ZIYORAT TURIZMI JADAL RIVOJLANADI
Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28
Qadimiy obidalar, muqaddas ziyoratgohlar, tarixiy va madaniy yodgorliklar bilan bir qatorda, betakror madaniyati va an’analari, xushmanzara tabiati hamda fayzli go‘shalari bilan sayyohlarni o‘ziga rom etib kelayotgan mamlakatimizda ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar turizm industriyasi hamda infratuzilmasini yanada rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Buni Jahon sayohat va turizm kengashi (WTTC) tomonidan “Sayohat va sayyohlik sanoatining iqtisodiy natijalari” bo‘yicha o‘tkazilgan tadqiqotlarda respublikamiz sayyohlik sohasi jadal taraqqiy topayotgan besh davlatning biri sifatida qayd etilgani misolida yaqqol ko‘rishimiz mumkin.
Darhaqiqat, turizm nafaqat iqtisodiy rivojlanish hamda yalpi ichki mahsulot hajmining ortishi, balki aholi bandligini ta’minlash, turmush darajasi va sifatini oshirish, yurt farovonligi va taraqqiyoti yuksalishiga ham katta ta’sir ko‘rsatadi. Mutaxassislarning hisob-kitoblariga ko‘ra, har 30 nafar sayyoh mamlakat turizmi sohasida bitta, unga turdosh tizimlarda esa ikkita yangi ish o‘rnini yaratishga turtki beradi.
Har yili yurtimizga dunyoning 70 davlatidan ikki millionga yaqin sayyoh tashrif buyuradi. Ular uchun madaniy-tarixiy turizm eng ommabop bo‘lib qolmoqda. Bundan tashqari, mavjud 500 dan ortiq turistik kompaniyalarning 110 dan ziyodi xalqaro yo‘nalishlarda izchil faoliyat olib borayotgani sayyohlarni yurtimizga keng jalb etishda muhim omil bo‘layotir.
Shu o‘rinda ta’kidlash kerakki, mamlakatimizda o‘tgan davr mobaynida sohani tartibga solish hamda uning huquqiy asoslarini mustahkamlash uchun zarur normativ-huquqiy baza yaratildi. Xususan, Prezidentimizning o‘tgan yil dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining turizm sohasini jadal rivojlantirishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni hamda “O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori sohada tub burilish yasalishiga, taraqqiyotda yangi sahifalar ochilishiga xizmat qilmoqda. Davlatimiz rahbarining joriy yil 16 avgustdagi “2018-2019 yillarda turizm sohasini rivojlantirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ushbu yo‘nalishdagi islohotlarni yanada kengaytirishda muhim ahamiyatga ega hujjat bo‘ldi.
Binobarin, qaror bilan tizimda me’yoriy-huquqiy tartibga solishni takomillashtirish va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, O‘zbekistonga sayohatlarni arzonlashtirish, yurtimizning barcha hududida turizmni va soha bilan bog‘liq infratuzilmani rivojlantirish, turistik mahsulotlarni diversifikatsiya qilish va yangi turizm ob’ektlari tashkil etish, shuningdek, milliy turizm mahsulotlarini ichki va tashqi bozorlarda faol va kompleks ilgari surishga qaratilgan 2018-2019 yillarda turizmni rivojlantirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.
Mazkur dasturga asosan, mamlakatimizning o‘ziga xos jihatlaridan kelib chiqib, zamonaviy dam olish hududlari, to‘rt yulduzli mehmonxona va mehmonxona majmualari, xorijiy turistlar uchun dam olish maskanlari, qolaversa, Buxoro va Samarqand shaharlaridagi turizm hududlari tajribasi asosida Urganch, Toshkent shaharlari va Farg‘ona viloyatida turizm hududlari, Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida tog‘ klasterlarini bosqichma-bosqich tashkil etish ko‘zda tutildi. Albatta, bu mamlakatimiz sayyohlik salohiyatini yanada yuqori bosqichga ko‘tarishda muhim o‘ringa ega.
Qaror bilan tasdiqlangan chora-tadbirlarning amalga oshirilishini muntazam o‘rganish tizimining joriy etilishi, Vazirlar Mahkamasi huzurida Muvofiqlashtiruvchi Kengash hamda hududiy kengashlarning tashkil qilinishi dasturdagi har bir vazifaning ijrosi belgilangan muddatda sifatli va to‘liq bajarilishini ta’minlaydi.
Ushbu hujjatga muvofiq, xorijlik turistlar uchun viza tartibоtini soddalashtirish va ziyorat turizmini tashkil etish bo‘yicha takliflarni muntazam kiritib borish hamda mazkur vazifani amalga oshirish bo‘yicha doimiy faoliyat yuritadigan ishchi guruhi tuzilmoqda. Bu, aytish mumkinki, yurtimizga tashrif buyurayotgan sayyohlarga yanada qulaylik tug‘diradi.
O‘z navbatida, davlatimiz rahbarining mazkur qarori “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining parlament quyi palatasidagi fraktsiyasi hamda partiya faollari zimmasiga ham katta mas’uliyat yuklaydi. Jumladan, partiyaning saylovoldi platformasida sayyohlik infratuzilmasini yanada rivojlantirish, transport va mehmonxona xizmatlari va sayyohlik logistikasi bilan bog‘liq xizmatlarning qulayligini oshirish, shuningdek, turistik faoliyat bilan shug‘ullanadigan sub’ektlarga shart-sharoitlar yaratish, xorijiy turistlar uchun viza tartibini soddalashtirish kabi muhim vazifalar aks etgan. Ochig‘i, ushbu yo‘nalishda hali ko‘p ishlar qilishimiz kerak. Bu borada fraktsiyamiz hamda partiyamiz faollaridan tashabbuskorlik, qat’iyat va shijoat talab etiladi.
Qarorda belgilangan chora-tadbirlarni hayotga samarali tatbiq etish iqtisodiyotimizni yanada rivojlantirish, mamlakatimizning boy tarixi, madaniyati, me’moriy yodgorliklari hamda noyob an’analarini butun jahonga tanitishga hamda O‘zbekiston dunyo davlatlari sayyohlari uchun eng sevimli turistik yo‘nalishlardan biriga aylanishiga xizmat qiladi.