va ularni ta’mirlash texnigi, teleradiouskunalarni ta’mirlash ustasi, komputer injiniring texnigi, maishiy texnika va kassa apparatlari ustasi kasblarini egallamoqda.
Aloqa va ma’lumotlar uzatish texnologiyalari jadal rivojlanayotganini inobatga olib, mutaxassislar tayyorlashda ta’lim muassasasi va mazkur soha bo‘yicha ishlaydigan korxonalar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ishlab chiqarish korxonalarida amaliyot mashg‘ulotlarini o‘tash uchun maxsus xonalar tashkil etilmoqda. Bu xonalarda o‘quv jarayoni “ustoz-shogird” an’anasi asosida tajribali ustozlar ishtirokida olib boriladi. Amaliyot davomida kollej o‘quvchilari o‘z bilimini boyitish bilan birga, oldindan mehnat sharoiti va bo‘lajak ish joyi bilan tanishish imkoniyatiga ham ega. Korxonalar ham istiqbolli yosh mutaxassislarni o‘zlariga tanlab olmoqda.
Ayni paytda Toshkent telekommunikatsiya texnologiyalari kasb-hunar kollejida tahsil olayotgan ikkinchi va uchinchi bosqich o‘quvchilarining aksariyati qator yirik korxona va tashkilotlar bilan to‘rt tomonlama shartnoma imzolagan. Bu amaliyotda o‘z qobiliyatini ko‘rsatgan o‘quvchilarga kafolatlangan ishga joylashish imkonini beradi.
O‘tgan o‘quv yilida kollejni 252 nafar mutaxassis tugatib, ularning 92 foizi ishlab chiqarish amaliyotini o‘tagan korxonaga ishga joylashdi.
– Tarmoqlarni ulashda texnologik jarayonlarni buzsak, buyurtmachilarimiz katta zarar ko‘rishi, iste’molchilar esa yuqori sifatli aloqa va tezkor axborot uzatish xizmatlaridan bahramand bo‘lmay qolishi mumkin, – deydi ikki nafar kursdoshi bilan birga “Energy Engineering Company” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga ishga qabul qilingan kabel montajchisi Mirvali Qosimov. – Shu bois, ishimizda tarmoqlarning turi, ularning tuzilishini bilish, yuqori aniqlikda o‘lchaydigan va maxsus payvandlash uskunalarini qo‘llay olish talab etiladi. Kasb-hunar kollejida tahsil davomida bunday bilimlarni puxta egalladim va ishlab chiqarish amaliyotida yanada mustahkamladim. Mehnat bilan bir vaqtda mustaqil ta’lim olayapman, kurslar, seminar va o‘quvlarga qatnashayapman.
Yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash maqsadida Toshkent telekommunikatsiya texnologiyalari kasb-hunar kollejida oltita ishlab chiqarish ustaxonasi va oltita laboratoriya tashkil etilgan. 50 nafar yuqori malakali o‘qituvchi va 11 nafar ishlab chiqarish ustasi o‘quvchilarga ta’lim bermoqda.
– Amaliy mashg‘ulotlar o‘quvchilarning kasbga oid ko‘nikmani amalda qo‘llashida qo‘l keladi, – deydi ishlab chiqarish ustasi Lochin Olmatov. – Yoshlarning qiziqishini oshirish maqsadida ularga turli ishlab chiqarish topshiriqlari beriladi. O‘quvchilar topshiriqlarni bajarish chog‘ida elektron uskuna va moslamalar bilan yanada puxta ishlashni o‘rganadi.
Mamlakatimizda jadal rivojlanayotgan axborot-kommunikatsiya texnologiyalari uchun mutaxassislar tayyorlash yurtimiz ta’lim tizimining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir.
O’zA