Birinchi slide После первого Ikkinchi slide Uchinchi slide To'rtinchi slide Beshinchi slide Oltinchi slide Ettinchi slide Sakkizinchi slide
Bosh sahifa Doimiy vakolatxona Xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik Yangiliklar/tadbirlar O’zbekiston haqida Galereya

YURIDIK XIZMAT FAOLIYATINI TUBDAN TAKOMILLASHTIRISH CHORA-TADBIRLARI TO’GRISIDA

SHAVKAT MIRZIYOYEV Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori O’zbekistonning Investitsion Salohiyat Uchrashuvlar Uchrashuvlar XMT doirasidagi xamkorlik XMT doirasidagi xamkorlik BMT Mingyillik rivojlanish maqsadlari BMT Mingyillik rivojlanish maqsadlari Press-relizlar Press-relizlar Vakolatxona yangiliklari Vakolatxona yangiliklari Rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasi Rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasi O'zbekiston Respublikasi Mustaqillik kuni O’zbekiston Respublikasi Mustaqillik kuni Inson huquqlari bo'yicha O'zbekistonning inson huquq kengashiga nomzod Inson huquqlari bo’yicha O’zbekistonning inson huquq kengashiga nomzod Sayyohlik Sayyohlik 8-Dekabr O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni 8-Dekabr O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni O'zbekiston matbuoti daydjestlari O’zbekiston matbuoti daydjestlari 2022 — 2026 ЎЗБЕКИСТОН СТРАТЕГИЯСИ ТЎҒРИСИДА 2022 — 2026 ЎЗБЕКИСТОН СТРАТЕГИЯСИ ТЎҒРИСИДА Конституциявий ислоҳотлар Конституциявий ислоҳотлар Boshqa yangiliklar va voqealar Boshqa yangiliklar va voqealar
hamma resurslarni ko'rsatish
YURIDIK XIZMAT FAOLIYATINI TUBDAN TAKOMILLASHTIRISH CHORA-TADBIRLARI TO'GRISIDA

O’zbekiston Respublikasi Prezidentining Qarori

O’tgan davr mobaynida mamlakatimizda davlat organlari, xo’jalik boshqaruvi organlari, davlat korxonalari, muassasalari va tashkilotlari (keyingi o’rinlarda — davlat organlari va tashkilotlari deb ataladi) faoliyatida qonun ustuvorligi va qonuniylikni ta’minlash yuzasidan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Qonunchilikka rioya etishda davlat organlari va tashkilotlarining norma ijodkorligi, shartnomaviy-huquqiy va talabnoma-da’vo ishlarini amalga oshiradigan yuridik xizmatlari ko’maklashadi.

Shu bilan birga, yuridik xizmatlarning xodimlari qonun buzilishining oldini olish hamda ular bo’yicha o’z vaqtida choralar ko’rish uchun yetarli va ta’sirchan vakolatlarga ega emasliklari sababli ularning faoliyati kutilgan samarani bermayapti.

Yuridik xizmatlarni tashkil etishning tartibi, ularning shtat birliklarini belgilash me’yor va mezonlarining mavjud emasligi turli davlat organlari va tashkilotlarida yuridik xizmatlarning tashkiliy shtat tuzilmasini oqilona belgilashni ta’minlashga imkon bermayapti.

Yuridik xizmatlar tomonidan huquqni qo’llash amaliyotini o’rganish va umumlashtirish, qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish ishlari samarali tashkil etilmagan. Mazkur sohadagi ishlar huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlar tomonidan aniqlangan kamchilik va qonun buzilishlarini bartaraf etishga qaratilgan choralarni ko’rish bilan cheklanmoqda.

Yuridik xizmat xodimlarining moddiy ta’minot darajasi mazkur sohaga oliy yuridik ma’lumot va amaliy tajribaga ega yuqori malakali kadrlarni jalb qilishga to’sqinlik qilmoqda, bu esa yuridik xizmatlar ishining sifatiga o’z ta’sirini o’tkazmoqda.

Davlat organlari va tashkilotlari faoliyatida qonuniylikni yanada mustahkamlash, demokratik va huquqiy islohotlarni amalga oshirishda yuridik xizmatlarning roli va javobgarligini izchillik bilan kuchaytirish maqsadida:

1. Davlat organlari va tashkilotlari yuridik xizmatlari faoliyatining asosiy yo’nalishlari etib quyidagilar belgilansin:

davlat organlari va tashkilotlarining huquqni qo’llash faoliyatida qonun ustuvorligi va qonuniylikni ta’minlashni tashkil etish;

davlat organlari va tashkilotlari tomonidan ishlab chiqilayotgan (qabul qilinayotgan) normativ-huquqiy va boshqa hujjatlar loyihalarining qonunchilikka muvofiqligi ustidan nazoratni olib borish;

davlat organlari va tashkilotlarining norma ijodkorligi faoliyatida ishtirok etish, qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan takliflarni tayyorlash masalalarida ularning tarkibiy tuzilmalari ishini muvofiqlashtirish;

davlat organlari va tashkilotlari xodimlarining huquqiy madaniyati va huquqiy savodxonligini oshirish, ularga qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyatini, shu jumladan, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari orqali yetkazishda ishtirok etish;

shartnomaviy-huquqiy va talabnoma-da’vo ishlarini yuritish, davlat organlari va tashkilotlarining mulkiy va boshqa manfaatlari ishonchli himoya qilinishini ta’minlash.

2. Belgilab qo’yilsinki:

davlat organlari va tashkilotlarida, shu jumladan, ularning hududiy tuzilmalarida, O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan minimal me’yor va mezonlarga asosan, majburiy tartibda yuridik -xizmatlar tashkil etiladi. Bunda yuridik xizmatning mavjud shtat birliklarining qisqartirilishiga yo’l qo’yilmaydi;

davlat organlari va tashkilotlarining yuridik xizmatlari xodimlariga adliya organlari xodimlariga belgilangan martaba darajalarini berish, ko’p yillik xizmat uchun ustamalarni to’lash tartibi tatbiq etiladi. Bunda xarajatlar davlat organlari va tashkilotlarining mablaglari hisobidan qoplanadi;

yuridik xizmat xodimi sifatidagi mehnat staji xodim boshqa davlat organlari, shu jumladan, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlariga ishga o’tganda, martaba darajalari va ko’p yillik xizmat ustamalarini to’lash uchun mo’ljallangan mehnat staji hisobiga olinadi;

davlat organlari va tashkilotlari tomonidan yuridik xizmat xodimlariga qonun hujjatlarida nazarda tutilmagan funksiyalar yuklatilishiga yo’l qo’yilmaydi;

davlat organlari va tashkilotlari yuridik xizmatlarining mazkur mutaxassislik bo’yicha uch yillik stajiga ega bo’lgan xodimlari litsenziya olish uchun advokat maqomiga ega bo’lishga talabgor shaxs sifatida malaka imtihonida tegishli stajirovka o’tamasdan ishtirok etish huquqiga ega;

davlat organlari va tashkilotlarining yuridik xizmatlari xodimlarining malakasini oshirish har uch yilda kamida bir marta amalga oshiriladi;

davlat organlari va tashkilotlarining yuridik xizmatlari xodimlari tegishli ravishda O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida va uning hududiy organlarida har uch yilda bir marta attestatsiyadan o’tadilar;

davlat organlari va tashkilotlarining yuridik xizmatlari tizimli ravishda tegishli soha faoliyatidagi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasining amalga oshirilishini tashkil etadi;

davlat organlari va tashkilotlari yuridik xizmat faoliyatiga shartnomaviy-huquqiy asosda advokatlarni jalb etish huquqiga ega.

3. Shunday tartib o’rnatilsinki, unga ko’ra:

davlat organlari va tashkilotlarining yuridik xizmatlari mazkur organlar va tashkilotlar ishtirokida vujudga keladigan nizolarni sudgacha hal etish yuzasidan majburiy tartibda choralarni ko’radilar;

buyruqlar, farmoyishlar, shartnomalar va yuridik xususiyatga ega bo’lgan boshqa hujjatlarning loyihalari huquqiy ekspertizani amalga oshirish uchun majburiy tartibda yuridik xizmatga taqdim etiladi;

jismoniy va yuridik shaxslarning huquq va erkinliklarini amalga oshirishga ta’sir etadigan davlat organlari va tashkilotlarining qarorlari yuzasidan majburiy tartibda yuridik xizmatning xulosasi olinishi lozim;

davlat organlari va tashkilotlarining qarorlari, ular mansabdor shaxslarining harakati yoki harakatsizligi yuzasidan berilgan shikoyatlar majburiy tartibda davlat organlari va tashkilotlarining yuridik xizmatlari tomonidan ham ko’rib chiqiladi;

davlat organlari va tashkilotlarining yuridik xizmatlari xodimlarini lavozimga tayinlash va lavozimdan ozod etish masalalari majburiy tartibda adliya organlari bilan kelishiladi;

adliya organlari yuridik xizmat faoliyatini tartibga soluvchi qonunchilik talablarini buzgan davlat organlari va tashkilotlarining rahbarlari hamda yuridik xizmatlari xodimlariga nisbatan intizomiy ish yuritishni qo’zgatish tashabbusi bilan chiqish huquqiga ega;

davlat organlari va tashkilotlarida har yili yuridik xizmatlarning mazkur davlat organlari va tashkilotlari faoliyatida qonun ustuvorligi va qonuniylik ta’minlanishi ahvoli to’grisidagi hisobоti eshitiladi;

yuridik xizmat xodimlari har chorakda sudgacha va sud tartibida davlat organi va tashkiloti foydasiga hal qilingan nizolar yuzasidan undirilgan summaning 5 foizi, biroq eng kam oylik ish haqining 50 barobaridan ko’p bo’lmagan miqdorda mukofotlanadi.

4. Quyidagilar:

Davlat organlari va tashkilotlarining yuridik xizmati to’grisidagi Nizom 1-ilovaga muvofiq;

Yuridik xizmat xodimlarining martaba darajalari to’grisidagi Nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

5. O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi yuridik xizmatlar faoliyatini muvofiqlashtirish va metodik ta’minlash, ularning xodimlarini attestatsiyadan o’tkazish va malakasini oshirish bo’yicha maxsus vakolatli organ etib belgilansin.

6. O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tizimida qo’shimcha 5 ta boshqaruv xodimi shtat birliklarini ajratish yo’li bilan Yuridik xizmatlarning faoliyatini muvofiqlashtirish va metodik ta’minlash boshqarmasi (keyingi o’rinlarda — Boshqarma deb ataladi), Qoraqalpogiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalarida esa, qo’shimcha 14 ta boshqaruv xodimi shtat birliklarini ajratish yo’li bilan tegishli shu’balar tashkil etilsin.

7. O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi ikki oylik muddatda:

Boshqarmani davlat organlari va tashkilotlarining yuridik xizmatlari bilan ishlash tajribasiga ega hamda o’zlariga yuklatilgan vazifalar ijrosini yuqori kasbiy darajada ta’minlay oladigan malakali kadrlar bilan to’ldirsin, shuningdek, uning zarur moddiy-texnika vositalari bilan jihozlanishini tashkillashtirsin;

O’zbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi bilan birgalikda Yuridik xizmat xodimining ish joyini moddiy-texnika jihatidan jihozlashga doir minimal talablarni tasdiqlasin;

O’zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda Adliya vazirligining rasmiy saytida joylashtiriladigan, davlat organlari va tashkilotlarining yuridik xizmatlaridagi bo’sh ish o’rinlari to’grisidagi yagona, hamma erkin foydalanishi mumkin bo’lgan ma’lumotlar bazasini yaratsin hamda uning muntazam ravishda yangilanib turilishini ta’minlasin.

8. O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi har yili O’zbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan moliyalashtiriladigan davlat organlari va tashkilotlarining xarajatlari smetalarida martaba darajalari hamda ko’p yillik xizmat uchun ustamalarni to’lash, shuningdek, mazkur qaror bilan belgilangan davriylikka rioya etgan holda, yuridik xizmatlar xodimlarining malaka oshirishlari uchun sarflanadigan xarajatlarni nazarda tutsin.

9. O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi uch oylik muddatda:

O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Mehnat vazirligi bilan birgalikda davlat organlari va tashkilotlarining yuridik xizmat xodimlari shtat birliklari yetarliligini, ularning amalga oshirilayotgan ishlar hajmiga muvofiqligini tanqidiy tahlil qilsin, natijasi bo’yicha yuridik xizmatlar xodimlarining shtat birliklarini qayta ko’rib chiqish, shuningdek, yuridik xizmat xodimlarining mehnatiga haq to’lash razryadlarini davlat organlari va tashkilotlari tegishli tuzilmalarining rahbarlariniki darajasiga qadar oshirish yuzasidan takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o’zgartish va qo’shimchalar to’grisidagi takliflarni kiritsin.

10. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish O’zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov hamda O’zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi A.A.Axmedbayev zimmasiga yuklansin.

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti
SH.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri, 2017 yil 19 yanvar

"Xalq so’zi" gazetasi