YURTGA MADADKOR BO‘LISH BAXTI
















Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28

Yoshlar ijod saroyida “Yosh tadbirkor – yurtga madadkor” loyihasi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
“Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki, tijorat banklari, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi, Fermerlar kengashi, “Hunarmand” uyushmasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda tegishli tashkilotlar vakillari, loyihaning mamlakat bosqichi ishtirokchilari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
“Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati markaziy kengashi raisi B.G‘aniyev, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi A.Shayxov va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, yoshlar uchun yangi ish o‘rinlari yaratish, ularni tadbirkorlikka keng jalb etishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi. “Yosh tadbirkor – yurtga madadkor” loyihasi navqiron avlodni ijtimoiy himoyalash, ularda ishbilarmonlik, bozor iqtisodiyoti sharoitida samarali faoliyat olib borish ko‘nikmalarini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2010-yil 28-iyuldagi “Ta’lim muassasalarining bitiruvchilarini tadbirkorlik faoliyatiga jalb etish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni, 2014-yil 6-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi ishlar samaradorligini oshirishda dasturilamal bo‘layotir.
2008-yildan buyon an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan mazkur loyihada 40 mingdan ziyod yosh ishtirok etdi. 9 mingga yaqin yosh tadbirkor 49 milliard 502 million so‘mdan ortiq imtiyozli kreditlar olishga muvaffaq bo‘ldi.
Joriy yil loyihada ishtirok etish uchun o‘n ming sakkiz yuzga yaqin yigit-qizdan arizalar kelib tushdi.
Loyiha doirasida Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida joylashgan “Kamolot” yoshlar oromgohida o‘tkazilgan uch kunlik o‘quv-seminarda yoshlarga malakali mutaxassis-trenerlar, tijorat banklari va hamkor tashkilotlarning mutaxassislari tomonidan tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga oid qonunlar, biznes-reja tuzish va uni ro‘yobga chiqarishda bank kreditlaridan foydalanish kabi masalalar yuzasidan tushuncha va tavsiyalar berildi.
O‘quv davomida yoshlarning sanoat, ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi, servis xizmati va boshqa ko‘plab yo‘nalishlarga oid biznes loyihalari, ishbilarmonlik ko‘nikmalari baholab borildi. Bunda taklif etilgan biznes-rejaning iqtisodiy ko‘rsatkichi, loyihaning samaradorligi hamda uning kredit maqsadlariga nechog‘li muvofiqligiga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbirda g‘olib deb topilgan 28 yosh tadbirkorga tijorat banklaridan imtiyozli kredit olish huquqini beruvchi diplomlar topshirildi. Yana besh ishtirokchi “Qishloqda xizmat ko‘rsatish va servis sohasini rivojlantirish”, “Eng yaxshi innovatsion loyiha”, “Eng ko‘p ish o‘rni yaratgan yosh tadbirkor”, “Ijtimoiy tadbirkorlikka yo‘naltirilgan loyiha”, “Xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirishga qaratilgan loyiha” nominatsiyalari bo‘yicha rag‘batlantirildi.
– Bunday e’tibor bizni yuksak maqsadlarga undaydi, – deydi Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti talabasi Muhiddin Rajabov. – Tanlovga ko‘mir briketi ishlab chiqarishga mo‘ljallangan mini-zavod ochish bo‘yicha loyihamni taqdim etgandim. Ushbu rejam munosib baholanib, g‘olib bo‘ldim. Endi tijorat bankidan beriladigan imtiyozli kredit hisobiga mini-zavod ochish, yangi ish o‘rinlari tashkil etish niyatidaman.
– Bugungi kunda atrof-muhit barqarorligi va aholi salomatligiga salbiy ta’sir etayotgan ekologik muammolardan biri chiqindilardir, – deydi tanlov g‘olibi, buxorolik Nasim Choriyev. – Yurtimizda chiqindilarni qayta ishlash va utilizatsiya qilish masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Loyihamda chiqindilarni qayta ishlash evaziga maishiy jihozlar ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan. Ushbu yo‘nalishda besh yildan beri faoliyat yuritib kelmoqdamiz. Olti nafar ishchimiz bor. Tijorat banklaridan oladigan 45 million so‘mlik imtiyozli kreditni yangi texnologiyalar xarid qilishga sarflaymiz.
– Tanlovda non va non mahsulotlarini zamonaviy texnologiyalar asosida ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish loyihasi bilan qatnashdim, – deydi navoiylik yosh tadbirkor Murodjon G‘iyosov. – Loyiha ma’qullanganidan xursandman. Uning amalga oshirilishi yangi sifat va turdagi mahsulotlar tayyorlash, o‘nga yaqin tengdoshlarimni ish bilan doimiy ta’minlash imkonini beradi.
Tadbirda estrada xonandalari va yosh ijrochilar ishtirokida konsert namoyish etildi.
O‘zA